Abdulbosit Muhammad Abdussamad (arabcha: عبد الباسط محمد عبد الصمد — Abdulbosit Muhammad ibn Abdussamad ibn Sulaym,) — Qur’on hofizi, qori.

Abdulbosit Abdussamad
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi 1927-yil 1-yanvar
Vafoti 1988-yil 30-noyabr
Dini Islom
Tanilgan sohasi Qur’on hofizi, qori

O‘zbekistonda Abdulbosit Abdussamad nomi bilan tanilgan. O‘n yoshida Qur’onni yod olgan[1].

Bolalik yillari

tahrir

Qorilar ustozi, dovudiy ovoz sohibi Abdulbosit Muhammad Abdussamad 1927-yilda Misr janubidagi Qino viloyatiga qarashli Armant tumanidagi Muroaza qish­log‘ida dunyoga kelgan. Bobosi Abdussamad ham, otasi Muhammad Abdussamad ham Qur’on hofizi va tajvid bilimdoni sifatida tanilgan edilar. Onasi misrlik bo‘lgan. Akalari Mahmud bilan Abdulhamid ham hofiz bo‘lganlar. Abdulvosit Muhammad Abdussamad o‘n ikki yoshida Muhammad Salim tavsiya­si bilan Qino viloyatining turli joylarida Qur’on o‘qib yurdi. Uning noyob isteʼdodi mahalliy xalq orasida keng tarqaladi[2]

O‘n to‘rt yoshida Asfun al-matoinada Muhammad Salim Hamodadan Qur’on ilmi va qiroati sab’ani, keyinroq Qohirada al-Ma’had al-Azhariyya mudiri Abdulfattoh al-Qoziydan qiroati asharani o‘rgangan.

Abdulvosit Muhammad Abdussamad bu holatni quyidagicha eslaydi: „O‘n yoshga yetganimda Qur’oni karimni to‘liq yod olib bo‘lgan edim. Otam transport vazirligida ishlar, bobom esa olim edi. Ulardan Qur’on ilmlarini o‘rganmoqchi bo‘ldim, ammo ular ustoz Muhammad Salimdan taʼlim olish uchun Tanta muzofotiga borishimni aytishdi. Huzurlariga borib, Qur’oni karimni to‘liq o‘qib berdim. So‘ngra yetti xil qiroatga doir „Shātibiyya“ matnini yoddan aytib berdim“.

Sayohat

tahrir

1950-yilda Abdulvosit Muhammad Abdussamad Madinaga keladi. Sayyida Zaynab masjidida u Abdulaziz Zohir, Abdulfattoh ash-Shoshoiy, Mustafo Ismoil kabi mashhur qorilar bilan uchrashadi. Abdulvosit Muhammad Abdussamadga ham Qur’oni Karimdan o‘nta oyat o‘qishiga izn beriladi. Biroq, uning qiroati bir soatdan ortiqroq davom etadi.

1951-yilda Qohiraga borib, Sayyida Zay­nab, Imom ash-Shofe’iy, Imom al-­Husayn, Sulton Abu-l-A’lo va Imom ar-Rifo’iy jomelarida qorilik qiladi. O‘sha yili mamlakat bosh vazirining taklifi bilan Qohira radiosida Qur’on o‘qishni bosh­laydi. Yoqimli ovozi va o‘qish uslubi ko‘pchilikni o‘ziga jalb qilib, omma orasida shuhrat qozonadi hamda Qohirada yashab qoladi.

Mukofotlari

tahrir

Abdulvosit Muhammad Abdussamad uyushtirilgan turli diniy, milliy bayram va marosimlar munosabati bilan davlat rahbarlari, vazirliklar, maxsus tashkilotlarning taklifiga binoan O‘rta Sharq davlatlari, Afrikadan Uzoq Sharqqacha bo‘lgan islomiy mamlakatlar, AQSh va Yevropaning ayrim davlatlariga borib Qur’on o‘qigan. Borgan baʼzi mamlakatlarining davlat rahbarlari yoki vazirlari tomonidan turli mukofotlar bilan taqdirlangan. Uning Parij, London, Quddusda qilgan qiroatlarini eshitib lol qolgan bir qancha g‘ayrimuslimlar Islomni qabul qilish istagini bildirishgan. Shayx ko‘pgina davlatlar, xususan, Suriya, Livan, Senegal, Malayziya davlatlari mukofoti bilan ham taqdirlangan.

1952-yil, ramazon oyida Abdulvosit Muhammad Abdussamadga dunyo­ning turli mamlakatlaridan Qur’on­ni xatm qilish istagi bildirilgan takliflar kela boshlaydi. Takliflar orasida hech bo‘lmaganda bir marta tashrif buyurishi so‘raladi. Abdulvosit Muhammad Abdussamad shu yil otasi bilan birga haj qilish uchun Saudiya Arabistoniga boradi. Islom vatanida uning bu ziyoratini Allohning marhamati deb bilib, undan Qur’on qiroat qilib berishini iltimos qilinadi. U bu xayrlik ishga rozilik bildirib, Masjid al-Harom, Masjid an-Nabaviy hamda bir qancha masjidlarda Qur’on tilovat qiladi.

1982-yildan umrining oxiriga qadar Imom al-Husayn jomeida qori lavozimida ishlagan. 1983-yilda parlament tomonidan tashkil qilingan Qur’oni karim hofiz va qorilari uyushmasi (Niqobat muhaffiziy va qurro al-Qur’an al-Karim)ga rahbar etib tayinlanadi. Al-Maqori’ al-Misriyyada ham shayxlik qiladi.

Abdulvosit Muhammad Abdussamad Qur’oni karimni tilovat qilishda Misr uslubining yirik namoyan­dalaridan hisoblanadi. Dunyoning turli mintaqalaridagi musulmonlar uning qiroatini zavq va hayajon bilan tinglashgan. Xususan, baland ovozda uzoq tilovat qilishi bilan tanilgan. Abdulvosit Muhammad Abdussamad Qur’oni karimni Misr, Saudiya Arabistoni va Quvayt davlat radiolariga Osim qiroatining Hafs rivoyatida, Fos radiosiga esa, Nofeʼ qiroatining Varsh rivoyati bo‘yicha tartil uslubida to‘liq o‘qigan va qiroati magnit tasmalarga yozilgan[3].

Adabiyotlar

tahrir
  • Ahmad ash-Sharqoviy, Ismoil Abdurrazzoq. Savt mina-s-samā al-qārӣ ash-shayx Abdulbāsit Abdussamad. — Qohira: 1966;
  • Ahmet Özel. „Abdüssamed, Abdülbâsıt Muhammed“. TDV İA.- İstanbul: 1988.I, 300.

Manbalar

tahrir
  1. „Abdulbosit Abdussamad“.
  2. „Шайх Абдулбосит Абдуссамад“. 2023-yil 9-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 9-yanvar.
  3. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.