Xalifalik — VII–VIII asrlarda arab istilolari natijasida Arabiston yarim oroli, Yaqin va Oʻrta Sharq, Shimoliy Afrika, Ispaniya, Markaziy Osiyo va Kavkazortini oʻz ichiga olgan davlat (qarang Arab xalifaligi). Ibn Xaldunning yozishicha, „johiliya arablari“ faqat diniy sifatdagi (paygʻambarlik, valiylik, kohinlik va hokazo) hokimiyatni tan olganlar. Shuning uchun ham hijratdan soʻng (622-yil) Madinada barpo boʻlgan va 630–632-yillarda butun Arabiston yarim orolini oʻz ichiga olgan tuzum islom diniga asoslangan, teokratik davlat shaklini olgan. Bu davlatning boshligʻi — Rasululloh — Allohning elchisi, ammo u abadiy emasligi paygʻambarning oʻzi tomonidan qayta-qayta taʼkidlab kelingan. Bu davlatni kelajakda boshqaradiganlar siyosiy usullardan foydalanishlari muqarrar edi, zero Muhammad — paygʻambarlarning oxirgisi (xotam ul-anbiyo). Birinchi boʻlib bu haqiqat Paygʻambar tomonidan anglandi. „Xalifalik mendan keyin ummatlarim ichida oʻttiz yil, soʻngra amirlik (podsholik) dir“, degan mazmundagi hadis aynan shu fikrni isbotlaydi. Darhaqiqat, Allohning nomidan (vahiy orqali) ummatini boshqargan Muhammad paygʻambar vafotidan soʻngra rahbarlikka ilohiy rahnamolik sifatiga ega boʻlmagan va bunga daʼvo ham qilmagan xalifalar kelgan. Sahobalar bundan keyin dunyoviy ishlarni oddiy inson hukmdor — amir boshqarishini tushunganlar. Makkalik va madinalik sahobalar — muhojirlar va ansorlar oʻrtasidagi bahs faqatgina ularning qaysi biri ana shu lavozimga saylanishi haqida borar edi. Abu Bakr Siddiqning Xalifatu Rasululloh — Alloh elchisining oʻrinbosari boʻlib saylanishi shundan dalolatdir. Aynan shu davrda hokimiyat vazifalarining (sud, moliya va hokazo) boʻlinishi va ularning, asosan, muhojirlar oʻrtasida taqsimlanishi yuz bergan. Bu jarayon, yaʼni davlat boshqaruv tizimi diniylik qiyofasini yoʻqotib, dunyoviy tus olishi 4 xalifa — Abu Bakr Siddiq (632-634), Umar ibn Xattob (634-644), Usmon ibn Affon (644-656) va Ali ibn Abu Tolib (656-661) davrida uzil-kesil amalga oshgan. Ular „al-Xulafo ar-Roshidun“ (toʻgʻri yoʻldan boruvchi xalifalar) degan nom oldilar.

Ali ibn Abu Tolib vafotidan soʻng davlatni boshqargan umaviy xalifalar (661-750) arab tarixiy adabiyotida „diniy tarbiyadan umuman yiroq“ shaxslar sifatida tavsiflanadilar. Xalifalar rasman diniy va dunyoviy yagonalikni mujassam etgan boʻlsalarda, lekin amalda jamiyatning diniy hayotiga taʼsir koʻrsatmasdilar. Diniy arboblar (muhaddislar, qorilar, mufassirlar, faqihlar) qatlami vujudga kelganki, endi diniy masalalar boʻyicha jamoatchilik fikrini xalifalar emas, balki aynan oʻsha arboblar shakllantiradigan boʻlganlar.

750-yilda Abbosiylar xalifaliga boshlangan. Umaviylardan farqli oʻlaroq Abbosiylar oʻz ismlariga Alloh soʻzini qoʻshib martabali laqablar oldilar, shu yoʻl bilan oʻz hokimiyatlariga teokratik tus berishga uringanlar. Lekin amalda ularning koʻpchiligi qoʻgʻirchoqqa aylanib qolib, boshqa qavmlar boshliqlari (masalan: Mahmud Gʻaznaviy), saljuqlar sultoni Toʻgʻrulbek, buvayhiylar amiri Ahmad kabilarga muboyaʼa (guvohnoma) berdilar va ularning hokimliklarini qonuniylashtirdilar. 9-asrdan eʼtiboran Abbosiylar xalifaligi parchalana boshlagan. Ispaniyada Kordova, Shimoliy Afrikada Fotimiylar xalifaligining vujudga kelishi xalifalik yakkayu yagona boʻlishi kerak degan tushunchaga yana bir bor zarba bergan.

XII asrda Turk sulolalari zaiflashib, Bagʻdod xalifaligi qisqa muddatga oʻz qudratini qayta tiklagan edi hamki, moʻgʻullarning qaqshatqich zarbasiga uchradi va 1258-yil Huloku oxirgi Bagdod xalifasi al-Mustaʼsimni qatl qilgan.

Shunday qilib, Abbosiylar xalifaligi moʻgʻullar tomonidan yoʻq qilindi. Ammo 1261-yil Misr mamluklarining sultoni Zohir Baybars dastlab oxirgi Bagʻdod xalifasining amakisi al-Mustansir, soʻng yana bir vakil al-Hakim birinchini Qohiraga keltirib, abbosiylar sulolasini davom ettirdi. Yuqorida zikr etilgan ikkala shaxsning ham haqiqatan abbosiylarga mansub ekanini oʻz vaqgida akademik V.V. Bartold qattiq shubha ostiga olgan edi. Qanday boʻlganda ham Qohiradagi Abbosiylar xalifaligi 1517-yil usmonli turklar tomonidan Misr bosib olingunga qadar davom etdi.

Oxirgi xalifa al-Mutavakkil III ni usmonli turk sultoni Salim I Istanbulga koʻchirgan va uning avlodlari Turkiyada Mustafo Kamol Otaturk tomonidan dastlab sultonlik (1922-yil), soʻng xalifalik (1924-yil) bekor qilinguniga qadar yashaganlar.

Manbalar

tahrir