Asosiy ton (ruscha: „Основной тон“) musiqa nazariyasida turli maʼnolarni ifodalovchi tushunchadir.

Do major akkordining asosiy toni (qizil bilan belgilangan)(Tinglash).
Asosiy ton bir oktava yuqorida qayta takrorlangan.

Asosiy ton asosiy chastotalar hosil qilgan tovush toni boʻlib, har qanday tovush manbai faqat asosiy chastotada emas, balki unga karrali boʻlgan yuqori chastotalarda (garmonikalar) ham tebranadi. Ushbu yuqori chastotalar natijasida hosil boʻladigan tovushlar obertonlar deb ataladi. Asosiy ton tabiiy tovushqatorning boshlangʻich va eng pastki tovushi boʻlib, u obertonlar uchun tayanch vazifasini bajaradi.

Shuningdek, asosiy ton akkordning eng pastki (bas) tovushidir. Bu holatda u akkordning birlamchi tuzilishini belgilaydi va prima deb ham ataladi. Tersiya boʻyicha tuzilgan akkordlarda asosiy ton tayanch vazifasini bajaradi va arabcha 1 raqami bilan belgilanadi.

Musiqiy tuzukda (yaʼni lad) asosiy bosqich, yaʼni bosh pogʻona ham asosiy ton deyiladi. Bu pogʻona musiqaning umumiy turgʻunlik markazini belgilaydi, boshqa pogʻonalar unga tortiladi va musiqiy tuzilmani barqarorlik hissi bilan taʼminlaydi. Akkordlar tarkibida asosiy ton boshqa tovushlardan alohida, aniq va ravshan eshitilishi bilan ajralib turadi. Asosiy ton akkordning har xil joylashuvlarida muhim ahamiyat kasb etadi va musiqiy tuzilmaning boshqaruv elementi hisoblanadi[1][2][3].

Yana qarang

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. "Asosiy ton" OʻzME. A-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. I. A. Akbarov. Музика луғати. Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1987. 
  3. I. A. Akbarov. Мусиқа луғати. Toshkent: Oʻqituvchi nashriyoti, 1997 — 384-bet. ISBN 5-645-02422-2.