Afv etish — Sud hukmi bilan jazo tayinlangan biror shaxsni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish yoki unga berilgan jazoni yengillatish. Odatda, davlat boshligʻining qarori bilan amalga kiritiladi. Oʻzbekiston Respublikasida sudning hukmi bilan jazo tayinlangan shaxslarni Prezident tomonidan afv etish va gunohlaridan oʻtishni anglatadi (Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 93-modda, 23-band). Afv etish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tasdiqlagan Nizomda nazarda tutilgan tartiblar va qoidalar asosida amalga oshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasida afv etish masalasi odatda, hukmlangan fuqaroning afv etishni soʻrab yozgan iltimosnomasiga asosan koʻrib chiqiladi. Iltimosnomadan tashqari: a) oʻlim jazosiga hukm qilingan, ammo afv etishni soʻrab iltimosnoma yozgan mahkumlarga oid mavjud materiallar; b) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisi va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining Oʻzbekiston Respublikasi sudlari tomonidan oʻlim jazosiga va boshqa jazo turlariga mahkum etilgan fuqarolarga nisbatan afv etishni qoʻllashni soʻrab kel-tirgan taqdimnomalar ham kuriladi. Sud hukmi bilan jazoga hukm etilganlarni afv etish oʻlim jazosini ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirish; asosiy va qoʻshimcha jazolarni toʻla yoki qisman oʻtashdan ozod qilish; jazo oʻtalmagan qismini yengilroqturi bilan almashtirish va sudlanganlikni olib tashlash yoʻli bilan amalga oshiriladi. Afv etishni soʻrab qilingan iltimosnoma sud hukmi qonuniy kuchga kirgandan soʻng koʻrib chiqiladi. Afv etish masalasini koʻrib chiqishda: sodir etilgan jinoyatning jamiyatga xavflilik darajasi va xususiyati, mahqumning shaxsini tavsiflovchi maʼlumotlar, uning xulqi, mehnatga munosabati, ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan koloniyada jamoat ishlarida qatnashishi yoki qatnashmasligi, jazo muddatining qanchasi oʻtalganligi, keltirilgan moddiy zarar miqdori va boshqa holatlar; jazo oʻtayotgan koloniya maʼmuriyati, jamoat tashkilotlari va jamoalarning mahkumga nisbatan fikri; yetkazilgan moddiy zararni tulashdan ozod etishni soʻrab qilingan iltimosnoma boʻyicha moddiy zarar yetkazilgan tashkilot, tuman (shahar) hokimligining fikri; harbiy sudlar tomonidan hukm qilingan mahkumlarning iltimosnomalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining fikri hisobga olinadi. Oʻlim jazosiga hukm etilganlar shu toʻgʻridagi hukm qonuniy kuchga kirganligi ularga eʼlon qilingan, hukmning yoki ajrimning nusxasi topshirilgan kundan boshlab 7 sutka ichida afv etishni soʻrab iltimosnoma bilan murojaat qilishga haklidir. Agar oʻlim jazosiga hukmlangan shaxs belgilangan muddatda afv etishni soʻrab iltimosnoma bilan murojaat qilmasa yoki shunday iltimosnoma qilishdan voz kechganini bildirsa, u holda belgilangan qoida asosida bu haqsa akt tuziladi. Iltimosnoma yoki akt iltimosnoma qabul qilingan yoki akt tuzilgan kundan boshlab 3 kundan kechiktirilmay Prezident devoniga yuborilishi shart. Oʻlim jazosi tayinlangan shaxsning afv etishni soʻrab bergan iltimosnomasi yoki uning afv etishni soʻrab iltimos qilishdan voz kechganlik toʻgʻrisidagi hujjatlar koʻrilib, hal qilingunga qadar oʻlim jazosi tayinlanganligi toʻgʻrisidagi hukm ijrosi toʻxtatib turiladi. Afv etish toʻgʻrisidagi iltimosnomalar va materiallar Prezident huzurida tuzilgan Komissiya tomonidan dastlabki tekshirishdan va muhokamadan oʻtadi. Agar Komissiya afv etish masalasini koʻrishda yigʻilgan hujjatlarni qoʻshimcha tekshirishdan utkazishni lozim topsa, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasiga oʻrganib chiqish va tegishli xul osa berish uchunyuboradi[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent 2000-yil

Havolalar

tahrir