Tarjima

bir tildan boshqasiga oʻgirish

Tarjima — bir tildagi matnni boshqa tilda qayta yaratishdan iborat adabiy ijod turi. Tarjima - millatlararo muloqotning eng muhim koʻrinishi. Asliyat va qayta tiklangan matn xususiyatiga qarab badiiy tarjima, ilmiy tarjima va boshqa turlarga ajratiladi. Asl nusxani aks ettirish tarziga koʻra tafsir, tabdil, sharh kabi koʻrinishlarga ham ega boʻlishi mumkin. Tarjima qadimgi davrlarda, turli qabilaga mansub kishilar orasidagi oʻzaro aloqa, muloqot ehtiyoji tufayli yuzaga kelgan. Tilmochlik deb ataladigan bu ogʻzaki turi hozirda ham saqlanib qolgan.

Zamonlar osha tarjimaga boʻlgan talablar yangilana boradi. Ammo uning ijodiy xarakteri, qayta yaratish sanʼati ekanligi oʻzgarmaydi. Tarjimaning koʻlami va taraqqiyoti har bir xalqning maʼrifiy darajasiga bogʻliq va oʻz navbatida, u millatning ijtimoiy tafakkuriga samarali taʼsir etadi. ,,Tarjima" termini bir tildan ikkinchi tilga oʻgirish jarayonini, shuningdek, tayyor tarjima asarini anglatadi.

Badiiy tarjimaning asosiy xususiyati tilning badiiy vazifasidan kelib chiqadi. Til badiiy asarda estetik hodisa, sanʼat faktiga aylanadi. Adabiy asar tili — alohida ,,badiiy voqelik" unsuridir. Tarjimada ana shu obrazli ifodaviy tildagi badiiy maʼnoni boshqa tilning obrazli ifodaviy zaminiga oʻtkazish, obrazni obraz bilan qayta ifodalash jarayoni yuz beradi. Shuning uchun tarjimon asardagi voqealarning badiiy tafakkur jarayonini yangidan idrok etadi. Zamonaviy tarjima talablariga asosan tarjimon asliyatning sanʼat asari sifatida shakl va mazmun birligini qayta yaratishi, milliy va individual xususiyatlarini saqlashi lozim. Tarjimon ona tilining rivojlanish darajasi, tarjimachilik anʼanalari, tajribalariga suyanadi, turli xil tafovutlarning mavjudligini hisobga oladi. Tarjimonning ijodiy qobiliyati va bilimi uning imkoniyatlarini kengaytiradi. Tarjima jarayonida tarjimon hammavaqt oʻz ona tilida fikrlaydi, ona tili unga tahlil quroli, sinov mezoni boʻlib xizmat qiladi. Masalan, Nizomiyning ,,Xisrav va Shirin" dostonini oʻgirgan Qutb (,,...Nizomiy bolidan holva pishurdim") tarjima nusxa koʻchirish kabi bir ish boʻlmay, ijodiy jarayon ekanini, tarjimon esa boldan holva pishiruvchi mohir yozuvchi boʻlishi kerakligini aytadi. Turli davrlarda muayyan hududdagi adabiy muhit, ayniqsa, maxsus tarjima maktablarining yuzaga kelganligining oʻziyoq uning shakllangan tamoyillari, anʼanalari boʻlganligini koʻrsatadi.

Hozigi davrda har bir taraqqiy etgan xalq jahondagi yuzlab xalqlar tilidan oʻz ona tiliga ilm-fan va madaniyatning oʻnlab sohalariga oid materiallarni (lirik sheʼrlar, xabarlar, texnologiya adabiyoti va boshqalar) tarjima qiladi.

Tarjima nusxa koʻchirish emas; tarjimonning estetik ehtiyoji uning ixtiyoridan tashqari, Tarjimada iz qoldiradi. Yozuvchi hayot voqealaridan olgan mushohadalarini tilda badiiy ifodalasa, tarjimon asl matnini yangi til vositasida qayta gavdalantiradi. Buning uchun u asarda tilga olingan voqelikning muallif darajasida puxta bilishi kerak. Har bir xalq adabiyotining rivojlanishida Tarjimachilikning taʼsiri katta boʻladi, zero tarjima tarixi adabiyot tarixi bilan tengdosh. Oʻzbek adabiyotida ham tarjimachilik qadimdan rivojlangan. Mahmud Koshgʻariy, Rabgʻuziy, Qutb, Navoiy, Bobur, Munis, Ogahiy va boshqa ijodida tarjima katta oʻrin egallaydi.

20-asr oʻzbek yozuvchilaridan Choʻlpon, Gʻafur Gʻulom, Oybek, Abdulla Qahhor, Mirtemir, Shayxzoda, Mirzakalon Ismoiliy, Asqad Muxtor, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Ali va boshqa badiiy tarjima sohasida ham samarali ijod qilganlar. Badiiy tarjima sohasida Mirkarim Osim, N. Alimuhamedov, Sh. Shomuhamedov, K. Qahhorova, O. Sharopov, Sh. Tolipov, V. Roʻzimatov, Q. Mirmuhamedov, A. Rashidov, M. Hakimov, I. Gʻafurov, M. Mirzoidov, gʻ. Toʻrabekov, T. Alimov va boshqa professional tarjimon sifatida tanilganlar. Oʻzbek tilida ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy-siyosiy adabiyotlar Tarjimachiligida ham katta yutuqlarga erishilgan. Bunda R. Abduraxdyunov, V. Rahimov, A. Shomahmudov, 3. Tincherova kabi tarjimonlarning hissasi katta.

Tarjima amaliyotini, uning oʻziga xosliklarini, tarixini, tamoyillari, prinsip va krnuniyatlarini tarjimashunoslik fani oʻrganadi, tarjimonga oʻgirish uchun asar tanlash, tillararo tafovutlar hamda asliyatga xos boshqa xususiyatlarni, milliyadabiy anʼanalarni hisobga olgan holda ish tutishda yordam beradi. 20-asr oʻzbek adabiyotida tarjimashunoslik maxsus fan tarmogʻi sifatida yuzaga keldi va shakllandi. Choʻlpon, Sanjar Siddiq kabi mohir tarjimonlar nafaqat bu davr tarjima adabiyotini, ayni paytda tarjimashunoslik ilmini ham boshlab berganlar, tarjima haqida maqola va risolalar bitganlar.

Oʻzbekistonda tarjimashunoslik maxsus ilm sifatida oʻtgan asrning 2-yarmidan shakllandi. Asr oxiriga kelib, bu sohada 10 ga yaqin fan turi, 50 dan ortiq fan nomzodi yetishib chiqdi. Professor Jumaniyoz Sharipov tadqiqotlariga asosan adabiyotimiz tarixida tarjimaning oʻrnini koʻrsatishga bagʻishlangan boʻlsa, professor G'aybulla Salomov asosan zamonaviy tarjimashunoslik masalalari bilan shugʻullandi, tarjima jarayoniga til hamda adabiy anʼanalarning taʼsirini koʻrsatib berdi. Najmiddin Komilov esa mumtoz janrlarning oʻtmish va hozirdagi tarjimalarini tadqiq etdi.

Oʻzbek tarjimashunosligi asosan adabiy yoʻnalishda taraqqiy etgan. Tarjimaning insoniy jihatlari keyinroq — oʻzbek tiliga koʻpgina xorijiy tillardan bevosita oʻgirishga yoʻl ochilganidan soʻng rivojlana boshladi.

Zuhriddin Isomiddinov.