Al-Hohiy
Al-Hohiy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | milodiy 1246-yil (hijriy 643-yil) |
Vafoti |
milodiy 1300-yil (hijriy 700-yil) Marokash |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | sayohatchi, tarixchi, qozi va faqih |
Al-Abdariy, Abu Muhammad al-Hohiy (arabcha: العبدري، أبو محمد الحاحي – Muhammad ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Ali ibn Ahmad ibn Mas’ud Abu Abdulloh (Abu Muhammad) al-Abdariy al-Hohiy) – sayohatchi, tarixchi, qozi va faqih.
Hayoti
tahrirAbu Muhammadning al-Hohiy nisbasi Magʻribning Suvayra shahridan 60 km uzoqlikda joylashgan Hoho shahriga nisbatan aytilgan. Al-Abdariy nisbasi Quraysh qabilasidan Bani Abduddor ibn Qusay ibn Kilobga borib taqaladi. U Marokashda qozidan taʼlim olgan. Mashhur shoir va tanqidchi adib boʻlib tanilgan.
Abu Muhammad al-Hohiy haj qilish maqsadida hijriy 688-yilda (milodiy 1289) ukasi Yahyo bilan sayohatga chiqadi. U safarini Shimoliy Afrika orqali Magʻribning Tilmison shahridan boshlaydi. Soʻng, Jazoir, Tunis va Tripolida boʻladi. Shuningdek, Iskandariya va Qohiradan oʻtib, Uqba (Iordaniyaning janubidagi shahar)ga va karvon bilan birga Hijozga kirib boradi. U yerdan Makka va Madinaga joʻnaydi. Safar nihoyasida Falastin orqali oʻz yurtiga qaytadi. Quddusda besh kun boʻlib, Badruddin ibn Jamoaning ilmiy majlislarida qatnashadi. Bir muddat Iskandariyada boʻlganidan soʻng, Magʻribdagi oʻz shahriga qaytadi.
Abu Muhammad al-Hohiy mazkur safari davrida bir qator olimlar bilan uchrashib, ilmiy majlislarda ishtirok etgan. U Muhammad ibn Solih al-Kinoniy ash-Shotibiydan Abu Amr ad-Doniyning „Al-Muvatto“, „At-Taysӣr“ va „Al-Muqannaʼ“ asarlaridan, Hasan ibn Muhammad at-Tibliydan (Tunisda) Ibn Asfur ash-Shibliyning „Al-Muqarrab fi-n-nahv“ kitobidan, Abu Jaʼfar al-Lubliydan (Tunisda) Abu Amr ad-Doniyning „Al-Muvatto“, „Jāmi’ at-Tirmizӣ“ va „Qasӣda ash-Shātibӣ fi-l-qirāat“ kitobidan, Abu Abdulloh ibn Hurayradan „Vafayāt al-mashāhӣr“ kitobidan, Abu-l-Abbos al-Gʻammozdan (Tunisda) „Jāmi’ al-Buxārӣ“, „Al-Muvatto“, „Sahӣh Muslim“, „Sunan Abӯ Dāvud“ va „Jāmi’ at-Tirmizӣ“ asarlaridan taʼlim olgan. Abdussalom ibn Muhammad al-Basriy as-Samardan Madinada bir qancha hadis eshitib, omma ijozasiga erishgan.
Asari
tahrirAbu Muhammad al-Hohiyning „Ar-Rihla“ („Safarnoma“) asarida tekisliklar, togʻlar, daryo va dengizlar, yovvoyi hayot sahnalari, shahar va yodgorliklarning tavsifi, Iskandariya mayogʻi, Misr ehromlari va Qubbatus-sahro kabi joylar haqida maʼlumotlar keltirilgan. Shuningdek, u asarda iqtisodiy, ijtimoiy va ilmiy sharoitlarni ham tasvirlagan. Oʻsha davr mashhur olimlarini tilga olgan. Shular qatori, oʻz hissiyotlarini sheʼrlari orqali bildirgan.
Gʻarblik sharqshunoslar, jumladan, fransuz sharqshunosi Sherbuno „Ar-Rihla“ asari maʼlumotlarga boy manba ekanini eʼtirof etgan.
Abu Muhammad al-Hohiyning „Ar-Rihla“ asarining qoʻlyozma nusxasi Misrning „Dor al-kutub al-Misriyya“ kutubxonasida 2218 raqam ostida saqlanadi. Shuningdek, mazkur asar 1968-yilda Marokashdagi Muhammad al-Xomis universitetida Muhammad al-Fosiy tomonidan tadqiq etilib, nashr etilgan[1].
Adabiyotlar
tahrir- Az-Zirikliy. Al-Aʼlām. VII, 32;
- Abdulhay al-Kattoniy. Fihris al-fahāris. – Bayrut: „Dor al-gʻarb al-islomiy“, 1982. II, 809;
- Kahhola. Mu’jam al-muallifӣn. – Damashq: 1957-61. XI, 244;
- Nihad M. Çetin. „Abderî, Ebû Muhammed“. TDV İA. – İstanbul: 1988. I, 67-68;
- Muh. Ben Cheneb-W. Hoenerbach. „al-Abdari“. EI2 (Ing.). I, 96.
Manbalar
tahrir- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |