Abdulla Avloniy

Maʼrifatparvar shoir, dramaturg, jurnalist, olim, davlat va jamoat arbobi.

Abdulla Avloniy (1878-yil 12-iyul, Toshkent — 1934-yil 25-avgust, Toshkent) — XIX asr oxiri XX asr boshidagi oʻzbek milliy madaniyatining mashhur vakillaridan biri, maʼrifatparvar shoir, dramaturg, jurnalist, olim, davlat va jamoat arbobi.

Abdulla Avloniy
Tavalludi 12-iyul 1878-yil
Vafoti 25-avgust 1934-yil(1934-08-25)
(56 yoshda)
Toshkent
Fuqaroligi Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi, SSSR va Turkiston general-gubernatorligi
Kasbi oʻqituvchi, shoir, dramaturg, jurnalist
Turmush oʻrtogʻi Salomatxon Islomova
Bolalari Savriniso Avlonova,
Karima Avlonova,
Kunduz Avlonova,
Hakima Avlonova,
Asadilla Avlonov,
Otaliq Avlonov,
Kenja Avlonov
Qarindoshlari Gavhar Zokirova (Avloniyning evarasi)
Mukofotlari

Bolalik va yoshlik yillari

tahrir

Avloniy 1878-yil 12-iyulida Toshkentda Mergancha mahallasida[1] toʻquvchilar oilasida tugʻilgan. Oilasidagi moddiy yetishmovchiliklar sababli bolaligidan suvoqchilik, gʻisht quyish, pechkachilik, binokorlik, duradgorlik kabi kasblar bilan shugʻullangan[2]. Bularning ortidan „Imoratchi usta“ degan nom oladi. U tarjimai holida bu haqida shunday yozgan: "12 yoshimdan Oʻqchi mahallasidagi madrasada dars oʻqiy boshladim. 13 yoshimdan boshlab yoz kunlari mardikor boʻlib ishlab, oilamga yordam qilib, qish kunlari oʻqir edim. 14 yoshimdan boshlab, oʻsha zamonga muvofiq har xil sheʼrlar yoza boshladim. Bu zamonlarda „Tarjumon“ gazetasini oʻqib, zamondan xabardor boʻldim". Oʻqchidagi eski maktabda, soʻng madrasada oʻqigan (1885—1895). Madrasani bitirib, maktabdorlik bilan shugʻullandi[3]. Orenburg, Qozon, Tiflisda chiqib turgan gazeta-jurnallarni kuzatib borgan[1].

Faoliyati

tahrir

Avloniy XX asr boshida jadidchilik harakatiga qoʻshildi. Toshkentdagi jadidlarning faol ishtirokchilaridan biri sifatida tanildi[1]. 1906-yildan sheʼrlari bilan matbuotda qatnasha boshlagan. Arab, fors, rus tillarini oʻrganib, bu tillarda ijod qilgan mutafakkirlarning asarlarini oʻqigan, baʼzilari (masalan, Lev Tolstoy, Konstantin Ushinskiy asarlari) ni oʻzbek tiliga tarjima qilgan. 1906-yilda. „Taraqqiy“, 1907-yilda oʻz uyida „Shuhrat“ gazetalarini chiqargan. Bu gazetalar yopib qoʻyilgach, 1908-yilda yashirin ravishda „Osiyo“ gazetasini nashr etdi. 6-sonidan soʻng hukumat bu gazetani ham taqiqlab qoʻygan. Avloniy birinchi boʻlib kimyo, geografiya, fizika va astronomiya fanlarini maktabda oʻqitish taklifini beradi[4]. Ilgʻor gʻoyalarni maktab orqali xalqqa tarqatishga harakat qildi: Toshkent shahrining Mirobod mahallasida mahalliy aholi bolalari uchun yangi usul maktabi ochib (1908), oʻzi ona tili va adabiyotdan dars berdi. 1909-yilda „Jamiyati xayriya“ tuzib, yetim bolalarni oʻqitgan. Shu yili „Adabiyot yoxud milliy sheʼrlar“ nomli toʻrt qismdan iborat sheʼriy toʻplamining birinchi juzʼini nashr ettirgan[1]. 1912-yilda Avloniy Toshkentning Degrez mahallasida ikki sinfli maktab ochgan. Bu maktabda dunyoviy fanlar oʻqitilishi bilan maktabxonalardan farq qilgan[5].

Avloniy yangi maktablar uchun qoʻllanma va oʻqish kitoblar yozib, nashr qildirgan (masalan, „Birinchi muallim“, 1911; „Ikkinchi muallim“, 1912; „Turkiy guliston yoxud axloq“, 1913; 4 juzd (qism) li „Adabiyot yoxud milliy sheʼrlar“ toʻplami, 1909—1915; „Maktab gulistoni“, 1915; „Mardikorlar ashuvlasi“, 1917 va boshqalar). Munavvarqori, Muhammadjon Podshoxoʻjayev, Tavallo, Rustambek Yusufbekov, Nizomiddin Xoʻjayev, Shokirjon Rahimiy kabi taraqqiychilar bilan birgalikda „Nashriyot“ (1914), „Maktab“ (1916) shirkatlarini tashkil etgan. Avloniy xalq ongini oshirish uchun teatr sanʼatidan ham foydalangan. U 1913-yilda „Turkiston“ nomli teatr truppasini tashkil etishda[3] va uning ishida faol qatnashgan. 1910—1916-yillarda bir qancha sahna asarlarini tarjima qildi va oʻzi sahnalashtirdi. Avloniyning sahna asarlari Toshkent, Fargʻona, Andijon, Qoʻqon, Xoʻjand kabi shaharlarda qoʻyilgan. Bu asarlarda XX asr boshlaridagi Turkiston hayotining keng manzaralari oʻz ifodasini topgan. Avloniy truppasida Mannon Uygʻur tarbiya topgan; truppa bilan Hamza, Ozarbayjon dramaturglari Uzayr Hojibekov, Ruhullo hamkorlikda boʻlgan. Oktyabr inqilobidan keyin xalqqa vaʼda qilingan erkinlikning berilmaganligi shoir ijodida tushkunlikning paydo boʻlishiga olib keldi („Xafalik soatda“ sheʼri, 1919)[5].

Avloniy 1917-yilda „Turon“ gazetasini nashr qildi. Gazetasida siyosiy va ijtimoiy voqealar yoritilgan. 1918-yilda Avloniy „Ishtirokiyun“ gazetasini tashkil etishda qatnashdi va uning muharriri boʻldi. 1919—1920-yillarda Shoʻro hukumatining Afgʻonistondagi siyosiy vakili[6] va konsuli. Afgʻoniston xalq taʼlimi vaziri[4]. „Kasabachilik harakati“ jurnali bosh muharriri (1921). 1921-yildan Avloniy maktablar ochish, xalqni savodxon qilish, oʻzbek xotin-qizlarini oʻqitish, oʻqituvchilar va ziyoli kadrlar tayyorlash ishlari bilan shugʻullandi. U 1923—1924-yillarda Eski shahardagi xotin-qizlar va erlar maorif bilim yurtlari (inproslar) da mudir, 1924—1929-yillarda Toshkent harbiy maktabida oʻqituvchi, 1930—1934-yillarda Oʻrta Osiyo davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) da[3] til va adabiyot kafedrasi mudiri, professori. Shu davrda u oʻzbek maktablarining 7-sinfi uchun „Adabiyot xrestomatiyasi“ tuzib, nashr ettirdi (1933). .Avloniy 1895-yildan[4] Hijron, Nabil, Indamas, Shuhrat, Tangriquli, Surayyo, Shapaloq, Chol, Ab, Chigʻaboy, Abdulhaq taxalluslari bilan tanqidiy va ilmiy maqola, 4000 misradan ortiq sheʼr ijod qilgan[5].

Asarlari

tahrir

„Advokatlik osonmi“ (1914), „Pinak“ (1916), „Biz va siz“ (1917), „Portugaliya inqilobi“, „Ikki muhabbat“, „Boʻron“ kabi pesalari, „Tulki ila qargʻa“ masali, „Mardikorlar ashulasi“, „Vatan“ (1916), „Maktab“, „Bogʻcha“, „Yalqov shogird tilidan“, „Togʻlardan bir manzara“, „Millatga xitob“, „Ishchilara tortuq“, „Koʻklam keldi“, „Tovush“ kabi sheʼrlari, „Maqsad va maslak“ (1908-yil 9-aprel), „Holimizga doir“ (1908-yil 14-fevral) kabi maqolalari, „Hasad balosi“ majoziy hikoyasi va boshqalar[2].

Vafoti

tahrir

Avloniy Toshkentda 1934-yil 25-avgustda 56 yoshida vafot etgan[3] va Botkin koʻchasidagi qabristoniga dafn qilingan[4].

Mukofotlari

tahrir

1927-yilda Mehnat Qahramoni unvoniga sazovor boʻlgan[1]. 2020-yilda „Buyuk xizmatlari uchun“ ordeni bilan taqdirlandi[7].

Xotira

tahrir

Avloniy qatagʻon qilinmagan, xalq dushmani sifatida qoralanmagan boʻlsa-da, lekin 1966-yilgacha uning ijodi oʻrganilmagan. Oʻlimidan soʻng asarlari chop etilmagan. Uning ijodini Begali Qosimov tadqiq etgan[8][9] va „Abdulla Avloniy“ asarini yozgan[10]. 1968-yilda Avloniy yodgorlik uy-muzeyi tashkil etilgan[11]. Toshkentda Avloniy nomidagi koʻcha, 2 ta mahalla[12], madaniyat uyi[13], miliy-tadqiqot intituti[14] mavjud. 2019-yilda Avloniyning Afgʻonistondagi missiyalari togʻrisida hikoya qiluvchi „Avloniy“ filmi premyerasi boʻlib oʻtgan[15]. Shoir Muhammad Ali oʻzining „Boqiy dunyo“ (1979) sheʼriy romanida Abdulla Avloniyni asar qahramonlaridan biri sifatida tasvirlagan[8]. Toshkentdagi Adiblar xiyobonida Avloniy haykali oʻrnatilgan[16][17].

Oilasi

tahrir

Avloniy 1900-yilda toshkentlik savdogarning Salomatxon ismli qiziga uylangan. Ularning 7 nafar farzandi boʻlib, ular: Savriniso, Karima, Kunduz, Hakima, Asadilla, Otaliq va Kenja[6].

Nashr qilingan asarlari

tahrir
  • Avloniy. „Toshkent tongi“. T., 1978.
  • Avloniy. Oʻson millat. T., 1993.
  • Avloniy. Turkiy guliston yohud axloq. T., 1992.
  • Avloniy. Afgʻon sayohati. Kundaliklar. „Sharq yulduzi“, 1990, 7-son.
  • Milliy uygʻonish. T., 1993.
  • Avloniy, Tanlangan asarlar, Ikki tomlik, „Maʼnaviyat“., T., 1998-yil

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 „Abdulla Avloniy (1878-1934)“. bilimlar.uz. Qaraldi: 2023-yil 28-avgust.
  2. 2,0 2,1 „Abdulla Avloniy. Muxtasar tarixi anbiyo va tarixi Islom & Abdulla Avloniy. Tanlangan asarlar. 1-2 jild“. kh-davron.uz (2020-yil 31-iyul). Qaraldi: 2023-yil 28-avgust.
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 „Abdulla Avloniy Hayoti va Ijodi“. tafakkur.net. Qaraldi: 2023-yil 28-avgust.
  4. 4,0 4,1 4,2 4,3 „Avloniy Abdulla“. arboblar.uz. Qaraldi: 2023-yil 28-avgust.
  5. 5,0 5,1 5,2 "Avloniy" OʻzME. A-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  6. 6,0 6,1   Абдулла Авлоний | Abdulla Avloniy YouTubeda // UZBEK TV
  7. „Maʼrifatparvar jadidlar “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi“. xs.uz. Xalq soʻzi onlayn gazetasi (2020-yil 30-sentyabr). 2023-yil 28-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 28-avgust.
  8. 8,0 8,1 „Abdulla Avloniy ning tarjimai holi • Kutubxonachi.uz“. kutubxonachi.uz. Qaraldi: 2023-yil 28-avgust.
  9. Oltinbek Olim 2022, s. 5.
  10. „Qosimov Begali“. arboblar.uz. Qaraldi: 2023-yil 28-avgust.
  11. „Toshkentliklar. Abdulla Avloniy – Shosh.uz | Nafaqat Toshkent haqida —“. shosh.uz. Qaraldi: 2023-yil 28-avgust.
  12. Toʻxliyev 2009, s. 31.
  13. Toʻxliyev 2009, s. 312.
  14. „O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 4963-sonli Qarori“. lex.uz (2021-yil 26-yanvar). Qaraldi: 2023-yil 28-avgust.
  15. „Авлоний (2019) – кино, описание, афиша“. afisha.uz. Afisha.uz. Qaraldi: 2023-yil 24-fevral.
  16. Statue of Abdulla Avloniy - Google Xaritalar, Google Xaritalar
  17. „Toshkent davlat pedagogika universiteti tomonidan Adiblar xiyobonida ochiq dars tashkil etildi“ (2020-yil 17-sentyabr). 2023-yil 29-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 29-avgust.

Adabiyotlar

tahrir
  • N. Toʻxliyev va boshqalar. Toshkent ensiklopediyasi. Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ davlat ilmiy nashriyoti, 2009 — 784-bet. 
  • Oltinbek Olim. Jadid adabiyoti namoyondalari: Abdulla Avloniy. „Zabarjad media“, 2022 — 432-bet. 

Havolalar

tahrir