Abu Muhammad Hasan ibn Yusuf al-Mustanjid (arabcha: أبو محمد حسن بن يوسف المستنجد), al-Mustadiy (arabcha: المستضيء بأمر الله) shoh nomi bilan mashhur (1142-yilda tugʻilgan – 1180-yil 27-martda vafot etgan) 1 170–1180-yillarda Bagʻdodda hukmronlik qilgan Abbosiy xalifa. 1170-yilda otasi al-Mustanjidning oʻrniga xalifalikka tayinlangan.

Al-Mustadiy
Xalifa
Amir al-Moʻminin

Al-Mustadiyning firuza shisha markasi
Bagʻdod xalifaligining 33-xalifasi
Bagʻdodda Bagʻdod xalifaligi
Saltanat 1170-yil 18-dekabr – 1180-yil 27-mart
Oʻtmishdoshi al-Mustanjid
Davomchisi an-Nosir li-dinillah
Tugʻilishi 1142-yil
Bagʻdod, Bagʻdod xalifaligi
Vafoti 1180-yil 27-mart (38 yoshda)
Bagʻdod, Bagʻdod xalifaligi
Turmush oʻrtogʻi Sayyida Zumurrud xotun
Banafsha bint Abdulloh al-Rumiyya
Sharaf xotun
Xtalj xotun
al-Abbosa
Farzandlari An-Nosir
Abu Mansur Hoshim
Toʻliq nomi
Abu Muhammad al-Hasan ibn Yusuf al-Mustanjid al-Mustadiy
Sulola Abbosiylar
Otasi al-Mustanjid
Onasi Gʻadda
Dini Islom, sunniylik

Hayoti

tahrir

1142-yilda tugʻilgan al-Mustadiy xalifa al-Mustanjid va uning arman kanizagi Gʻaddaning oʻgʻli boʻlgan[1]. Toʻliq ismi Hasan ibn Yusuf al-Mustanjid, kunyasi Abu Muhammad edi. Unga 5-xalifa Hasan ibn Alining ismi qoʻyilgan. 1170-yil 18-dekabrda otasi al-Mustanjid vafot etgach, xalifalik taxtiga oʻtirgan.

Al-Mustadiy hukmronligi oʻzining keng koʻlamli qurilish ishlari bilan mashhur. U Bagʻdodda X asrda Abbosiy xalifa al-Muktafiy (h. 902–908) tomonidan qurilgan at-Toj saroyini qayta qurganligi, shuningdek, uning hukmronligi davrida koʻplab masjidlar, maktablar, diniy vaqflar qurilishi boʻyicha katta loyihalar amalga oshirilganligi aytiladi. Al-Mustadiyning ikki turmush oʻrtogʻi Sayyida Banafsha va Zumurrud xotun xalifaning bu boradagi saʼy-harakatlariga, ayniqsa, samarali ravishda yordam bergan. Sayyida Banafsha hanbaliylik mazhabi izdoshi boʻlib, hijriy 570-yilda (milodiy 1174) Bagʻdodda oʻz nomi bilan atalgan koʻprik ham qurdirgan[2].

Al-Mustadiy vaqti-vaqti bilan mahalliy yurishlarni amalga oshirish uchun yetarli boʻlgan kichik bir kuch tomonidan qoʻllab-quvvatlangan. Salohuddin al-Ayyubiy oʻz hukmronligi davrida Fotimiylar xalifaligini tugatib, Misr sultoni etib tayinlangan va oʻzining Abbosiylarga sodiqligini eʼlon qilgan.

 
Xalifa al-Mustadiyning feruza shisha markasi, 1170–1180-yillar, Britaniya muzeyi.

1169-yil oxiriga kelib Salohuddin Nuriddin qoʻshinlari bilan birgalikda Dumyot yaqinida salibchilar va Vizantiyaning yirik qoʻshinini magʻlub etdi. Keyinchalik, 1170-yilning bahorida Nuriddin Salohuddinning iltimosi, shuningdek, Bagʻdodda joylashgan Abbosiy xalifa al-Mustanjidning daʼvatiga binoan Salohuddinning otasini Misrga joʻnatdi. Bunga sabab al-Mustanjid Salohuddinga raqib xalifani taxtdan tushirishida bosim oʻtkazishni maqsad qilgan edi[3]. Salohuddinning oʻzi esa Misrdagi hokimiyatini mustahkamlab, uni qoʻllab-quvvatlovchi harbiy bazani kengaytirib bordi. Salohuddin oʻz oila aʼzolariga mintaqadagi yuqori lavozimlarni bera boshladi. Shaharda sunniylik mazhabining molikiylik boʻlimi, shuningdek, al-Fustatda oʻzi eʼtiqod qiluvchi shofi’iylik mazhabi uchun ilmiy markaz qurishni buyurdi[3].

Misrda mustahkam oʻrnashib olganidan soʻng Salohuddin salibchilarga qarshi yurish boshlab, 1170-yilda Dorumni qamal qildi[3]. Quddus qiroli Amalric Dorumni himoya qilishda unga yordam berish maqsadida Templar garnizonini Gʻazzadan olib chiqdi, ammo Salohuddin 1187-yilda Gʻazzani egallab oldi. 1191-yilda Salohuddin Gʻazzada qirol Baldwin III tomonidan Templar ritsarlari uchun qurilgan istehkomlarni vayron qildi[4]. Shuningdek, oʻsha yili Aqaba koʻrfazining boshidagi orolda qurilgan Eilat salibchilar qal’asiga ham hujum qilib, qal’ani egallab oldi. Bu narsa musulmonlar dengiz flotining ushbu hududni kesib oʻtishi uchun xavf tugʻdirmadi, biroq musulmon kemalarining kichikroq guruhlarini bezovta qilishi mumkin edi. Shu sababli Salohuddin uni oʻz yoʻlidan tozalashga qaror qildi[3].

Imodiddinning yozishicha, Nuriddin Salohuddinga 1171-yilning iyun oyida maktub yozib, unga Misrda Abbosiylar xalifaligini qayta tiklashni taklif qilgan. Oradan 2 oy oʻtib, Salohuddin mamlakatdagi shia hukmronligiga keskin qarshi chiqqan shofi’iy faqihi Najmiddin al-Xabushoniyning qoʻshimcha yordami bilan ushbu taklifni qabul qilgan. Harakat natijasida bir qancha Misr amirlari oʻldirilgan, al-Adidga esa amirlarning unga qarshi isyon koʻtargani uchun qatl etilgani aytilgan. Bu voqealardan biroz oʻtib, al-Adid kasallikka chalingan yoki zaharlangan. Bemorlik chogʻida u Salohuddindan oʻzining yosh bolalariga gʻamxoʻrlik qilishini soʻrash maqsadida oldiga tashrif buyurishini soʻragan, biroq Salohuddin Abbosiylarga xiyonat qilishdan qoʻrqib, uning taklifini rad etgan va uning oldiga bormagan. Biroq keyinchalik u al-Adid aslida nima istayotganini tushunib, qilgan ishidan pushaymon boʻlganligi aytiladi[3]. Al-Adid oʻsha yilning 13-sentyabrida vafot etgan. Oradan 5 kun oʻtib, Qohira va al-Fustatda Abbosiylar xutbasi eʼlon qilingan va al-Mustadiy xalifa deya eʼlon qilingan[3].

Xalifa al-Mustadiy hukmronligi davrida[5] Ibn al-Javziy Bagʻdoddagi eng nufuzli shaxslardan biri sifatida eʼtirof etila boshlandi[5]. Al-Mustadiyning oʻzi ham hanbalizm tarafdori boʻlganligi sababli[5] Ibn al-Javziy Bagʻdod boʻylab uni targʻib qilish huquqiga ega edi[5]. Ibn al-Javziyning 1172–1173-yillarda qilgan koʻplab vaʼzlari uning Bagʻdoddagi eng yirik olim sifatidagi obroʻsini yanada mustahkamladi. Olim tez orada shu qadar qadrlana boshladiki, al-Mustadiy hatto saroy masjidida Ibn al-Javziy uchun maxsus supa (arabcha dikka) ham oʻrnatdi[5]. Uning olim sifatidagi darajasi keyingi yillarda ham oʻsishda davom etdi[5].

1179-yilga kelib, Ibn al-Javziy 150 dan ortiq asar yozdi va Bagʻdoddagi 5 ta ilm markazlariga bir vaqtning oʻzida rahbarlik qildi. Aynan oʻsha paytda Javziy xalifa al-Mustadiyga mashhur fiqh olimini Ahmad ibn Hanbalning (vafoti: 855) qabriga „Imom“ soʻzini oʻyib yozishni taklif qilgan edi[6].

Xalifa al-Mustadiy 1180-yilda vafot etdi va uning oʻrniga oʻgʻli an-Nosir taxtga oʻtirdi.

Oilasi

tahrir

Al-Mustadiyning Zumurrud xotun ismli turk kanizagi bor edi. U boʻlajak xalifa an-Nosirning onasi boʻlgan[7]. Zumurrud xotun 1202-yilning dekabr, 1203-yil yanvar[8] yoki 1203-yil yanvar-fevral[9] oylarida vafot etgan va Shayx Maʼruf qabristonidagi oʻz maqbarasiga dafn qilingan[10]. Al-Mustadiyning as-Sayyida Banafsha ismli yana bir kanizagi boʻlib[11], yunon millatiga mansub Abdullohning qizi edi. As-Sayyida al-Mustadiyning sevimli kanizaki hisoblangan[12]. U 1201-yil 27-dekabrda vafot etgan va Shayx Maʼruf qabristonidagi Zumurrud xotun maqbarasiga dafn qilingan[12]. Xalifaning yana bir kanizagining ismi Sharof xotun edi. Sharof xotun turk millatiga mansub boʻlib, shahzoda Abu Mansur Hoshimning onasi edi. Sharof xotun 1211-yil 27-dekabrda vafot etgan va Rusofa qabristoniga dafn qilingan[12]. Al-Mustadiyning bulardan tashqari Xtalj xotun va al-Abbosa ismli kanizaklari ham boʻlib, ularning ikkalasi ham turk boʻlgan[1].

Yana qarang

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 Rudainy. „The Role of Women in the Būyid and Saljūq Periods of the Abbasid Caliphate (339-447/9501055&447-547/1055-1152): The Case of Iraq“. University of Exeter (2015-yil 12-iyun). Qaraldi: 2024-yil 14-aprel.
  2. "The Revival of the Abbasids". The Abbasid Caliphate: A History p. 231. Tayeb El-Hibri. 2021. ISBN 9781107183247. https://books.google.com/books?id=FTMiEAAAQBAJ&dq=Seljuki+Khatun+and+al+nasir&pg=PA231. 
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 3,5 Lyons & Jackson 1982.
  4. Pringle 1993.
  5. 5,0 5,1 5,2 5,3 5,4 5,5 Laoust, H., „Ibn al-D̲j̲awzī“, in: Encyclopaedia of Islam, Second Edition, ed. P. Bearman, Th. Bianquis, C. E. Bosworth, E. van Donzel, W. P. Heinrichs.
  6. Ibn Kat̲h̲īr, Bidāya, Cairo 1351-8/1932-9, xii, 28–30
  7. Singer, A.. Constructing Ottoman Beneficence: An Imperial Soup Kitchen in Jerusalem, SUNY series in Near Eastern Studies. State University of New York Press, 2002 — 146-bet. ISBN 978-0-7914-5351-3. 
  8. al-Athīr, ʻIzz al-Dīn. Years 589-629/1193-1231, Crusade texts in translation. Ashgate, 2006 — 71-bet. ISBN 978-0-7546-4079-0. 
  9. Ohlander, Erik. Sufism in an Age of Transition: ʿUmar al-Suhrawardī and the Rise of the Islamic Mystical Brotherhoods, Islamic History and Civilization. Brill, 2008 — 92-bet. ISBN 978-90-474-3214-2. 
  10. Hann, G.. Iraq: The ancient sites and Iraqi Kurdistan, Bradt Travel Guides. Bradt Travel Guides, 2015 — 146-bet. ISBN 978-1-84162-488-4. 
  11. El-Hibri, T.. The Abbasid Caliphate: A History. Cambridge University Press, 2021 — 231-bet. ISBN 978-1-107-18324-7. 
  12. 12,0 12,1 12,2 al-Sāʿī, Ibn. كتاب جهات الأئمة الخلفاء من الحرائر والإماء المسمى نساء الخلفاء: Women and the Court of Baghdad, Library of Arabic Literature. NYU Press, 2017 — 66–68-bet. ISBN 978-1-4798-6679-3. 

Adabiyotlar

tahrir
Al-Mustadiy
Tavalludi: 1142 Vafoti: 1180-yil 30-mart
Sunniylik unvonlari
Oldingisi Musulmon xalifalar
Bagʻdod xalifaligi

1170-yil 20-dekabr – 1180-yil 30-mart
Keyingisi