Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi

Sovet Ittifoqi respublikasi
(Oʻzbekiston SSRdan yoʻnaltirildi)

Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi, (ruscha: Узбекская Советская Социалистическая Республика) – Sovet Ittifoqi tarkibiga kirgan respublikalarning biri. Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi, Buxoro Xalq Sovet Respublikasi hamda Xorazm Xalq Sovet Respublikasi hududlarining, asosan, oʻzbeklar va qoraqalpoqlar yashaydigan qismlarida vujudga kelgan. 1924-yildan 1936-yilgacha Oʻzbekiston Sotsialistik Sovet Respublikasi (ruscha: Узбекская Советская Социалистическая Республика) deb atalgan. Ayrim manbalarda Sovet Oʻzbekistoni deb yuritiladi.

1924–1991
Maqom Turkiston ASSR tarkibida (1918–1924)
Sovet Ittifoqi respublikasi (1924–1991)
De facto suveren davlat (1990–1991)
Hukumat boshchisi  
• 1924–1937 (ilk)
Fayzulla Xoʻjayev
• 1990–1990 (soʻnggi)
Shukrullo Mirsaidov
Davlat boshchisi  
Tarixiy era XX asr
Avvalgi davlat
Keyingi davlat
Buxoro Xalq Sovet Respublikasi
Xorazm Xalq Sovet Respublikasi
Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi
Tojikiston SSR
Oʻzbekiston
Hozirda hududida quyidagilar mavjud  Oʻzbekiston
 Tojikiston
Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi madhiyasidan parcha

Poytaxti 1925-yil fevraldan to may oyigacha Buxoro, 1925-yil maydan to 1930-yil dekabrgacha Samarqand, 1930-yil oxiridan Toshkent. Tarkibiga Qoraqalpogʻiston A Sovet Sotsialistik Respublikasi kirgan. Respublika 11 oblastga boʻlingan, 156 rayon, 123 shahar, 98 shahar tipidagi posyolkasi boʻlgan[1]. Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasining maydoni 447 400 km² boʻlgan.

Aholisi

tahrir

Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi aholisi 1926-yilda 5 milliondan ortiq boʻlgan, 1989-yilga kelib 20 millionga yetgan. 1989-yilda Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasida oʻzbeklar (14 milliondan oshiq), qoraqalpoqlar (411 900), tojiklar (933 600), qozoqlar (808 200), qirgʻizlar (174 900), turkmanlar (121 600) yashagan.

Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi hududi shimol va shimoli-gʻarbda Qozogʻiston Sovet Sotsialistik Respublikasi, janubi-gʻarbda Turkmaniston Sovet Sotsialistik Respublikasi, janubi-sharqda Tojikiston Sovet Sotsialistik Respublikasi, shimoli-sharqda Qirgʻiziston Sovet Sotsialistik Respublikasi, janubida Afgʻoniston bilan chegaradosh boʻlgan.

Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasida boshqa sovet respublikalaridagi kabi bir necha ommaviy qatagʻon amalga oshirilgan, biroq bunday holatlarga qaramasdan, mamlakatda yuzlab sanoat korxonalari qurilgan, yangi shahar va posyolkalarga asos solingan. Savodsizlikni tugatish ishlari olib borilgan, pedagogik va ilmiy kadrlar tayyorlash maqsadida yangi maktablar, texnikumlar va institutlar ochilgan. Mirzachoʻl va boshqa choʻllarning oʻzlashtirilishi natijasida ekin maydonlari kengaygan.

Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi 1990-yilning 20-iyunida suverenitet eʼlon qildi, ammo 1991-yilning 31-avgustida mustaqillik eʼlon qilinib, Oʻzbekiston Respublikasi deb qayta nomlangunicha Sovet Ittifoqi tarkibida qoldi. Oʻzbekiston mustaqilligi 1991-yilning 26-dekabrida Sovet Ittifoqi parchalanib ketganidan keyin tan olindi.

Tarixi

tahrir

Tashkil topishi

tahrir

Oʻrta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish oʻtkazilishi natijasida Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi tugatilib, uning hududi yangi tuzilgan Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi, Turkmaniston Sovet Sotsialistik Respublikasi, Tojikiston A Sovet Sotsialistik Respublikasi (Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi tarkibida, 1929-yildan Tojikiston Sovet Sotsialistik Respublikasi), shuningdek, Qoraqirgʻiz avtonom viloyati (Rossiya SFSR tarkibida; Qirgʻiziston Sovet Sotsialistik Respublikasi), Qoraqalpoq avtonom viloyati (Qozogʻiston A Sovet Sotsialistik Respublikasi tarkibida; keyinchalik Qoraqalpogʻiston A Sovet Sotsialistik Respublikasi, 1936-yildan Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi tarkibida) tarkibiga kiritildi.

Umumoʻzbek sovetlarining Buxoroda boʻlgan birinchi qurultoyi (1925-yil 13–17-fevral)da „Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasini tashkil etish toʻgʻrisida deklaratsiya“ qabul qilindi. Qurultoyda respublikaning oliy organlari: Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Markaziy Ijroiya Qoʻmitasi (Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi MIK) va Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Xalq Komissarlari Soveti (Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi XKS tuzilgan).

 
Butuno‘zbek sovetlarning birinchi qurultoyi. Buxoro. 1925-yil


Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Butunittifoq sovetlarining 3-syezdida (1925-yil 13-may)da S Sovet Sotsialistik Respublikasi tarkibiga kiritilgan. 1927, 1937, 1978-yillarda Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi konstitutsiyalari qabul qilingan.

1920-yillar

tahrir

Respublikadagi dehqonlarni gʻoyaviy jihatdan birlashtirib turgan tashkilotlardan biri „Qoʻshchi“ ittifoqi boʻlgan (1920–1933-yillarda faoliyat koʻrsatgan). 1924-yilda 200 ming kishini oʻziga birlashtirgan bu ittifoq ham asta-sekin bolsheviklarning qishloqdagi mustabid siyosati targʻibotchisiga aylangan. Qishloq kambagʻallarining eng qashshoq qismini oʻzida birlashtirgan bu tashkilot kollektivlashtirish (jamoalashtirish) va „quloqlashtirish“ davrida salbiy rol oʻynadi.

 
Xalqaro xotin-qizlar kunida paranjilarni yoqib yuborish marosimi. Andijon, 1927-yil.

Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasida bolsheviklar tomonidan amalga oshirilgan „sotsialistik tajriba“ mahalliy xalq tomonidan norozilik bilan qarshi olindi. Sovet hokimiyatining dastlabki 10 yilliklarida milliy rahbar xodimlar va ziyolilar tomonidan markazning zoʻravonligiga qarshi ochiq tanqidiy fikrlar aytilgan. Muxolifat ayrim davlat va jamoat arboblari, yozuvchilar, shoirlar, maorif xodimlari va huquqshunoslarni oʻzaro birlashtirgan edi.

1925–1929-yillarda Oʻzbekistonda yer-suv islohoti amalga oshirildi. Bu islohot joylarda shart-sharoitlar va tayyorgarlik darajasiga qarab uch bosqichda oʻtkazildi. Keyinchalik qishloq xoʻjaligini kollektivlashtirish amalga oshirilib, kolxoz va sovxozlar tuzildi, biroq shoʻrolar hokimiyati oʻziga toʻq dehqon xoʻjaliklarini „quloq“ („mushtumzoʻr“) sifatida tugatish siyosatini olib borgan.

1930-yillar

tahrir

Sovet rejimi dastavval mavjud tuzumga muxolifatda turganlarga qarshi repressiya siyosatini amalga oshirgan boʻlsa, 30-yillardan boshlab oʻz xalqiga nisbatan ommaviy terrorni qoʻlladi. XX asr 20-yillarining ikkinchi yarmi va 30-yillar boshida Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasida „Oʻn sakkizlar guruhi“, „inogʻomovchilik“, „qosimovchilik“, „badriddinovchilik“, „milliy ittihodchilar“, „narkompros ishi“ kabi siyosiy ishlar toʻqilishi va Munavvarqori boshchiligidagi milliy ziyolilarning qamoqqa olinishi natijasida koʻplab oʻzbek ziyolilari qatagʻon qilindi. 1931-yil aprelda Moskvada boʻlib oʻtgan sud majlisidan keyin Munavvarqori boshchiligidagi 15 kishi otib tashlandi, qolgan 70 kishi esa uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilindi.

 
Lotin alifbosida yozilgan oʻzbekcha plakat: „Kolxozlarda mehnat intizomini mustahkamla!“ Toshkent, 1933-yil.

30-yillar oʻrtasiga kelganda butun mamlakatda boʻlgani singari Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasida ham ommaviy qatagʻonlar avj oldi. Respublikadagi aksariyat siyosiy rahbarlar 1937–1938-yillarda „millatchilik va sovet hokimiyatiga qarshi kurash olib borish“da, shuningdek, qurolli qoʻzgʻolon koʻtarishni tayyorlashda ayblandi. Fayzulla Xoʻjayev, Akmal Ikromov, Sulton Segizboyev kabi siyosiy rahbarlar qatl etildi.

Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi jamiyatning barcha tabaqalariga yoyilgan hibsga olish toʻlqini ostida qoldi. Davlat va jamiyat arboblari, xoʻjalik rahbarlari va oddiy kishilar bilan bir qatorda milliy ziyolilar ommaviy ravishda qatagʻon qilindi. XX asr oʻzbek adabiyotining arboblari; Fitrat, Choʻlpon va Abdulla Qodiriy va boshqalar otib tashlandi.

1937–1939-yillarda toʻqib chiqarilgan soxta ayblovlar boʻyicha Oʻzbekistonda 41 mingdan ortiq kishi hibsga olinib, ulardan 37 mingdan ortigʻi jazolandi, 6 920 kishi esa otib oʻldirishga hukm qilindi. Umuman olganda, 1937–1953-yillarda Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Ichki ishlar xalq komissarligi (NKVD) troykasi (uchligi) tomonidan 100 mingdan ortiq kishi qatagʻon qilindi, ulardan 15 ming nafari otib tashlandi. 1936–1940-yillarda faqat davlat va jamoat arboblari, yozuvchilar, shoirlar va olimlardan 5 758 kishi qamoqqa olinib, ulardan 4 811 kishi otib oʻldirishga hukm qilingan edi.

1940-yillar

tahrir

Ikkinchi jahon urushi yillari

tahrir

Ikkinchi jahon urushi yillarida Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasidan 1,5 million kishi frontga ketgan, ulardan 450 mingdan ortiq kishi jang maydonlarida halok boʻlgan. Fashistlar bosib olgan hududlardan Oʻzbekistonga 1 milliondan ortiq kishi, jumladan, 200 ming bola evakuatsiya qilindi.

1943–1944-yillarda qalmoqlar, qrim tatarlari, chechenlar, ingushlar, olmonlar, qorachoylar, yunonlar, mesxetin turklari, bolqorlar oʻz tarixiy vatani yoki doimiy yashash joylaridan mamlakatning sharqiy hududlariga koʻchirib yuborildi. Qrimdan 151 604 qrim tatarlari, Gurjistondan 110 ming mesxetin turklari, Shimoliy Kavkazdan 175 ming chechen, 20 mingdan ortiq ingush, 4 500 bolqor, arman va yunonlar Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasiga koʻchirildi. Koʻchirib keltirilganlar orasida boshqa xalqlarning vakillari ham oz emas edi. Maxsus koʻchirib keltirilganlarning koʻpchiligi kolxoz va sovxozlarga ishga joylashdilar, keyinchalik Mirzachoʻlni oʻzlashtirishda ishtirok etdilar.

Urush yillarida Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi qishloq xoʻjaligi ahli eng murakkab va ogʻir sharoitlarda mehnat qilib, davlatga 4 148 000 tonna paxta, 82 million pud gʻalla, 54 067 tonna pilla, 195 ming tonna sholi, 57 444 tonna hoʻl meva, 36 ming tonna quruq meva, 159 300 tonna goʻsht, 22 300 tonna jun va boshqa mahsulotlarni yetkazib berdilar. Urushda vayron boʻlgan xalq xoʻjaligini tiklashga yordam berish uchun koʻplab oʻzbekistonliklar Rossiya SFSR, Ukraina Sovet Sotsialistik Respublikasi, Belorussiya Sovet Sotsialistik Respublikasi va boshqa respublikalarga joʻnatildi.

1940-yillarning ikkinchi yarmi

tahrir

Urush tugagach, oradan koʻp oʻtmay Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi boʻylab yana bir yalpi qirgʻin toʻlqini yelib oʻtdi. XX asrning 40-yillari oxiri va 50-yillari boshidagi qatagʻonlar, asosan, madaniyat va fan arboblariga qarshi qaratildi. Oʻzbekiston Kompartiyasi MK markazning yoʻl-yoʻriqlariga tayangan holda dunyoqarashi va ijodi partiya mafkurasidan farq qiladigan ijodiy ziyolilar vakillariga qarshi hujum boshladi. Yozuvchi va shoirlardan Said Ahmad, Shukrullo, Mirzakalon Ismoiliy, Shuhrat, Maqsud Shayxzoda, Mirkarim Osim, Hamid Sulaymonov, shuningdek, Muhiddin Qoriyoqubov 1951-yilda „sovetlarga qarshi millatchilik faoliyati“ olib borganlikda ayblanib qamoqqa olindilar va 25 yil ozodlikdan mahrum etildilar. Oʻzbek xalqining faxri hisoblangan Oybek badnom qilindi.

1950–1970-yillar

tahrir

20-asrning 50–80-yillarida Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasida turli sanoat korxonalari qurilgan, yangi shahar va posyolkalarga asos solingan. Mirzachoʻl va boshqa choʻllarning oʻzlashtirilishi natijasida ekin maydonlari kengaygan. Xalqning turmush darajasi muayyan darajada yaxshilangan. Ayniqsa, Oʻzbekiston iqtisodiyoti markaz manfaatlariga boʻysundirilgan. Sovet Sotsialistik RespublikasiIning agrar respublikalaridan biriga aylangan Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasida paxta yakkahokimligi oʻrnatilgan. XX asrning 60-yillarida Orol dengizining qurishi boshlandi va u mintaqadagi ekologik muhitga jiddiy zarar yetkazdi.

1980-yillar

tahrir

XX asrning 80-yillari boshlariga kelganda sovet rejimi, uning siyosiy tizimi va xoʻjalik yuritish usullari oʻzining rivojlanish imkoniyatlarini tugata boshlagan. Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi iqtisodiyoti ham, katta xom ashyo va tabiiy boyliklar zaxirasiga ega boʻlishiga qaramasdan, Sovet Sotsialistik RespublikasiIning markaziy hududlaridan juda tez ortda qola boshlagan.

Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasining ijtimoiy-siyosiy hayotida 1984-yil 23-iyunda boʻlgan Oʻzbekiston Kompartiyasi MK 16-plenumi mashʼum rol oʻynagan. Moskva tashabbusi va koʻrsatmasi bilan tashkil qilingan bu plenumda qabul qilingan hujjatlar Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasida oʻzbek xalqini asossiz badnom etish kompaniyasini boshlab berdi.

 
Oʻzbekiston kompartiyasi 60 yilligiga bagʻishlangan pochta markasi

Sovet Sotsialistik RespublikasiI Bosh prokurori huzurida alohida muhim ishlar boʻyicha maxsus 12 kishilik tergovchilar guruhi tuzilib, 1983-yildayoq Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasiga yuborilgan edi. Ular keyinchalik markazdan respublikaga kelgan „desantchilar“ga tayanib, Oʻzbekistonda navbatdagi qatagʻonni amalga oshirdi.

Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasida paxta tayyorlash va uni qayta ishlash bilan bogʻliq jarayonlardagi „qoʻshib yozish“, „oʻgʻrilik“, „koʻzboʻyamachilik“, „poraxoʻrlik“ va hokazolarni tergov qiluvchi Gdlyan va Ivanov guruhining talabi bilan respublikadagi jamoa xoʻjaliklari raislari va sovxoz direktorlarining 60 foizi, qishloq xoʻjaligi yetakchi mutaxassislarining 45 foizi, paxtachilik brigada boshliqlarining 35 foizi, shuningdek, koʻplab rahbarlar, viloyatlar va tumanlar partiya qoʻmitasi kotiblari, respublika miqyosidagi partiya, sovet va xoʻjalik rahbarlari oʻz vazifalaridan olib tashlandi va ularga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatildi.

1983–1990-yillarda Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasida „paxta ishi“ boʻyicha jami 40 ming kishi tergov qilindi, 5 ming kishi esa soxta ayblar bilan jinoiy javobgarlikka tortildi. Tergov jarayonida inson huquqlari toptalib, tutqunlarga jismoniy va ruhiy tazyiq oʻtkazildi. Ularning oila aʼzolari va qarindosh-urugʻlari ham qamoqqa tashlandi.

Mustaqillikka erishishi

tahrir

Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasida qilingan qatagʻon va yovuzliklar xalq ommasini sovet rejimiga nisbatan nafratini oshirdi, tuzumga boʻlgan munosabatini keskin oʻzgartirdi. Ana shunday murakkab bir vaziyatda respublikada mustaqillik uchun kurash kuchaydi. 1990-yil 20-iyunda Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Oliy Soveti „Mustaqillik deklaratsiyasi“ni qabul qildi. 1991-yil 31-avgustda „Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini eʼlon qilish toʻgʻrisida“ qonun qabul qilinib, Oʻzbekiston mustaqillikka erishdi.

Maʼmuriy boʻlinishi

tahrir

Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi maʼmuriy jihatdan 1925-yilda dastlab 10 ta viloyat (Samarqand, Toshkent, Fargʻona, Xoʻjand, Buxoro, Namangan, Zarafshon, Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm) va Tojikiston A Sovet Sotsialistik Respublikasi (1929-yilgacha Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi tarkibida boʻlgan), 22 uyezd va 241 volostga boʻlingan. 1926-yilda maʼmuriy-iqtisodiy rayonlashtirish amalga oshirilgan.

1987-yilda Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi tarkibiga Qoraqalpogʻiston A Sovet Sotsialistik Respublikasi (1936-yildan u Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi tarkibida boʻlgan), 12 ta oblast (Andijon, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent, Fargʻona, Xorazm, Qashqadaryo), 155 rayon, 123 shahar, 95 ta posyolka hamda Toshkent shahri kirgan.

Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi poytaxti 1925-yil fevraldan to may oyigacha Buxoro shahri boʻlgan. 1925-yil maydan to 1930-yil dekabrgacha Samarqand shahri poytaxt boʻlgan. 1930-yil oxiridan poytaxt Toshkentga koʻchgan.

Boshqaruv tizimi

tahrir

Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi siyosiy hayotida Oʻzkompartiya (1925-yil fevralda Buxoroda tuzilgan) yetakchi rol oʻynagan. Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi da hokimiyatning qonun chiqaruvchi oliy organi – Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Oliy Soveti (1937-yildan) hamda ijro qiluvchi va boshqaruvchi oliy organi – Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Ministrlar Soveti (1946-yildan) hisoblangan. Davlat hokimiyatining mahalliy organlari – 2,5 yilga saylanadigan xalq deputatlarining oblast, rayon, shahar, posyolka, qishloq va ovul sovetlari boʻlgan. Biroq amalda hokimiyat Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi (KPSS)ning respublikadagi boʻlimi – Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Qoʻmitasi va markaz gumashtalari qoʻlida boʻlgan. OʻzKP (b) eʼtiborini sovet hokimiyatini mustahkamlashga, bosmachilik va mahalliy mulkdorlarga qarshi kurashga, sotsialistik industrlashtirishni amalga oshirishga, qishloq xoʻjaligini kollektivlashtirishga, madaniy inqilobni oʻtkazishga qaratgan.

Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi tashkil qilinganidan soʻng respublika davlat boshqaruvi organlari Ittifoq organlari tartibida va ulardan andoza olingan holda tuzilgan. Bu ittifoqdosh respublikalarning markazdan turib boshqarishning eng oson va oddiy, shu bilan birga mustahkam shakli edi.

Mehnat ahlining eng ommaviy tashkiloti – kasaba uyushmalari ham partiya qoʻmitalariga toʻla-toʻkis qaram boʻlib qolgan. Mustabid tuzum yosh avlodni kommunistik ruhda tarbiyalashga muntazam eʼtibor qaratgan. Bu ishlar bilan Butunittifoq leninchi kommunistik yoshlar soyuzi (VLKSM) ning Oʻzbekistondagi organi – Oʻzbekiston leninchi kommunistik yoshlar soyuzi (OʻzLKSM) shugʻullangan.

Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Konstitutsiyasida Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Sovet Ittifoqi tarkibidagi teng huquqli suveren respublika sifatida oʻz hududida davlat hokimiyatini mustaqil ravishda amalga oshiradi, chet davlatlar bilan aloqa bogʻlash, ular bilan shartnomalar tuzish hamda diplomatik va konsullik vakillari ayirboshlash, xalqaro tashkilotlar faoliyatida ishtirok etish huquqiga ega deb belgilab qoʻyilgan boʻlsa ham, amalda Oʻzbekistonning huquqi Rossiya SFSR tarkibidagi oblastlar yoki avtonom respublikalar huquqi bilan tenglashtirilib qoʻyilgan edi. Yuqori lavozimdagi kadrlarni tayinlash yoki olib tashlash markazdan turib hal qilinar edi.

Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Xalq Komissarlari Sovetining raislari

tahrir

Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Ministrlar Sovetining raislari

tahrir

Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining raisi

tahrir

Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Kompartiyasi MKning birinchi kotiblari

tahrir

Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Markaziy Ijroiya Qoʻmitasi raislari

tahrir

Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Oliy Soveti Prezidiumi raislari

tahrir

Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Oliy Soveti raisi

tahrir

Iqtisodi

tahrir

Oʻzbekistonning sovet davri tarixi muayyan yoʻqotishlar va fojialar bilan birgalikda katta qurilishlar va sanoat korxonalari bunyod etilgan davr hamdir. Aynan shu davrda Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi zamonaviy qishloq xoʻjaligi respublikasiga aylantirildi. Bu yillarda iqtisodiyot, madaniyat, maorif, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy taʼminot sohalarida muayyan yutuqlarga erishildi.

Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasida 1925–1926-yillarda ishchilar soni 11 900 kishiga yetdi. Ularning 29,3 foizini mahalliy millat vakillari tashkil etardi. Oʻzbekiston uchun sanoat qurilishini keng surʼatda jadallashtirish nihoyatda zarur edi. Chunki respublika iqtisodiyoti XX asrning 30-yillari boʻsagʻasida ham agrar xususiyatga egaligicha qolayotgan edi. 1927-yilda Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi xalq xoʻjaligida qishloq xoʻjaligining salmogʻi 62,6 foiz, sanoatning salmogʻi 37,4 foizni tashkil etar, shu bilan birga sanoat ishlab chiqarishning 90 foizi qishloq xoʻjaligi xom ashyosini qayta ishlashga asoslangan edi. Iqtisodiyot xom ashyo yoʻnalishida boʻlganligi sababli Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi sanoati faqat bir tomonlama ixtisoslashtirilayotgan edi: uning 2/3 qismiga yaqini paxta tozalash sanoati hissasiga toʻgʻri kelardi, u butunlay metropoliya ehtiyojlarini qondirishga xizmat qilardi, uning boshqa tarmoqlari oʻz holicha rivojlanib, umuman, Sovet Sotsialistik RespublikasiI iqtisodiyoti bilan zaif bogʻlangan edi.

Birinchi besh yillik

tahrir

Birinchi 5 yillik davri (1928–1932)da Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasida 289 ta sanoat korxonasi qurildi va ishga tushirildi, 79 ta korxona qayta tashkil etildi, sanoatning asosiy ishlab chiqarish fondlari 3 baravar, neft qazib chiqarish 2,5 baravar, metall ishlash sanoati mahsulotlari 6 baravar, sement ishlab chiqarish 3,5 baravar ortdi. Yengil sanoatning konchilik, poyabzal ishlab chiqarish, tikuvchilik sohalari va ip-gazlama ishlab chiqarish surʼatlari oshib bordi. Ana shu davrda Oʻrta Osiyoda paxtachilik, mashinasozlik sanoatining toʻngʻichi boʻlgan „Tashselmash“ va Quvasoy sement zavodi barpo etildi. „Chirchiqqurilish“, Toshkent toʻqimachilik kombinati qurilishi tez surʼatlar bilan olib borildi. Fargʻona toʻqimachilik fabrikasi va yogʻ zavodi, Buxoro, Toshkent va boshqa shaharlarda tikuvchilik fabrikalari ishga tushirildi.

Sanoatning rivojlantirilishi energetika bazasini kengaytirishni talab qilardi. Fargʻona, Samarqand, Toshkent va boshqa joylarda yangi elektr stansiyalari qurildi. 1932-yilda barcha elektr stansiyalarining soni 1928-yildagi 16 ta oʻrniga 49 taga yetdi, elektr quvvati ishlab chiqarish esa 7 baravardan ziyodroq oshdi.

Ikkinchi besh yillik

tahrir

Ikkinchi 5 yillik davri (1933–1937)da Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasida barpo qilinadigan sanoat korxonalari mahalliy sharoit va milliy manfaatlarni emas, balki markaz ehtiyojlarini hisobga olib rejalashtirilgan edi. Mas, Chirchiqdagi azotli oʻgʻitlar zavodi va Toshkent toʻqimachilik kombinatini barpo etishdan maqsad Oʻrta Osiyo mintaqasida paxtachilikni rivojlantirishdan iborat boʻlgan. Umuman ikkinchi 5 yillik davrida 189 ta turli sanoat korxonalari va elektr stansiyalari barpo etildi. Ular orasida Fargʻonadagi yigirish-toʻqish fabrikasi, Xavdogʻ va Uchqizil neft konlari, Toshkent matbaa kombinati, Qoʻqon superfosfat zavodi, Buxorodagi issiqlik elektr stansiyalari, Qodiriya va Boʻrjar stansiyalari, Toshkent lok-boʻyoq zavodi va boshqalar bor boʻlib, ular, asosan, Sovet Ittifoqi ehtiyojlarini qondirish uchun xizmat qilgan.

Uchinchi besh yillik

tahrir

Urushdan oldingi uchinchi 5 yillik davri (1938–1942)da sanoat rivojlanishida siljish kuzatildi. Urushning boshlanishiga kelib, Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasida 134 ta sanoat korxonasi qoʻshimcha ravishda ishga tushirildi. Ular orasida Chirchiq elektr-kimyo kombinati, Toshkent toʻqimachilik kombinatining 2 navbati, Moʻynoqdagi yirik baliq-konserva zavodi bor edi. Chirchiq GES, Olmaliq mis eritish kombinati, Quvasoy GRESi, Tovoqsoy va Samarqand GESlarini qurish, Angrendagi koʻmir konini ishga tushirish jadal surʼatlar bilan bordi.

Urush boshlanishi vaqtiga kelib respublikaning sanoat potensiali 1 445 ta yirik va oʻrta sanoat korxonalarini hamda 19 mingta mayda korxonalarni oʻz ichiga olgan. Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi vositalarini va isteʼmol buyumlarini ishlab chiqaradigan tarmoqlar oʻrtasidagi nisbat jiddiy ravishda oʻzgardi. Yirik sanoat salmogʻi 1928-yildagi 16,3 foizdan 1940-yilda 32,8 foizga koʻtarildi.

Sanoatni kadrlar bilan taʼminlash jarayoni ziddiyatli xususiyatga ega boʻldi. Umuman, shiddatli industrlashtirish surʼatlari ishchilar va muhandis-texnik kadrlar bilan taʼminlashning miqdor jihatidan oʻsishiga obyektiv sharoit yaratdi. Masalan, yirik sanoatda ishchilar sinfining soni birinchi 5 yillikdagi 17,9 mingdan 62,4 ming kishiga yetdi yoki deyarli 3,5 baravar ortdi. 1937-yilga kelib sanoat ishchilarining umumiy miqdori 181 ming kishidan iborat boʻlgan. Lekin ular orasida mahalliy millat vakillari ozchilikni tashkil qilgan.

Urushdan keyingi yillar

tahrir

Sovet davlatining siyosiy rahbariyati, xalq xoʻjaligini boshqarishda oʻzlari yoʻl qoʻygan xato va kamchiliklar natijasida yuzaga kelgan yoʻqotishlar oʻrnini maʼmuriy buyruqbozlik orqali majburlash va yuqoridan tashkil qilingan „sotsialistik musobaqa“, „zarbdorlik“, „staxanovchilik“ va boshqa bir qator ishchilar harakatlari vositasida „ommaning inqilobiy gʻayrat-shijoati“ni avj oldirish bilan qoplashga intildi.

 
Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasida paxta yakkahokimligi oʻrnatilgan. Buxoro, 1973-yil. Urbain J. Kinet surati.

Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Sovet Ittifoqiga paxta xom ashyosini yetkazib beruvchi asosiy respublika hisoblangan. Oʻzbekistonda yetishtirilgan paxtaning asosiy qismi Rossiyaning toʻqimachilik fabrikalariga qayta ishlash uchun yuborilgan va chet ellarga eksport qilingan. Oʻzbekiston sanoati, asosan, qishloq xoʻjaligi ehtiyojlariga xizmat qilishga yoʻnaltirilgan edi. Sanoatda qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga dastlabki tarzda ishlov beradigan tarmoqlar asosiy oʻrinni egallaydi. Respublika xom ashyosining pirovard mahsuloti Sovet Ittifoqi sanoat markazlarida ishlab chiqarilar, binobarin, foydaning asosiy qismi ham oʻsha yerda qolardi. Shuningdek, Buxoro – Ural va dunyoda eng uzun Oʻrta Osiyo – Markaz gaz quvurlari orqali Oʻzbekistonning tabiiy gazi Rossiya SFSR va Sharqiy Yevropa davlatlariga joʻnatilgan. Lekin respublikadagi shahar va qishloqlarning aksariyat qismi gazlashtirilmagan edi. Oʻzbekistonda qazib olingan oltin, uran va boshqa nodir metallarning eksportidan kelgan valyuta markazning xazinasiga tushgan. Respublikada ishlab chiqarilgan sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari 42 ta mamlakatga eksport qilingan, lekin Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi chet ellar bilan aloqa oʻrnatish, xorijiy firmalar va kompaniyalar bilan bevosita iqtisodiy shartnomalar tuzish huquqidan mahrum edi. Bunday vakolat faqat markazdagi Ittifoq ministrliklari va idoralari zimmasida boʻlgan.

Demografiyasi

tahrir

Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi aholisi 1926-yilda 5 milliondan ortiq boʻlgan, 1989-yilga kelib 20 millionga yetgan. 1989-yilda Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasida oʻzbeklar (14 milliondan oshiq), qoraqalpoqlar (411 900), tojiklar (933 600), qozoqlar (808 200), qirgʻizlar (174 900), turkmanlar (121 600) yashagan.

Viloyat Hududi, km² Aholisi Oʻzbeklar Ruslar Tojiklar Qozoqlar Tatarlar Qrim tatarlari Qirgʻizlar Turkmanlar Qoraqalpoqlar Koreyslar Ukrainlar Turklar
Qoraqalpogʻiston 164 900 1 212 207 397 826 19 846 128 318 739 7 769 27 60 244 389 146 9 174
Xorazm 6 300 1 012 313 957 623 12 179 255 14 155 7 829 27 5 960 910 6 434
Buxoro 142 100 1 622 484 1 226 967 133 197 50 920 91 126 36 835 9 781 8 147 15 739 3 226 12 870 1 500
Samarqand 24 500 2 281 872 1 764 872 113 522 209 161 8 185 35 044 3 368 6 504 14 226 18 495
Qashqadaryo 28 400 1 595 760 1 399 238 37 579 79 876 21 184 7 175 19 722 649
Surxondaryo 20 800 1 249 879 993 244 37 846 160 837 3 732 16 996 54 18 225 3 707
Sirdaryo 25 600 1 297 949 923 534 88 415 58 947 71 406 33 947 19 016 29 326 16 730 18 655
Toshkent shahri 400 2 060 206 910 334 701 326 14 857 30 607 129 236 13 516 3 621 43 973 59 988
Toshkent 15 200 2 143 462 1 075 486 313 855 89 625 266 365 106 160 64 880 10 086 76 178 26 558 43 168
Fargʻona 7 100 2 148 737 1 735 011 123 826 114 482 32 726 22 833 43 552 6 504 11 100 13 582
Andijon 4 200 1 721 337 1 506 993 44 658 24 509 24 870 9 781 70 446 4 707 5 000
Namangan 7 900 1 470 871 1 252 218 27 229 129 963 15 235 11 640 16 177 3 676 3 000
Jami 447 400 19 810 077 14 142 475 1 653 478 933 560 808 227 467 829 188 772 174 140 121 578 411 878 183 140 153 197 106 302

Madaniyati

tahrir

Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasida bolsheviklar partiyasi tomonidan XX asrning 20-yillar oxiri – 30-yillar boshida amalga oshirilgan „madaniy inqilob“ oʻzbek milliy madaniyatiga qattiq zarba berdi. Markaz tomonidan oʻzbek xalqining urf-odatlari va asriy qadriyatlari zararli deb hisoblanib, ular man etildi. Shuningdek, sovet davrida Islom dini va uning qadriyatlari oyoqosti qilindi. Oʻzbek tili ikkinchi darajali tilga, rus tili esa davlat va asosiy muomala tiliga aylantirildi.

Biroq bunday holatlarga qaramasdan, sovet davrida mamlakatda madaniyat sohasida katta yutuqlarga ham erishildi. Savodsizlikni tugatish ishlari olib borildi, pedagogik va ilmiy kadrlar tayyorlash maqsadida yangi maktablar, texnikumlar va institutlar ochildi. Mafkuraviy tazyiqlarga qaramay, Oybek, Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon, Zulfiya, Abdulla Qahhor, Maqsud Shayxzoda, Mirtemir kabi yozuvchi va shoirlar, Habib Abdullayev, Ibrohim Moʻminov, Obid Sodiqov, Yahyo Gʻulomov kabi olimlar, Olim Xoʻjayev, Razzoq Hamroyev, Shukur Burhonov, Lutfixonim Sarimsoqova, Halima Nosirova, Tamaraxonim kabi sanʼatkorlar yetishib chiqdi.

1929-yilda arab imlosiga asoslangan oʻzbek yozuvi lotin, 1940-yilda esa kirill imlosiga almashtirildi. 1993-yilning 2-sentabrida – Sovet Ittifoqi parchalanib ketib, Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan keyin Oʻzbekistonda lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisidagi qonun qabul qilindi. Ammo yangi yozuvga oʻtish jarayoni haligacha oʻz yakuniga yetgani yoʻq.

Sovet davrida oʻzbek tilining ilk keng qamrovli izohli lugʻati hamda oʻzbek tilidagi ilk umumiy ensiklopediya – 14 jildli „Oʻzbek sovet ensiklopediyasi“ chop etildi, minglab xorij yozuvchi va shoirlarining asarlari oʻzbek tiliga tarjima qilindi.

Manbalar

tahrir
  1. "Oʻzbekiston SSR" (oʻzbekcha). Ensiklopedik lugʻat. 2. Toshkent: Oʻzbek sovet ensiklopediyasi. 1988. p. 464. 5-89890-018-7. 

Adabiyotlar

tahrir
  • „Oʻzbekistonning yangi tarixi“, 2-kitob [Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], Toshkent, 2000;
  • Azizxoʻjayev A., „Mustaqillik: kurashlar, iztiroblar, quvonchlar“, Toshkent, 2001;
  • Alimova D. A., Golovanov A. A., „Oʻzbekiston mustabid sovet tuzumi davrida: siyosiy va mafkuraviy tazyiq oqibatlari“, Toshkent, 2000;
  • „Tarix shohidligi va saboqlari“, Toshkent, 2001;
  • „Oʻzbekiston tarixi“ (1917–1991-yil), Toshkent, 2002;
  • Shamsutdinov R., „Qishloq fojeasi: jamoalashtirish, quloqlashtirish, surgun“, Toshkent, 2003.

Havolalar

tahrir