Tijorat banki – korxonalar, tashkilotlar, fuqarolarga universal bank xizmatlari (hisob-kitob, toʻlov operatsiyalari, qoʻyilmalarni jalb etish, omonatlarni saqlash, ssudalar berish, shuningdek, qimmatli qogʻozlar bozoridagi operatsiyalar) koʻrsatadigan yirik kredit muassasasi. Tijorat banki bank harakatlarini amalga oshirish uchun pul mablaglarini, asosan, qoʻyilmalar (omonatlar), banklararo kreditlar, oʻz aksiya va obligatsiyalarini chiqarish hisobiga shakllantiradi. Oʻzbekistonda dastlabki tijorat banklari Rossiya Oʻrta Osiyoni bosib olganidan keyin, 19-asr oxirlarida rus kapitali ishtirokida paydo boʻlgan va 1917-yildagi Oktyabr toʻntarishiga qadar faoliyat koʻrsatgan. 20-asrning 90-yillari boshidan, mustaqillikdan keyin respublikada Tijorat bankilari qayta paydo boʻldi.

Oʻzbekistonda Markaziy bank Tijorat banki faoliyati uchun litsenziya beradi va uning ishini nazorat qiladi. Tijorat banklari mulkchilikning turli shakllari asosida – davlat ishtirokidagi, davlat aksiyadorlik, ochiq va yopiq aksiyadorlik jamiyatlari tarzida tashkil etilgan. Respublika hududida 33 ta Tijorat banki, faoliyat koʻrsatadi (2003). Ulardan 2 tasi davlat banki, 3 tasi davlat aksiyadorlik Tijorat banki 12 tasi xususiy bank, 4 tasi chet el kapitali ishtirokidagi banklar va 1 tasi shoʻʼba bankdir. Mazkur banklarning respublika hududida faoliyat koʻrsatayotgan 800 dan ortiq, filiallari va 690 dan ortiq minibanklari bor. Respublikada 7 chet el Tijorat bankilari, 4 xalqaro moliya tashkilotlarining vakolatxonalari faoliyat koʻrsatadi. Tijorat banki faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining „Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida“ (1996, 25 apr.) qonuniga muvofiq tartibga solinadi.

Tijorat bankining yuridik shaxs sifatidagi maqomi

tahrir

Tijorat banki oʻzining xarajatlarini oʻzining daromadlari hisobidan moliyalashtiradigan va yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan kredit muassasasidir. Yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan chet ellik jismoniy va yuridik shaxslar bank muassislari boʻlishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasida bank muassislari bank aksiyadorlari tarkibidan u roʻyxatga olingan kundan boshlab 1 yil mobaynida chiqib ketish huquqiga ega emas. Tijorat bankining boshqaruv organlari boʻlib quyidagilar hisoblanadi:

  • Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi;
  • Bank Kengashi;
  • Bank Boshqaruvi.

Oʻzbekiston Respublikasida Bank kengashi aʼzolari kamida 5 kishidan iborat boʻlishi lozim. Aksiyadorlardan tashqari bank sohasi olimlari va mutaxassislari ham bank Kengashi aʼzolari boʻlishi mumkin. Boshqaruv bank Kengashi va aksiyadorlar umumiy yigʻilishi oldida hisobdordir. Tijorat banklariga quyidagi faoliyat turlari bilan shugʻullanish qatʼiyan man etiladi:

  • Ishlab chiqarish;
  • Savdo;
  • Sugʻurta.

Tijorat banki ham mahsulot yaratadi. Ammo, tijorat banki, sanoat korxonalaridan farqli oʻlaroq, nomoddiy shakldagi mahsulotlarni yaratadi. Masalan, kredit mahsuloti. Bank tomonidan berilgan kreditni koʻz bilan koʻrib boʻlmaydi. Chunki, u moddiy koʻrinishga ega emas. Faqat kredit hisobidan sotib olingan tovarni koʻz bilan koʻrish mumkin. Tijorat banklari mulk shakliga koʻra quyidagi turlarga boʻlinadi:

  • Davlat banklari;
  • Aksiyadorlik – tijorat banklari;
  • Xususiy banklar;
  • Xorijiy kapital ishtirokidagi banklar.

Tijorat banklari mijozlarining xarakteriga koʻra quyidagi turlarga boʻlinadi:

  • Ulgurji banklar;
  • Chakana banklar;
  • Aralash banklar.

Tijorat bankining funksiyalari

tahrir

Vaqtinchalik boʻsh turgan pul mablagʻlarini toʻplash funksiyasi. Tijorat banklari yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan va vaqtinchalik boʻsh turgan pul mablagʻlarini jalb qiladi. Bunda, asosan, boʻsh turgan pul mablagʻlari tijorat bankining depozit hisobraqamlariga jalb qilinadi va bankning qimmatli qogʻozlarini ularga sotish yoʻli bilan jalb qilinadi. Tijorat banklari emitent sifatida quyidagi qimmatli qogʻozlarni muomalaga chiqaradi.

Toʻplangan pul mablagʻlarini transformasiya qilish funksiyasi. Tijorat banklari tomonidan toʻplangan pul mablagʻlari asosan ikkita yoʻnalishga transformasiya qilinadi.

  • Kreditlar sifatida joylashtiriladi.
  • Qimmatli qogʻozlar sotib olishga yoʻnaltiriladi.

Pul aylanmasini tashkil qilish va boshqarish funksiyasi. Ushbu funksiya doirasida tijorat banki.

  • yuridik va jismoniy shaxslardan naqd pullarni qabul qilib oladi va ularga naqd pullarni beradi;
  • naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshiradi;
  • muomalaga plastik kartalarni chiqaradi va ular orqali toʻlovlarning oʻtishini tashkil qiladi;
  • tijorat veksellarini muomalaga chiqaradi (moliyaviy veksellar) va korxonalar tomonidan chiqarilgan tijorat veksellarini oʻzining diskont stavkasi boʻyicha sotib oladi.

Tijorat banki operatsiyasi

tahrir

Anʼanaviy bank mahsulotlari:

  • Depozitlar;
  • Kreditlar;
  • Qimmatli qogʻozlarga investisiyalar;
  • Qimmatliklarni saqlash;
  • Valyuta ayirboshlash;
  • Hisob-kitoblar.

Noanʼanaviy bank mahsulotlari:

  • Faktoring;
  • Forfeyting;
  • Trast;
  • Kafolat;
  • Boshqa mahsulotlar.

Tijorat banklarining passsiv operatsiyalari

tahrir

Tijorat bankining passiv operatsiyalari deganda bankning kapitalini shakllantirish va resurslar jalb qilish operatsiyalariga aytiladi. Dunyoning 150 dan ortiq mamlakatida, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasida, tijorat banklarining kapitali tarkibini shakllantirishda Bazel' qoʻmitasining talablaridan foydalaniladi[1].

Tijorat banklarining aktiv operatsiyalari

tahrir

Tijorat banklarining aktiv operatsiyasi deganda foyda olish va oʻzining likvidliligini taʼminlash maqsadida resurslarini joylashtirish operatsiyasiga aytiladi[2].

Aktiv operatsiyalar turlari:

  • Kredit operatsiyalari
  • Investisiya operatsiyalari
  • Valyuta operatsiyalari
  • Kassa operatsiyalari
  • Hisob-kitob operatsiyalari
  • Kassa operatsiyalari

Tijorat banklari aktivlarining asosiy qismini, yaʼni 75-80 foizini berilgan kreditlar va sotib olingan qimmatli qogʻozlar tashkil etadi. Bu esa, kredit operatsiyalari va qimmatli qogʻozlarni sotib olish operatsiyalarini banklarning asosiy operatsiyalari ekanligidan dalolat beradi.Korporativ qimmatli qogʻozlar bilan amalga oshiriladigan operatsiyalar yuqori riskli boʻlganligi sababli tijorat banklari qimmatli qogʻozlar portfelini diversifikasiyalashga katta eʼtibor beradilar. Shuningdek, Markaziy banklar tijorat banklarining qimmatli qogʻozlar bilan amalga oshiriladigan operatsiyalariga nisbatan cheklovlar oʻrnatadi.

Manbalar

tahrir
  1. „Tijorat banklarining kapitali“ (uzbek) (2015-yil 13-iyul). Qaraldi: 22-iyul 2024-yil.
  2. „Tijorat banklarining aktiv va passiv operatsiyalari“ (uzbek) (2023-yil 21-may). Qaraldi: 22-iyul 2024-yil.




Havolalar

tahrir