Abdulahad Dovud
Abdulahad Dovud (arabcha: عبد الأحد داود – rohiblikdan musulmonlikni qabul qilgan va xristianlikka raddiya yozgan teolog)[1].
Abdulahad Dovud | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | 1886-yil |
Vafoti |
1930-yil |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | teolog |
Asl ismi – David Benjamin Xaldoniy. Eronning Urmiya shahridan.
Taʼlim
tahrirIlk sabogʻini oʻsha yerdagi Amerika kollejida olgan.
Xristianlik davri
tahrir1886-1889-yillar mobaynida Urmiyadagi Osuriy xristianlariga (Nasturiy xristianlarining katoliklikni qabul qilmaganlari) xitob qilgan Kanterburiy arxiyepiskopining oʻqituvchilaridan. 1892-yilda kardinal Vaugxan tomonidan Rimga yuborilgan. U yerda Propaganda Fide College katolik maktabida falsafa va ilohiyot tadqiqotlari darslarini tinglagan. Ayni vaqtda „The Tablet“ nomli jurnalda „Asur, Rim va Kanterburiy“, shuningdek, „Irich Record“ jurnalida „Tavrotning sihati“ nomli qator maqolalar yozgan. „Ave Maria“dan turli tillarga qilgan tarjimalari „Illustrated Catholic Missions“ jurnalida chop etilgan. 1895-yilda rohib boʻladi. Oʻsha yili Eronga safar qilish chogʻida Istanbul shahriga kelib, „The Levant Herald“ nashriyotida Sharq cherkovlari haqida ingliz va fransuz tillarida katta maqolasini nashr ettiradi. 1895-yilda Urmiyadagi fransuz lazaristik missiyasiga qoʻshiladi va ushbu missiya tarixida ilk marotaba muomalada boʻlgan suryoniy tilida „Qala-La-Shârâ“ („Haqiqat ovozi“) nomli jurnalga asos soladi.
Musulmonlik davri
tahrirAbdulahad Dovud 1898-yilda Eronga qaytib, Urmiya shahriga yaqin joylashgan tugʻilgan qishlogʻi Digalada pulsiz maktab ochadi. Bir yildan soʻng Sharq cherkovi arxiyepiskopi Xudobosh bilan lazarist ruhoniylari oʻrtasidagi ixtilofning kuchayishi sababli Selmas yeparxiyasining boshqaruvini qoʻlga olish uchun u yerga joʻnatiladi. U yerdagilarni katolik, anglikan va amerikan missiyalarining joylardagi suryoniy-xaldoniy jamoatiga qarshi xavfli munosabati haqida ogohlantiradi. 1899-yilda mazkur missiyalarga rus missiyasi ham qoʻshiladi. Amerika, Fransiya, Angliya, Germaniya va Rossiya missiyalarining qariyb yuz ming atrofidagi suryoniy-xaldoniylarni nestorianlikdan chiqarib oʻz cherkovlariga biriktirishlari David Benjaminning xristianlikka nisbatan fikrini oʻzgartirishiga va uning xristian muqaddas kitoblari asl matnlarini qayta oʻrganishiga sabab boʻladi. 1900-yilda Urmiya Sharq cherkovi arxiyepiskopiga rasmiy isteʼfo soʻrab xat yuboradi va rohiblik vazifasidan boʻshaydi. Cherkov xodimlarining Abdulahad Dovudni bu qaroridan voz kechishi uchun qilgan barcha urinishlari samarasiz ketadi. Abdulahad Dovud Tabrizda belgiyaliklar boshqaruvidagi Eron pochta va bojxona idoralarida bir necha oy taftishchilik qilganidan soʻng, oʻqituvchi va tarjimon sifatida valiahd shahzoda Muhammad Ali Mirzoning xizmatiga ishga olinadi. U 1903-yilda Angliyaga safar qilib unitarianizm (xristian dinidagi taslis (uchlik)ni rad etgan mazhab) jamoatiga qoʻshiladi. Bir yildan soʻng „Ingliz va ajnabiy unitarianlar birligi“ (British and Foreign Unitarian Association) tomonidan oʻz yurtidagi xalqqa taʼlim berish vazifasi bilan Eronga yuboriladi. Yoʻlda Istanbulda toʻxtaydi. U yerda shayxul-islom Jamoluddin Afandi hamda boshqa olimlar bilan olib borgan muzokaralar oqibatida musulmon boʻladi va Abdulahad Dovud ismini oladi.
1905-yil 19 sentabrda „Dor ash-shafaq“qa muallim va kommendant etib tayinlanadi. Biroq 1906-yilning 14-oktabrida bu vazifasidan olinadi. Bir muddat maorif taftish anjumanida ishlaydi. 1914-yil 16-mayda fatvo idorasi kotibligiga ishga kiradi. Shu yilning 30-avgustida „Jaridai ’ilmiyya“ majmuasining tahririyatiga tayinlanadi. Istanbuldagi hayoti tashvishlar bilan oʻtgan Abdulahad Dovud 1914-yilda mazkur vazifalaridan ayrilib, Amerikadagi oilalik qizining yoniga ketishga majbur boʻladi.
Vafoti
tahrirEʼtiqodini oʻzgartirib musulmon boʻlgani uchun atrofidagi xristianlar va qarindoshlari tomonidan yaxshi qabul qilinmagan, oʻz qizi tomonidan ham eʼtibor koʻrmagan Abdulahad Dovud qariyalar uyidan joy oladi va oʻsha yerda vafot etadi. Oʻlimi tarixi aniq boʻlmasa-da, 1926-1930-yillar orasida „Islamic Review“da nashr etilgan baʼzi maqolalariga asosan 30-yillarda ham hayot boʻlgani taxmin qilinadi.
Asarlari
tahrirIngliz, fransuz, italyan, lotin va fors tillarini bilgan Abdulahad Dovud musulmon boʻlganidan soʻng yozgan asarlaridan biri – „Injӣl va Salӣb“ (Istanbul, 1929-yil)da xristianlik eʼtiqodidan chiqishi sabablarini bayon qilgan. Tadqiqotlari natijasida, Isoning xochga mixlanishi, oʻliklar orasidan tirilgani haqidagi rivoyatlar uydirma ekani, toʻrt Injil Isoning asari emasligi, mazkur kitob uning davridan ancha keyin, havoriylar vafotidan koʻp yillar oʻtib yozilgani hamda bizgacha oʻzgartirilgan holda yetib kelganini maʼlum qilgan. U asarda „Muhammad sallallohu alayhi vasallamning haq paygʻambar ekanini butun vujudim ila eʼtirof etishga majbur boʻldim“ deb, samimiy eʼtirofini keltiradi.
Boshqa asari „Asrār Isavӣya“da (Istanbul, 1932-yil) xristian missionerining musulmon boʻlganini tushuntirar ekan, missionerlarning ichki dunyosini namoyon qiladi va ular eʼtiqodini tahlil qilish orqali faoliyat olib borgan oʻlkalaridagi salbiy taʼsirlari va zararlarini koʻrsatib beradi. Bu asar M. Shevket Aygi tomonidan baʼzi ilovalar bilan „Islomiyatning zafari“ nomi ostida nashr ettirilgan (1975-yil).
Turli davrlarda nashr qilingan maqolalari „Muhammad in the Bible“ nomi bilan bir jildda nashr ettirilgan (Doha, 1980-yil (hijriy 1400). Bu kitobni Nusrat Cham „Tavrot va Injilga koʻra Hazrat Muhammad“ (Tevrat ve İncil’e Göre Hz. Muhammed nomi bilan turk tiliga tarjima qilgan (Izmir, 1988-yil)[2].
Adabiyotlar
tahrir- Abdülahad Dâvûd. İncil ve Salîb. – İstanbul: 1329;
- Abdülahad Dâvûd. Esrâr-ı İseviyye. – İstanbul: 1332;
- Abdülahad Dâvûd. Muhammad in the Bible. – Doha: 1980, 7-10;
- Abdurrahim Zapsu. Büyük İslâm Tarihi. – İstanbul: 1955. I, 60, 64;
- Mehmet Aydın. Müslümanların Hristiyanlığa Karşı Yazdığı Reddiyeler ve Tartışma Konuları (doçentlik tezi, 1979). AÜ İlâhiyat Fak., 92;
- Sadık Albayrak. Son Devir Osmanlı Ulemâsı. – İstanbul: 1980. I, 54;
- Ömer Faruk Harman. „Abdülahad Dâvûd“. TDV İA. – İstanbul: 1988. I, 177-178.
Manbalar
tahrir- ↑ „АБДУЛ АҲАД ДОВУД“. 2023-yil 9-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 9-yanvar.
- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |