Askiya
Askiya (arab, zakiy — oʻtkir zehnli, hozirjavob) — oʻzbek xalq ogʻzaki ijodi turi; folklor janri; ikki va undan ziyod kishi yoki guruhning xalq yigʻinlari (sayil, toʻy, bayram)da maʼlum mavzu boʻyicha badiiy soʻzda tortishuvi.
Taraflar baʼzan davrada, baʼzan qarama-qarshi oʻtirgan, turgan yoki yurgan holda tez javob berishga, oʻz javoblarini loʻnda, sermaʼno, latif, taʼsirli, jozibali va kulgili chiqarishga harakat qiladilar. Javob topishda qaysi taraf mavzu, janr doirasidan chetlashsa yoki soʻz tanlashda pala-partishlikka yoʻl qoʻysa oʻsha taraf yengilgan hisoblanadi. Tomoshabin oʻz kulgisi va ehtirosli qiyqiriqlari bilan taraflar va ularning javoblariga baho berib boradi; mazmundor, serqochirim Askiyadan zavqlanadi, sayoz va qoʻpollaridan ranjiydi. Askiyaning mazmunli, serzavq, kulgili chiqishida taraflardan hozirjavoblik, badihagoʻylik, shuningdek mavzuga aloqador keng va chuqur maʼnoli soʻzlarni topa bilish, yuz, koʻz, qoʻl, tana harakatlaridan, tovush va imo-isho-ralardan oʻrinli foydalana bilish talab etiladi.
Askiyachi
tahrirAskiya turlarini mukammal egallagan, katta davralarda tortisha oladigan kishilar askiyachi, askiyaboz deb ataladi. Turkistonda bunday kishilar badihagoʻy nomi bilan yuritilgan. Askiyachi tilning keng imkoniyatlarini puxta egallagan, soʻz oʻyini, qochirim, hazil-mutoyiba, kinoya, tashbih, kesatiq, oʻxshatish, mubolagʻa, mashara kabi hajv sanʼati vositalaridan ustalik bilan foydalana oladigan boʻlishi lozim. Askiya tortishuvida zakiylik, hozir-javoblik asosiy me-zon hisoblanadi. Askiyaning vazifasi kulgi chiqarish orqali kishilarning kayfiyatini rostlash, ularga zavq baxsh etish, muayyan mavzu doirasida ularning bilimlarini yanada kengaytirish, aklini, fikrini charxlash, ziyrak, hozirjavob boʻlishga daʼvat etish, shu bilan birga turmushdagi va ayrim kishilar xulqidagi kamchiliklar ustidan yengil kulgi uygʻotishdir.
Turlari
tahrirAskiyaning payrov, qofiya, radif, tutal, oʻxshatdim, boʻlasizmi, bahri bayt, safsata, „gulmi-siz, jambilmisiz, rayhonmisiz“, shirinkorlik, afsona, rabbiya, laqab kabi turlari bor.
Lugʻaviy maʼnolari
tahrirAskiya [a. اڒګا- ziyraklar, zakiylar] Oʻzbek xalq ogʻzaki ijodining bir janri boʻlib, unda soʻz oʻyiniga, qochiriqqa asoslangan holda ikki yoki undan ortiq kishi yoki taraflar musobaqalashadi. Askiya, odatda, toʻy-tomosha, sayl, ziyofat kabi yigʻinlarda oʻtkaziladi. Askiya aytishmoq. Shunday misobaqada (askiyada) tarafkash sifatida qatnashmoq. Askiya qilmoq. Soʻz oʻyini, qochiriqlar bilan masxara, mayna qilmoq[1].
Askiya — so‘z o‘yinlaridan foydalangan holda mot qilish sanʼati, davradagilarning zukkoligi, hozirjavob va topqirligi asosidagi taraflar musobaqasi[2].
Etimologiyasi
tahrirAskiya bu arabcha soʻz azkiyau shakliga ega boʻlib, oʻzbek tiliga fathali hamzani a tovushiga, k undoshining taʼsiri bilan zal undoshini s undoshiga, choziq I, a tovushlarini I, a tovushlariga almashtirib, soʻz oxiridagi dammali hamzani tashlab qabul qilingan. Bu soʻz „oʻtkir zehnli boʻldi“ maʼnosini anglatadi[3].
Tarixi
tahrirAskiya oʻzbek xalqi orasida koʻp asrlardan beri mavjud boʻlib, uning dastlabki shakli urugʻchilik davrida paydo boʻlgan.
Alohida janr sifatida, asosan, XV asrdan shakllangan. Bu davrda Mir Sarbirahcha, Mavlono Burhonilang, Said Gʻiyosiddin sharfa, Mavlono Xalil Sahof, Muhammad Badaxshiy kabi mashhur askiyachilar yashagan. Bular ora-sida eng isteʼdodlisi va atoqlisi Mavlono Abdulvoseʼ munshiy boʻlgan.
XVIII — XIX asrlarda Askiya, ayniqsa, Fargʻona vodiysi va Toshkentda rivojlangan. Bachqir qishlogʻi (Fargʻona vodiysi)da Dexlon yuzboshi Shernazarov (1860- 1942) va Zangiota qishlogʻi (Toshkent)da Saidahmad askiyachi (1880- 1940) kabi mashhur askiyachilar oʻtgan.
Ularning anʼanalarini XX asrning 40 — 60-yillarida Erka qori Karimov, Mamayusuf Tilla-boyev, Yusufjon Shakarjonov, Rasul qori Mamadaliyev, Aka Buxor Zokirov va boshqa davom ettirdilar. Keyingi yillar Tursun-buva (Ijroqoʻmbuva) Aminov, Mamaroziq Ishoqov, Rahmatqul va Abdullajon Yasha-rovlar, Abdulhay Maxsum Qozoqov, Ma-majon Madaminov, Toshkentda aka-uka Shojalilovlar Askiya rivojiga katta hissa qoʻshdilar. 50-yillardan Askiya konsert da-sturlariga ham kiritildi. Lutfixonim Sarimsoqova, Joʻraxon Sultonov, Maʼmurjon Uzoqov, Muhammadjon Mirzayev, Gʻanijon Toshmatov, Gavhar Rahimova, Soyib Xoʻjayev kabi sanʼatkorlar Askiyani teatr sahnasiga olib chiqib, tomoshabinlarga manzur qilganlar. Hozir ham bayram, sayillar va toʻy marosimlarida Askiya musobaqalari, kechalari va hokazo oʻtkazib turiladi, askiyachilarning respublika koʻriklari uyushtiriladi.
1960-yillarda Toshkent davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston milliy universiteti) va Sanʼatshunoslik instituti folklor ekspeditsiyalari koʻplab Askiya aytishuvlarini yozib oldi. Askiya payrovlari yozil-gan plastinkalar chiqarildi. „Askiya“ hujjatli filmi (rejissyor M. Qayumov) yaratildi. Askiya ogʻzaki va yozma adabiyotda ham uchraydi: „Alpomish“, „Kuntugʻmush“ dostonlarida Askiyaga xos qochirimlar, soʻz oʻyinlariga boy parchalar bor. Navoiyning „Majolis un-nafois“, K. Yashinning „Tor-mor“ dramasi va boshqa asarlarda Askiya vositasida yaratilgan maroqli epizodlar, tili Askiya yordamida individu-allashtirilgan personajlar mavjud.
Hozir Askiyaning payrov turi ayniqsa keng rivoj topgan.
Adabiyot
tahrir- Muhammadiyev R., Askiya, T., 1970
- Qodirov M. X., Oʻzbek xalq tomosha sanʼati, T., 1981
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |