Turkiston

Markaziy Osiyodagi tarixiy mintaqa

Turkiston – Markaziy Osiyoning oʻrta asr tarixiy-geografik adabiyotlarda uchraydigan nomi. Manbalarda Turon va Turkiston atamalari oʻrnida qayd etilgan. 639-yil Turonda tuzilgan sugʻd hujjatida Oʻrta Osiyo mintaqasining nomi sifatida ishlatilgan. „Turkiston“ atamasi „Oʻrta Osiyo“ va „Movarounnahr“ nomlaridan farqli ravishda nafaqat geografik, balki etnogeografik tushunchani anglatib, shuningdek, siyosiy-huquqiy ahamiyatga ham ega boʻlgan. Arablar istilosidan soʻng „Turkiston“ toponimi oʻzining siyosiy-huquqiy maʼnosini yoʻqotmagan. Uning siyosiy sarhadlari Shimol va Sharqqa, Arab xalifaligi, Qarluq va Uygʻur xoqonliklari bilan chegaradosh boʻlgan yerlargacha yoyilgan. Ayni mana shu davlatlar endilikda Turkiston nomi bilan arab tarixchi-geograflari asarlarida (VIII-X asrlar) qayd etilgan. Markaziy Osiyoning markaziy va janubiy viloyatlari (Amudaryo va Sirdaryo oraligʻi) Movarounnahr deb atala boshlagan.

Turkiston xaritasi

Qoraxoniylar davlati barpo etilishi bilan „Turkiston“ toponimining ahamiyati yana qayta oʻzining sobiq hududlari doirasida deyarli tiklanadi, uning janubiy sarhadlari Amudaryo bilan belgilanadi. „Movarounnahr“ atamasi esa, Turkistonning bir qismi sifatida, yaʼni Qoraxoniylar, soʻngra Xorazmshohlar, Chigʻatoiylar, Temuriylar va Shayboniylar davlatining bir qismi sifatida qarala boshlagan. Mahmud ibn Valnning yozishicha, „Turkiston – bu keng va koʻngilli yurtdir, bu yurtning uzunligi Sayhun daryosining qirgʻogʻidan Qoramurun daryosi qirgʻogʻigacha boʻlib, bu yerni Moʻgʻuliston nomi bilan ataganlar“. Muallif Turkistonning yana bir nomi – bu Turon va uning aholisi turklar deb yozadi. Shu davrdagi Moʻgʻuliston Sharqiy Turkiston, Yettisuv va Oltoyni qamrab olgan. XIX asr oʻrtalarida Turkiston hududi (3 mln. kv. km dan ortiq) gʻarbda Ural togʻlari etagi va Kaspiy dengizi, sharqda Oltoy togʻlari va Xitoy, janubda Eron va Afgʻoniston, shimolda Tomsk va Tobolsk gubernyalari bilan chegaradosh boʻlgan. Turkiston shartli ravishda Gʻarbiy (Qozogʻistonning janubiy qismi, Oʻzbekiston, Tojikiston, Turkmaniston hududlari), Sharqiy (Shinjon-Uygʻur muxtor rayoni) va Afgʻon Turkistoni (Afgʻonistonning shimoliy qismi)ga boʻlingan. Rossiya imperiyasi bosib olgan Gʻarbiy Turkiston hududida 1867-yil Turkiston general-gubernatorligi tashkil qilingan. 1886-yildan rasman Turkiston oʻlkasi deb atala boshlagan. Oktabr toʻntarishidan soʻng, 1918-yil aprelda Gʻarbiy Turkiston hududida Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi (TurkASSR) tuzilgan. Shoʻro hokimiyati yagona va mustaqil Turkistonni qayta tiklash gʻoyasi tugʻilishidan xavfsirab 1924—25-yillarda shoshilinch sur’atda „Turkiston xalqlarining milliy davlat chegaralanishi“ deb atalmish tadbirni oʻtkazgan. Natijada, siyosiy ahamiyat kasb etgan „Turkiston“ atamasi sunʼiy ravishda isteʼmoldan chiqarilib, oʻrniga rasman „Oʻrta Osiyo“ geografik termini joriy qilingan.

Yana qarang

tahrir

Manbalar

tahrir

1. Bartold V. V., Istoriya Turkestana, Sochineniya, T. 11(1), M., 1963; 2. Sagdullayev A. S., Qadimgi Oʻzbekiston ilk yozma manbalarda, T., 1996.