Abdulg‘ani Abdullayev
Abdulg‘ani Abdullayev (arabcha: عبد الغنى عبد الله — (28.04.1928, Farg‘ona viloyati — 19.02.1999, Toshkent) — din arbobi, ulamo.
Abdulg‘ani Abdullayev | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | 28-aprel 1928-yil |
Vafoti |
19-fevral 1999-yil |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | din arbobi, ulamo |
Abdulg‘ani Abdullayev (Shayx Abdulg‘aniy Abdulloh) Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumani Oltiariq qishlog‘ida tavallud topgan. 1945-1950-yillarda Mir Arab madrasasida tahsil olgan.
Mehnat faoliyati
tahrirAbdulg‘ani Abdullayev 1954-1957-yillarda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazoratida turli vazifalarda ishlay boshlaydi. 1957-1961-yillarda diniy idora rahbariyatining tavsiyasi bilan Misrning al-Azhar universitetida taʼlim olib qaytadi. Tinimsiz mehnati va o‘tkir zakovati tufayli arab, fors, ingliz, turk tillarini o‘rganadi va barcha jahon dinlarining yetuk bilimdoni bo‘lib yetishadi.
Abdulg‘ani Abdullayev 1961-1965-yillarda Mir Arab madrasasida talabalarga tafsir, aqoid, fiqh fanlaridan dars beradi. 1965-yilda Abdulg‘ani Abdullayev O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazoratiga mas’ul kotib etib tayinlanadi.
1948-yilda to‘xtab qolgan idora jurnali „Sovet Sharqi musulmonlari“ nomi bilan 1967-yilda qaytadan nashr etila boshladi. Abdulg‘ani Abdullayev ushbu jurnalning bosh muharriri etib tayinlanadi. U bosh muharrir vazifasida 1975-yilga qadar ishlaydi. 1975-1989-yillarda diniy nazorat raisi o‘rinbosari, 1989-1992-yillarda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi vazifasida faoliyat olib boradi.
1992-yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tashkil etilgach, Abdulg‘ani Abdullayev uning birinchi raisligiga tayinlanadi va bu lavozimda 1995-yilga qadar mehnat qiladi. Bu yillarda O‘zbekistondagi turli din vakillari o‘rtasida birodarlik rishtalarining mustahkamlanishi, ularning umuminsoniy manfaatlar yo‘lida birdamlikda harakat qilishlarida xizmatlari katta bo‘ldi.
1995-yilda O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida Xalqaro islom tadqiqot markazi ochildi va ushbu markazning birinchi direktori bo‘lib Abdulg‘ani Abdullayev tayinlandi. 1997-1999-yillarda esa O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari bo‘lib ishladi.
Ijodi
tahrirAbdulg‘ani Abdullayev o‘z ijodiy faoliyati davomida Imom al-Buxoriyning „Al-Jāmi’ as-sahӣh“ asarining birinchi jildini arab tilidan o‘zbek tiliga tarjima qildi. Ko‘plab yirik xalqaro anjumanlarda o‘zining ilmiy ma’ruzalari bilan qatnashgan, maqolalari deyarli barcha musulmon davlatlarida chop etilgan.
Mukofoti
tahrirU diniy ilmlar taraqqiyoti yo‘lidagi xizmatlari uchun al-Azhar universitetining „Buyuk xizmatlari uchun“ mukofoti bilan taqdirlangan. U o‘zining chuqur bilimi bilan olimlar orasida „tirik qomus“ nomini olgan[1].
Adabiyotlar
tahrir- Zamonamiz ulamolari. — T.: 2001. 72;
- O‘zbekiston ulamolari. — T.: „Movarounnahr“, 2015. 108-109; O‘zR MDA — 500, v-59.
Manbalar
tahrir- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |