Abdullayev Abdulhaq Oqsoqolovich (1918-yil 30-dekabr, Turkiston shahri) – rangtasvir ustasi. Oʻzbekiston xalq rassomi (1968-yil), Oʻzbekiston Badiiyot akadimyasi faxriy aʼzosi (1997-yil). Samarqand badiiy bilim yurtida (1931 – 1936-yillar) va Moskva badiiy institutida (1938–1941-yillar) taʼlim olgan. Ijodini manzara va portretlar chizish bilan boshlagan („Hovuz boʻyida“, 1932-yil; „Yoz“, 1937-yil; „Doʻstim portreti“, 1937-yil). Kishilarning holat va kayfiyati, maʼnaviy, yorkin qiyofalari mohirona ifodalangan portretlari bilan mashhur: „Abror Hidoyatov Otello roli-da“ (1946-yil), „Mannon Uygʻur“ (1946-yil), „Oybek“ (1949-yil), „Nazarali Niyozov“ (1949-yil), „Jiyan Shahlo“ (1959-yil), „Komil Yashin“ (1960-yil), „Navoiy“ (1973-yil), „YO. Toʻraqulov“ (1975-yil), „O. Sodiqov“ (1978-yil) va boshqa; shuningdek ruhiy dunyosi va kechinmalari ifodali tasvirlangan („Muallif portreti“, 1937-yil; „Muallifning qirgʻiz qalpok kiygan portreti“, 1980-yil; "Mu-allifning 15-asr kiyimidagi portreti, 1984-yil va boshqalar) bir qator avtoportretlar ham yaratdi. Manzaralar („Yomgʻirdan soʻng“, 1954-yil; „Bahor keldi“, 1955-yil; „Xumsonda“, 1961-yil va boshqalar), natyurmortlar („Olma“, 1962-yil; „Uzum va shaftoli“, „Qovun bilan xandalak“, 80-yillar va boshqalar) muallifi. 1957-yil Hindiston safari taassurotlari asosida bu oʻlka manzaralari („Tongda Tojmahal“), kishilari (I. Gandi, S. Ketchlu)ni etyud va kartinalarida aks ettirgan. 80-yillarda Oʻzbekistonning mashhur kishilarining portretlarini ishladi. Asarlari xalqaro koʻrgazmalarda namoyish kilingan. Navoiy portretini yaratish ustida izlanishlar mahsuli sifatida yuzaga kelgan asarlari Toshkentdagi Adabiyot muzeyida (1968-yil), Andijon adabiyot va sanʼat muzeyida (1969), Oʻzbekiston sanʼat muzeyida (1980-1984-yillar) va boshqa joylarda saqlanadi. Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1977-yil). „El-yurt hurmati“ ordeni bilan taqdirlangan (1998-yil). Ad.: A. Abdullayev: Albom reproduksiy, T., 1983-yil[1].

Abdulhaq Abdullayev
Haqiqiy ismiAbdullayev Abdulhaq Oqsoqolovich
Tavalludi 30-dekabr 1918-yil
Turkiston (shahar)
Mashhur suratlari Hovuz boʻyida
Mukofotlari Oʻzbekiston xalq rassomi

Manbalar

tahrir
  1. * OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil