Avhadiy Marogʻiy
Avhadiy Marogʻiy, Rukniddin (yoki Avhadiddin) ibn Husayn Marogʻiy Isfahoniy (1274-yil – Marogʻa – 1338-yil) – “Nasoyim ul-muhabbat”da tilga olingan tasavvuf shayxi.
Hayoti
tahrirDiniy-tasavvufiy ruhdagi sheʼrlari bilan shuhrat qozongan A. Marogʻiy oʻz davri adabiy va falsafiy ilmlarini chuqur oʻzlashtirib, shofiʼiylik mazhabiga mayl koʻrsatgan. Eron elxonlari saroyiga yoʻl topib, ularga bagʻishlab qator qasidalar yozadi. 1308-yilgi safari davomida, Sultoniya, Hamadon, Isfahon, Karbalo, Damashq, Kufa, Bagʻdod kabi bir qancha shaharlarda boʻlib, 1311-yilda Marogʻaga qaytadi. 1314-yil yana Isfahonga borib, u yerda 20 yil yashaydi, koʻplab asarlar bitadi. 1333 yildan umrining oxirigacha Marogʻada yashaydi.
Ijodiy merosi
tahrirA. Marogʻiydan sheʼrlar devoni, “Dah noma” (“Oʻn noma”), “Mantiq ul-ushshoq” (“Oshiqlar mantigʻi”) va “Jomi Jam” (“Jamshid jomi”) masnaviysi yetib kelgan. Devoni qasida, gʻazal, qitʼa, ruboiy, tarkibband, tarjiʼband va murabbaʼ janridagi sheʼrlardan iborat. Masnaviylari irfoniy mazmunda boʻlib, “Jomi Jam” Sanoiyning “Hadiqat ul-haqiqa” asariga ergashib yozilgan. Tasavvufa Avhadiddin Kirmoniy izdoshlaridan sanaladi, oʻz taxallusini ham pirining nomidan olgan.
Devoni va “Jomi Jam” masnaviysiga Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy yuksak baho berishgan. Chunonchi, “Nasoyim ul-muhabbat”da oʻqiymiz:
“... anga sheʼr devoni bor, gʻoyat latofatda bir tarjeʼoti bor mutalim haqoyiqu maorifqa va “Jomi Jam” otligʻ masnaviysi bor. Shayx Sanoiyning “Hadiqa”si uslub va vazni bila. Va anda koʻp latoyif darj qilibdur... Va Shayx Sanoiyning “Roiya” qasidasigʻa yaxshi javob aytibdur va abyotining adadi yuz oltmish boʻlgʻusidur”[1][2].
Manbalar
tahrirHavolalar
tahrirVikiiqtibosda Avhadiy Marogʻiyga tegishli iqtiboslar mavjud. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |