Armais Aristagesovich Akovbyan (1900-yil, Tabriz, Fors (Eron) — 1974, Toshkent) — atoqli sovet olimi, dermatolog-shifokor, venerolog, tibbiyot fanlari doktori (1937), professor (1940). Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1960). Oʻzbek dermatovenerologlar maktabining asoschisi.

Tarjimai hol

tahrir

A.A.Akovbyan 1900-yil 2-martda Tabriz (Eron) shahrida xizmatchi oilasida dunyoga keladi. Asr boshida uning oilasi Ashxobodga oʻtkaziladi, u yerda Armais Aristagesovich oʻzining bolaligi va yoshligi, xotirasiga koʻra, hayotidagi eng yorqin va zavq-shavqli pallalarini xotirlaydi. Shunday boʻldiki, u Ashxobod shahridagi erkaklar klassik gimnaziyasida iste’dodli va gʻayratli oʻquvchilar bilan bir sinfda oʻqiydilar: bastakor S.A.Balasanyan, gematologiya professori M.G.Abramov, mashhur sharqshunos olim M. G.Aslanov, birinchi pusht-ruscha lugʻat muallifi, Fargʻona vodiysida endemik boʻqoq kasalligining sababini aniqlagan jarroh, professor S.A.Ma’sumov va boshqalar. Bularning barchasi A.A.Akovbyanning xarakteri va shaxsiyatining shakllanishiga ta’sir qilmasdan qolmasdi. U musiqani xush koʻrar, gimnaziya orkestrida karnay chalar, gimnaziya teatrining havaskor spektakllarida ishtirok etgan, nemis va lotin tillarini mukammal bilgan.

1919-yilda gimnaziyani tugatgach, Armais Aristagesovich oʻz istagi bilan Qizil Armiya safiga qoʻshildi, 1920-yilda Turkiston Davlat universitetining yangi tashkil etilgan tibbiyot fakultetining birinchi kursiga oʻqishga kirdi. Tashkilotchilar va birinchi oʻqituvchilar Rossiyadan kelgan dunyoga mashhur olimlar va shifokorlar: P.F.Borovskiy, V.F.Voyno-Yaseneskiy, A.N. Kryukov va boshqalar edi.

1926-yilda universitetni tugatgandan soʻng, A.A.Akovbyan tanlov asosida teri-tanosillar shifoxonasiga ordinatur sifatida qabul qilindi. 1930-yildan boshlab teri-tanosillar kafedrasiga assistent etib saylandi va u yerda 44 yil shifokor boʻlib ishladi.

A.A.Akovbyanning teri-tanosil kasalliklari boʻyicha mutaxassisi boʻlib shakllanishida professorlar I.S.Milman va A.I.Kartamishevlar mehnati yotadi. Rossiyada va xorijda mukammal ta’lim olgan bu olimlarning har ikkisi ham uning nafaqat yetuk mutaxassis, balki yuksak madaniyatli, dunyoqarashi keng va leberallikka ega shaxs sifatida ham hayotda va ham fanda tarbiyalanishida hal qiluvchi iz qoldirgan. 1935-yilda tibbiyot fanlari nomzodligini yoqlamasa ham honoris causa ilmiy darajasi berildi. 1937-yilda A.A.Akovbyan „Immunodiagnostika va shankrning immunoterapiyasi“ mavzusida doktorlik dissertasiyasini himoya qildi.

1938-yilda A. A.Akovbyan Markaziy dermatovenerologiya institutining dermatologiya boʻlimida va Birinchi Moskva tibbiyot institutining dermatovenerologiya kafedrasida ijodiy xizmat safarida edi. Kafedra mudiri prof. P.S.Grigorev yosh fan doktoriga kafedrada assistent oʻrnini taklif qildi, ammo u buning uddasidan chiqolmadi. 1938-yil may oyida Toshkentga qaytib kelgach, A.A.Akovbyan “xalq dushmani va aksilinqilobiy yashirin tuzilmalar tashkilotchisi” degan tuhmat bilan hibsga olindi. Soʻroq va qiynoqlar bu nihoyatda xushmuomala va muloyim odamni sindira olmadi: u na bir qogʻozga imzo qoʻydi, na boshqalarga ham qarshi guvohlik berdi.

A.A.Akovbyan hayotining ushbu qiyinchilik davrida taqdir uni yana ustozlaridan birini bir kamerada yuzma-yuz qildi: arxiyepiskop Luka (dunyoda prof. V.F.Voyno-Yaseneskiy) 7-sonli kamerada saqlangan. Aynan uning sobitqadamligi, har kungi suhbatlari va duolari mahbuslarning koʻpchiligi musulmon boʻlishiga qaramay, ularning ruhini sindirmaslikka dalda berdi. 20 oy oʻtgach, sil kasalligiga chalingan A.A.Akovbyan dalil yoʻqligi sababli tergov hibsxonasidan ozod qilindi va keyinchalik toʻliq  sogʻlomlashtirildi.

1940-yilda A.A.Akovbyan Toshkent Davlat tibbiyot institutining teri-tanosil kasalliklari kafedrasi professori etib saylandi. Oʻsha paytda kafedra mudiri prof. S.A.Kristanov, Ispaniyadagi fuqarolar urushidan qaytgan, u yerda xalqaro brigadalarning sanitariya xizmatini boshqargan edi.

1945-1971-yillarda professor A.A.Akovbyan Toshkent tibbiyot institutining teri va tanosil kasalliklari kafedrasi mudiri boʻldi. Yetuk shifokor A.A.Akovbyanning ilmiy izlanishlari juda keng va turlicha edi. Dermatologiyada mamlakatda birinchi marta vitiligo (moxov) bilan kasallangan bemorlarni davolash uchun anjir barglaridan olingan ekstraktlar shaklida furanokumarinlarni, shuningdek qizilmiya ildizidan olingan glisiretik kislota preparatlarini Ekzema, neyrodermatit va boshqa dermatozlarni davolash uchun ishlata boshladi. Gipnoz texnikasini bilgan holda, u lishay, ekzema, eshak yemi, neyrodermatit va boshqa dermatozlar bilan ogʻrigan bemorlarni davolashda juda muvaffaqiyatli foydalangan.

Eng muhimi venerologiyaga qoʻshgan hissasi edi. Monografiyalari shankrni davolash, sifilisni arsenidlar bilan davolashda asoratlarni oldini olish va davolash, Oʻzbekistonda sifilisga qarshi kurashning tashkiliy masalalariga bagʻishlangan. A.A.Akovbyan rahbarlik qilayotgan kafedra sifilisni penisillin, ekmonovosillin, bisillinlar bilan davolashning yangi usullarini sinovdan oʻtkazish boʻyicha mamlakatda tan olingan markazga aylandi.

A.A.Akovbyan rahbarligida 5 ta doktorlik va 16 ta nomzodlik dissertasiyalari tugatildi, 100 ga yaqin ilmiy ishlar va 3 ta monografiya chop etildi. 20 yil davomida Oʻzbekiston SSR Sogʻliqni saqlash vazirligining bosh dermatovenerologi, uzoq yillar respublika dermatovenerologlar ilmiy jamiyati raisi boʻlgan.

Talabalar ilmiy jamiyatiga 15 yildan ortiq rahbarlik qilgan ajoyib lektor, muloyim va hamdard inson Armais Aristagesovich talabalar orasida katta obroʻ, hurmat-e’tiborga ega inson edi.

1971-yilda A.A.Akovbyan kafedraning ilmiy maslahatchisi lavozimiga oʻtdi. 1974-yilda uzoq davom etgan xastalikdan soʻng olamdan oʻtdi va Toshkentdagi eski nasroniy qabristoniga qoʻyildi.

Mukofot va unvonlar:

tahrir
  • “Mehnat Qizil Bayroq”ordeni
  • “Shon-sharaf belgisi” ordeni va 10 dan ortiq medallar
  • Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan fan arbobi faxriy unvoni
  • Butunittifoq dermatovenerologlar ilmiy jamiyatining faxriy a’zosi

Adabiyotlar

tahrir
  • Капкаев Р. А. Профессор А. А. Аковбян (К 100-летию со дня рождения): биография отдельного лица / Р. А. Капкаев, Л. А. Абальянц // Вестник дерматологии и венерологии : Научно-практический рецензируемый журнал. — 2000. — N2. — С. 62-63. — ISSN 0042-4609

Havolalar

tahrir