Angliya banki (inglizcha: Bank of England) -Buyuk Britaniyaning davlat markaziy emissiya banki. 1694-yilda xususiy aksiyadorlik banki tarzida tashkil topgan. Dastlab eng yirik bankirlar uylari kapitalini markazlashtirdi, keyinchalik mamlakatning asosiy moliyaviy markaziga, davlatdagi banklarning bankiga aylandi. Birinchi jahon urushi (1914 — 1918)ga qadar Angliya banki banknotlarini oltinga almashtirish mumkin edi. 1946-yilda leyboristlar hukumati Angliya bankini natsionalizatsiya qildi, aksiya egalariga yiliga 12% daromad keltiradigan hukumat qimmatbaho qogʻozlari bilan tovon toʻlandi (dividendlar bergan daromad darajasida).Angliya banki parlament belgilaydigan doirada pul emissiyasi bilan shugʻullanadi, hukumatni moliyalaydi, davlat budjetining kassa ijrosini amalga oshiradi, mamlakatdagi va muxbir aʼzolik aloqalari boʻlgan koʻpgina xorijiy banklarning zaxiralarini asraydi, mamlakat banklari uchun hisob-kitob markazi; valyuta nazoratini olib boradi, banklarning kredit faoliyatini nazorat qiladi, foiz stavkalarini oʻzgartirish orqali pul bozorini tartibga soladi. Angliya banki boshqaruvchisi va direktorini hukumat tayinlaydi. 8 boʻlimi bor.

Angliya banki
Bank of England

Angliya banki binosi
Bosh qarorgohi Buyuk Britaniya bayrogʻi Birlashgan Qirollik London shahri Trednidl koʻchasi
Koordinatalari 51°30′51″N 0°05′19″W / 51.5142°N 0.0885°W / 51.5142; -0.0885
Tashkil etilgan yili 27-iyul, 1694-yil (330 yil avval) (1694-07-27)
Mulkchilik shakli Buyuk Britaniya hukumati, Davlat mulki[1][2]
Asosiy shaxslar Endryu Beyli
prezidenti (2020-yildan beri)
Markaziy banki Buyuk Britaniya bayrogʻi Birlashgan Qirollik
Valyutasi Funt sterling
Oltin-valyuta zaxiralari 101.59 milliard AQSh dollari[2]
Foiz stavkasi 4.50%[3]
Veb sayti bankofengland.co.uk (Ingiliz tilida)

Pul chiqarishi

tahrir

Bank 1694-yildan beri pul emissiya qilish faoliyati bilan shugʻullanadi. Banknotlar dastlab qoʻlda tayyorlangan, 1725-yildan boshlab qisman chop etilgan boʻlsa-da, kassirlar hali ham har bir banknotga imzo qoʻyishlari va ularni toʻlovga yaroqli qilishlari talab etiladi. Pullar 1825-yildan boshlab toʻliq mashinada chop etila boshlandi. 1928-yilgacha barcha pullar qora va boʻsh blankalarda chop etilgan „Oq pullar“ edi. 18-19 asrlarda nominal qiymati £1 va £2 boʻlgan oq pullar chiqarilgan. 20-asrda oq pullar £5 dan £1000 gacha boʻlgan nominallarda chiqarilgan.

19-asr oʻrtalarigacha tijorat banklariga oʻz pul belgilarini chiqarishga ruxsat berilgan va viloyat bank kompaniyalari tomonidan chiqarilgan pullar odatda muomalada boʻlgan [4]. 1844-yilgi Banklar nizomi toʻgʻrisidagi qonun bilan pullarni emissiya qilishni cheklash jarayoni boshlandi, yangi banklarga oʻz pul belgilarini chiqarish taqiqlandi, mavjud pul emissiya qilish huquqiga ega banklarga esa oʻz pullarining muomalasini oshirishga ruxsat etilmadi. Hududiy bank kompaniyalari yirik banklarni tashkil qilish uchun birlashganda, ularning oʻz pullarini chiqarish huquqi bekor qilindi va oxir-oqibat ingliz xususiy banknotlari yoʻqoldi va Angliya banki Angliya va Uels hududida pul emissiya qilish boʻyicha monopolga aylandi. 1921-yilgacha Angliya va Uels hududida oʻz pulini chiqargan oxirgi bank Fox, Fowler, and Company banki edi [5]. Biroq 1844-yilgi qonunning cheklovlari faqat Angliya va Uels banklariga taʼsir qildi va bugungi kunda Shotlandiyada uchta, Shimoliy Irlandiyada esa toʻrtta tijorat banki Angliya banki nazorati ostida pul emissiya qilishda davom etmoqda [6].

Birinchi jahon urushi boshlanishida, 1914-yili „Valyuta va banknotlar toʻgʻrisidagi qonun“ qabul qilindi, unga koʻra, Buyuk Britaniya Iqtisodiyot va moliya vazirligiga (HM Treasury) £1 va 10/- (oʻn shilling) qiymatidagi pullarni vaqtinchalik emissiya qilish huquqi berildi. Vazirlik tomonidan emissiya qilingan pullar toʻliq qonuniy toʻlov vositasi maqomiga ega boʻlib, Angliya banki ularni oltinga ayirboshlash majburiyatini olmagan. Ular fund sterling qadrsizlanishiga yoʻl qoʻymaslik va qurol-yarogʻ ishlab chiqarish uchun xom ashyo sotib olishga imkon berishi uchun muomaladagi oltin tangalarni almashtirdilar. Ushbu banknotlarda qirol Jorj V ning surati tushirilgan edi (Angliya banki banknotlarida 1960-yilgacha monarxlar surati tushirilmagan). Har bir banknotda quyidagi soʻzlar yozilgan edi:

BUYUK BRITANIYA VA IRLANDIYA – Valyuta kupyuralari har qanday miqdordagi toʻlovlar uchun qonuniy toʻlov vositasidir – Parlament tomonidan qabul qilingan qonunga (4 & 5 Geo. V c.14) muvofiq Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan emissiya qilingan.

Vazirlikning pullari 1928-yilgacha, „Valyuta va banknotlar toʻgʻrisidagi qonun“ banklarga pul emissiya qilish vakolatini qaytargungacha emissiya qilingan [7]. Angliya banki ilk marotaba 1928-yil 22-noyabrda oʻn shilling va bir funt nominalidagi pullar chiqarishni boshlagan.

Ikkinchi jahon urushi mobaynida, Germaniyaning Bernhard operatsiyasi 1943-yilda har oy nominal qiymati 5 va 50 funt sterling boʻlgan 500 000 dona qalbaki kupyuralar chiqarishga harakat qildi. Dastlabki reja Britaniya iqtisodiyotini izdan chiqarish maqsadida pullarni Buyuk Britaniyaga parashutda tushirish edi, ammo keyinroq Yevropa boʻylab faoliyat yuritayotgan nemis agentlari toʻlovlarni amalga oshirishda ushbu banknotlardan foydalanishi foydaliroq deb topildi. Garchi urush oxirida soxta kupyuralarning aksariyati ittifoqchilar tasarrufiga oʻtgan boʻlsa-da, soxta kupyuralar yillar oʻtib paydo boʻldi, bu esa 5 funt sterlingdan yuqori nominaldagi banknotlarning muomaladan chiqarilishiga olib keldi.

2006-yil Angliya bankiga tegishli boʻlgan 53 million funt sterling koʻproq banknotlar Kent grafligining Tombrij shahridagi ombordan oʻgʻirlangan [8].

Zamonaviy banknotlar shartnoma asosida Esseks grafligining Loton shahridagi De La Rue kompaniyasi tomonidan emissiya qilinadi [9].

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil



  1. „Freedom of Information – disclosures“. Bank of England. 2012-yil 3-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 29-sentyabr.
  2. 2,0 2,1 Weidner, Jan „The Organisation and Structure of Central Banks“ (PDF). Katalog der Deutschen Nationalbibliothek (2017). 2020-yil 28-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 9-may.
  3. „Interest rates and Bank Rate“. www.bankofengland.co.uk.
  4. „£2 note issued by Evans, Jones, Davies & Co“. British Museum. 2012-yil 18-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 31-oktyabr.
  5. „A brief history of banknotes“. Bank of England website. 2012-yil 4-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 31-oktyabr.; „Fox, Fowler & Co. £5 note“. British Museum. 2011-yil 2-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 31-oktyabr.
  6. „The Bank of England's Role in Regulating the Issue of Scottish and Northern Ireland Banknotes“. Bank of England website. 2019-yil 3-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 18-noyabr.
  7. Trevor R Howard „Treasury notes“. 2007-yil 5-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 12-oktyabr.
  8. „Record £53m stolen in depot raid“ (2006-yil 27-fevral). 2009-yil 2-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2014-yil 14-sentyabr.
  9. „Banknote Production“. bankofengland.co.uk. Bank of England. 2012-yil 10-martda asl nusxadan arxivlangan.