Akademik — ayrim mamlakatlarda yuksak ilmiy unvon. Oʻzbekiston Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Badiiy akademiyasida akademiklar saylanadi. Akademiklik unvoni Oʻzbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Badiiy akademiyasi va boshqa ilmiy hamda oʻquv muassasalarining olim va ijodkorlari, shuningdek ayrim shaxslarga beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi

tahrir
 
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida akademiklar ilm-fanni jahon andozalari talablari darajasida yuksak ilmiy ahamiyatga ega boʻlgan ilmiy ishlar bilan boyitgan, ilmiy jamoatchilik tomonidan tan olingan maktab yaratgan, ilmiy yutuqlari mamlakatning intellektual va iqtisodiy salohiyatini rivojlantirish va kuchaytirishga javob beradigan, yoshi 65 dan oshmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan fan doktorlaridan saylanadi.

Fanlar Akademiyasi akademigi ilmiy tadqiqotlarda faol ishtirok etadi; tadqiqotlarning istiqbolli va ilgʻor yoʻnalishlarini shakllantiradi va fanning oʻzi saylangan sohasining yuksak ilmiy darajasi uchun mas’uddir; yuqori malakali ilmiy kadrlar va mutaxassislar tayyorlash ishlarida, ilgʻor ilmiy maktablarni shakllantirish va rivojlantirishda bevosita ishtirok etadi; yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlashda shaxsan erishgan yutuqlari, ilmiy asarlarini oʻz ichiga olgan ilmiy va ilmiy-tashkilotchilik faoliyati haqidagi yillik hisobotni hamda oʻzi saylangan fan sohasini rivojlantirishga oid taklif va tavsiyalarni har yilda Fanlar Akademiyasi ga taqsim etadi; Fanlar Akademiyasi Hay’ati, Fanlar Akademiyasi prezidenti, vitse-prezidentlari va bosh ilmiy kotibning topshiriqlarini bajaradi, Fanlar Akademiyasining Umumiy majlisi ishida faol qatnashadi.

Akademiklar Fanlar Akademiyasi ilmiy muassasalarida ilmiy tadqiqot ishlarini bajarish, Fanlar Akademiyasi ilmiy muassasalarida tanlovdan oʻtmasdan ilmiy lavozimlarni egallash, oʻzining ilmiy asarlarini nashr etish, Fanlar Akademiyasi Umumiy majlisi va Hay’atida koʻrib chiqish uchun ilmiy va ilmiy-tashkiliy masalalarni kiritish va ularning muhokamasida ishtirok etish, belgilangan tartibda akademiklikka nomzodlar koʻrsatish, vitse-prezidentlar huzuridagi Ilmiy kengashlar faoliyatida, ular fanning qaysi yoʻnalishiga taalluqli ekanligidan qatʼi nazar, ishtirok etish, vitse-prezidentlar huzurida ilm-fanning dolzarb yoʻnalishlari boʻyicha muayyan ilmiy kengashlar tuzish haqida takliflar kiritish huquqiga egadirlar.

Fanlar Akademiyasi akademiklari akademiklik unvoni uchun har oyda belgilangan gonorar oladilar va belgilangan huquq va imtiyozlardan foydalanadilar. Akademiklikka saylovlar Fanlar Akademiyasining Umumiy majlisi qaroriga muvofiq ochiq yoki yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkaziladi. Ovoz berishda qatnashgan Umumiy majlis aʼzolarining kamida 2/3 qismi ovozini olgan nomzodlar saylangan hisoblanadilar. Ixtisosliklar boʻyicha akademiklikka nomzodlar koʻrsatish huquqi akademiklar, ilmiy tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari ilmiy kengashlariga beriladi.

Fanlar Akademiyasida akademiyaning xorijiy aʼzosi unvoni ham mavjud. Fanlar Akademiyasining xorijiy aʼzolari ilmiy yutuqlari jahon va mamlakat ilm-fani, Oʻzbekiston Respublikasi xalq xoʻjaligi va madaniyati rivojiga ijobiy taʼsir koʻrsatgan, xalqaro hamkorlikka, tinchlik, barqarorlik ishiga va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga salmoqli hissa qoʻshgan xorijiy fuqarolardan saylanadi. Fanlar Akademiyasining xorijiy aʼzolari Hay’atning taqdimnomasiga binoan Fanlar Akademiyasining Umumiy majlisida ochiq ovoz berish yoʻli bilan saylanadi. Fanlar Akademiyasining xorijiy aʼzolari akademiklarga tegishli barcha huquqlardan foydalanadilar. Akademiyaning rahbariyatiga saylanish, akademiklarni saylashda ovoz berish, akademiklik unvoni uchun gonorar olish bundan mustasno.

O‘zbekiston Respublikasi Badiiy akademiyasi

tahrir

Oʻzbekiston Respublikasi Badiiy akademiyasida akademiklar milliy, tasviriy, amaliy sanʼat, dizayn, sanʼatshunoslik sohalarini yirik asarlari bilan boyitgan va oʻz ijodi, ilmiy, pedagogik faoliyati bilan soha taraqqiyoti uchun ulkan hissa qoʻshayotgan, oʻzbek madaniyati va sanʼatining kelajagi uchun munosib, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashda katta yutuqlarga erishgan, yoshi 65 dan oshmagan ijodkorlardan saylanadi. Badiiyot akademiyasi haqiqiy aʼzosi akademiya raisi, Boshqaruv kengashi va tegishli akademik boʻlimlarning qaror, buyruq, topshiriqlarini bajarishi, sanʼatni yuksak, yorqin ijodiy va ilmiy yutuqlar hamda kashfiyotlar bilan boyitishi, sanʼat yoki sanʼatshunoslik sohasining har tomonlama rivojlanishi uchun shaxsiy javobgarlikni oʻz zimmasiga olishi, sanʼat va sanʼatshunoslik sohalariga tegishli mutaxassislarni tayyorlashda bevosita qatnashishi lozim.

Badiiyot akademiyasi aʼzolari akademiya tarkibida yaratilgan sharoitlardan foydalangan holda ijodiy, ilmiy asarlar ustida ishlash, akademiyaning ijodiy, ilmiy, oʻquv muassasalaridagi mavjud ilmiy lavozimlarni tanlovda ishtirok etmagan holda egallash, ijodiy, ilmiy asarlarini taqdim etish, chop ettirish, akademiya boshqaruv kengashiga ijodiy, ilmiy, tashkiliy masalalar, takliflar bilan murojaat qilish va muhokamada ishtirok etish huquqiga egadirlar. Akademiklikka saylovlar Badiiy ijodkorlar uyushmasi majlisi va akademiyaning boshqaruv kengashida yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkaziladi. Ovoz berishda qatnashgan haqiqiy aʼzolarning kamida 50% ovozini olgan nomzodlar saylangan hisoblanadilar. Ovoz berishda boshqaruv kengashi aʼzolarining 2/3 qismi qatnashishi shart. Nomzodlarni davlat, jamoat tashkilotlari va xalqaro tashkilotlar, madaniyat va sanʼat sohasidagi oliy oʻquv yurtlari koʻrsatishi mumkin. Badiiyot akademiyasida akademiyaning faxriy va xorijiy aʼzosi unvonlari ham mavjud. Badiiyot akademiyasining faxriy aʼzosi etib vatan va jahon madaniyati, sanʼati oldidagi xizmatlari uchun yoshi 65 dan oshgan soha namoyandalari saylanishi mumkin. Badiiyot akademiyasining xorijiy aʼzosi jahon madaniyati, sanʼati taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan xorijiy arboblardan saylanadi. Akademiyaning dastlabki haqiqiy, faxriy va xorijiy aʼzolari badiiy ijodkorlar uyushmasi majlisi tavsiyalari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida koʻrib chiqiladi va tasdiqlanadi[1].

Manbalar

tahrir
  1. °OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil