Avhadiddin Kirmoniy, Homid ibn Abufaxr Avhadiddin Kirmoniy (1168, Kirmon – 1236, Bagʻdod) – “Naso­yim ul-muhabbat”da tilga olingan tasavvuf namoyandasi, shoir. Tahsil olib, kamolga yetkach, musulmon Sharqining Damashq, Bagʻdod kabi koʻplab shaharlariga sayohat qiladi, ulugʻ orif-u donishmandlar suhbatidan bahramand boʻladi. Shayx Rukniddin Sinjoniyning xalifasi. Muhyiddin ibn Arabiy va Shamsiddin Tabriziy bilan uchrashgan. Faxriddin Iroqiy va Avhadiy Marogʻiy uning shogirdlaridan. U fors-tojik irfoniy sheʼriyatining ustozlaridan sanaladi. Undan bizgacha 1180 baytli “Misboh ul-arvoh” (“Ruhlar mashʼali”) masnaviysi hamda 1807 ruboiydan iborat toʻplam yetib kelgan.

“Nasoyim ul-muhabbat”da nihoyatda ulugʻ kishi emish, goʻzal sheʼrlari bor, deb taʼriflangan. Tasavvufdagi maqomi haqida esa “derlarki, ul haqiqat shuhudida mazohir suratigʻa tavassul qilgʻon ekondur va mutlaq jamolin muqayyadot suvarida mushohada qilur ermish”, deyiladi. “Mahbub ul-qulub”da u “haqiqat asroriga majoz tariqin” omuxta qilgan shoirlar guruhiga kiritilgan[1][2].

Manbalar

tahrir
  1. "Alisher Navoiy: Qomusiy lugʻat". 
  2. "Nasoyim ul-muhabbat".