Armaniston togʻligi

(Arman togʻlaridan yoʻnaltirildi)

Armaniston togʻligi — Gʻarbiy Osiyodagi uch togʻlikdan biri, asosan, butun Armaniston hududi va Gruziyaning janubiy qismini, qisman Turkiya va Eronni ishgʻol etgan. Armaniston togʻligi gʻarbda Kichik Osiyo togʻligiga, sharqda Eron togʻligiga qoʻshilib ketadi. Maydoni taxminan 400 ming km². Relyefi uchlamchi va toʻrtlamchi davrlarning lava tuf jinslaridan tuzilgan yassitogʻliklar, vulqon konuslari va tektonik botiqlardan iborat, bu botiqdarni burmali-palaxsali tizmalar ajratib turadi. Koʻpgina tizmalar bir qancha soʻngan vulkanlardan iborat. Eng yirik vulkanlari: Katta Ararat (5165 m), Sebelan (4821 m), Syupxan (4434 m). Xrom, mis, temir, toshkoʻmir, alunit va boshqalar foydali qazilmalari bor. Togʻlikdan Kura, Araks, Furot daryolari boshlanadi. Mineral buloqlar mavjud. Baʼzi bir botiklar koʻllar bilan band (Van, Sevan va hokazo). Eng katta botiqlari: Ararat, Arzirum, Tabriz va boshqalar Iqlimi subtropik, kontinental. Togʻlarda yiliga 300 — 800 mm, botiqlarda 150 — 300 mm yogʻin yogʻadi. Botiqlar quruq dasht va chala choʻllardan iborat, togʻ yon bagʻirlarining pastroq qismlarida keng bargli va igna bargli oʻrmonlar hamda butazorlar bor[1].

Geografiyasi

tahrir

Armaniston togʻligi gʻarbda Kichik Osiyo, sharqda Eron togʻliklari, shimolda Katta Kavkaz, janubda Mesopotamiya pastekisliklari bilan chegaralangan. Maydoni 400000 km2 atrofida. Togʻlik tektonik tuzilishi, relef xususiyatlari, iqlimining kontinentalligi bilan Kichik Osiyodan farq qiladi. Armaniston togʻligida Kichik Osiyo va Eron togʻliklaridagiga nisbatan burmali togʻlar bir-biriga yaqin joylashgan va oʻzaro tutashgan. Kars yassi togʻligidan boshqa keng ichki yassi togʻliklar yoʻq. Qadimgi burmalar paleozoyda sodir boʻlgan. Kaynozoyda qaytadan burmalanib, tizmalar va bukilmalar hosil qilgan. Asosiy relef tiplari neogen va antropogenning lava-tuf jinslaridan tuzilgan tizmalar, togʻliklar, platolar, vulkan konuslari va tektonik botiqlardan iborat. Botiqlar burmali-palaxsali tizmalar bilan oʻralgan. Tizmalarning koʻpchiligi qator soʻnggan vulkanlardan tashkil topgan. Eng yirik vulkanlari va baland choʻqqilari Katta Ararat (5165 m), Sebelan (4821 m), Syupxan (4434 m), Jilo (4168 m), Aragas (4090 m), Kichik Ararat (3925 m), Kaputjux (3904 m) va boshqalar. Togʻlikning shimolida balandligi 3000-4000 m dan oshadigan Kichik Kavkaz (Mesxet, Trialit, Shoxdogʻ, Qorabogʻ, Vardenin, Zangezur tizmalari), Tolish togʻlari, janubida balandligi 2500-3500 m ga yetadigan Sharqiy yoki Armaniston Tavr togʻlari, Kurdiston tizmalari joylashgan. Togʻ tepaliklarida alp relef shakllari keng tarqalgan. Togʻoraligʻi botiqlari orasida eng yiriklari Kolxida, Kura, Ararat, Arzirub, Tabriz va boshqalar dengiz sathidan 100 m dan 2000 m gacha balandlikda joylashgan. Barcha botiqlar aholining zichligi tufayli kuchli oʻzlashtirilgan, ayrimlari koʻllar bilan band. Armaniston togʻligining iqlimi subtropik, kontinental. Yer yuzasining katta qismi baland boʻlganligi va togʻlik ustida antisiklon sharoiti vujudga kelganligi tufayli qish sovuq boʻladi va uzoq davom etadi. Yanvarning oʻrtacha harorati −15°S gacha tushadi. Yozi jazirama issiq, botiqlarda iyulning oʻrtacha harorati +24°,+30°S ni tashkil etadi. Togʻ yonbagʻirlarida va platolarida yozda moʻtadil issiq boʻlib, oʻrtacha harorat +20°S dan oshmaydi. Kolxida va Kura botiqlarida, Lenkoran pastekisligida qish oylarining harorati 0°S dan yuqori. Kura-Araks pastekisligida yanvarning oʻrtacha harorati +1°,+3°S ga, Kolxida pastekisligida +4°,+6°S ga teng. Togʻlarning baland choʻqqilarida harorat yil davomida 0°S dan past boʻladi. Togʻ tizmalarining tashqi yonbagʻirlarida yogʻin miqdori 1000 mm gacha yetadi. Lenkoran pastekisligi va Tolish togʻ etaklarida bu koʻrsatkich 1200-1700 mm, Kolxidada 1500-1800 mm ni tashkil etadi. Ichki hududlarning gʻarbida yillik yogʻin miqdori 500-700 mm, sharqida 300-500 mm ga teng. Qor chizigʻi 4200-4300 m balandlikdan oʻtadi. Oʻlkaning shimol tomonga oqadigan daryolari Kaspiy va Qora dengiz havzalariga, janub tomon oqadigan daryolari Fors qoʻltigʻi havzasiga qaraydi. Armaniston togʻligidan Kura, Araks, Dajla, Frot kabi yirik daryolar boshlanadi. Ular qorlar, muzliklar va yomgʻir suvlaridan toʻyinib, bahorda va yozda toʻlib oqadi. Daryo suvlari qishloq xoʻjalik ekin maydonlarini sugʻorishda foydalaniladi. Armaniston togʻligida uchraydigan tektonik koʻllar turli balandliklarda joylashgan. Ular orasida eng kattasi boʻlgan Urmiya (Rezaye) koʻli dengiz sathidan 1275 m balandda joylashgan. Maydoni 5800 km2 , chuqurligi 15 m, suvining shoʻrligi 150 /00 dan 23‰gacha koʻtariladi. Bahorda yogʻin koʻp paytida koʻlning suv sathi koʻtarilib, qirgʻoq chizigʻi oʻzgaradi, qirgʻoqdagi pastqam yerlarni suv bosadi. Kattaligi jihatidan ikkinchi oʻrinda Van koʻli turadi. Uning balandligi 1720 m, maydoni 3764 km2 , chuqurligi 25 m, suvining shoʻrligi 20‰. Sevan koʻlining balandligi 1900 m, maydoni 1400 km2 , chuqurligi 86 m. Sevanga 30 ga yaqin kichik daryolar kelib quyiladi va undan Razdan daryosi oqib chiqadi. Kolxida pastekisligida qadimgi lagunaning qoldigʻi boʻlgan Paleostomi koʻli bor. Oʻlka iqlimi quruq kontinental boʻlganligi sababli togʻ, dasht va chala choʻl landshaftlari keng tarqalgan. Katta-katta maydonlarni qoplagan och tusli kashtan, qoʻngʻir, och tusli qoʻngʻir tuproqlarda dasht, chala choʻl oʻsimliklari, kserofit butalar oʻsadi. Daryo vodiylarida butazorlar, oʻtloqzorlar va qamishzorlar mavjud. Oʻrmonlar togʻ tizmalarining yogʻin koʻproq tushadigan togʻ yonbagʻrida oʻsadi. Togʻ etaklari, botiqlar va pastekisliklarda paxta, sholi, tamaki, bugʻdoy, makkajoʻhori ekiladi, sitrus plantasiyalari, turli xil mevali bogʻlar va tokzorlar barpo etilgan.

Havolalar

tahrir



Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent 2000-yil
  • T. V. Vlasova. Materiklar tabiiy geografiyasi (okeanlar tutash qismlari bilan birga)- Oʻqituvchi. T., 1981[1]
  • X.Vaxobov, A. A. Abdulqosimov, N. R. Alimkulov MATERIKLAR VA OKEANLAR TABIIY GEOGRAFIYASI -Toshkent ,2021[2]