Azizim, poʻrtaxol
Azizim, poʻrtaxol (portugalcha: Meu Pé de Laranja Lima) — 1968-yilda braziliyalik yozuvchi Jose Mauro de Vasconcelosning butun dunyo kitobxonlariga kuchli taʼsir oʻtkazgan bolalik haqidagi dramatik romani.
Asl nomi | Meu Pé de Laranja Lima |
---|---|
Muallif(lar) | Jose Mauro de Vasconcelos |
Tarjimon(lar) | Mirzohid Muzaffar |
Mamlakat | Braziliya |
Til | portugalcha |
Janr(lar)i | roman |
Nashr etilgan sanasi | 1968-yil |
Nashriyot | Companhia Melhoramentos de Sao Paulo |
Sahifalar soni | 183 |
ISBN | 978-975-07-3860-9 |
Romanda Braziliyaning Minas-Jerais viloyatida istiqomat qiluvchi faqir oilaning tasavvur olami keng boʻlgan 5 yoshli xayolparast oʻgʻli – Zeze ismli bolaning boshidan kechirgan voqealari yozuvchi tomonidan hikoya qilinadi. Portugal tilida yozilgan ushbu asar chop etilishi bilan 16 tilga tarjima qilingan[1]. Muallif bolalik xotiralarini yodga soluvchi bu asarni 12 kunda yozib, nihoyasiga yetkazganligini taʼkidlagan[2].
Roman asosida 2012-yil braziliyalik rejissor Marcos Bernstein tomonidan film suratga olingan. Aynan shu yili „Azizim, poʻrtaxol“ asari ham ekranlashtirilgan asarlar qatoridan joy olgan[3].
„Azizim, poʻrtaxol“ — Jahon adabiyotining eng bebaho asarlaridan biri deb qabul qilingan.
Syujeti
tahrirFaqir bir oilaning besh yoshli oʻgʻli - Zeze oʻzining shoʻxliklari bilan butun mahallani bezor qiladigan bola. Hamma unga „shaytonning oʻgʻli“, deb laqab qoʻygan. Zeze shoʻx, toʻpolonchi boʻlsa-da, tasavvur olami keng, mustaqil oʻqishni oʻrgana oladigan darajada aqlli hamda oʻqituvchisiga har kuni gul olib borib, uni xursand qiladigan hissiyotli bola. Kichik yoshidan maktabga qadam qoʻygan Zeze yaxshi xulqli, mehnatkash oʻquvchiga aylangan boʻlsa-da, koʻchada shoʻxliklar qilishdan sira charchamaydi. Uning bu shoʻxliklarini faqat opasi va oʻqituvchisi tushunadi.
Oilasi yangi mahallaga koʻchib oʻtishga majbur boʻlganida, norozi ahvolga tushgan Zeze yangi uylarining bogʻidagi poʻrtaxol daraxti bilan doʻstlashadi. U odatda, Minguinho deb atagan, kayfiyati yaxshi boʻlgan damlarda esa Xururuca deb erkalagan poʻrtaxol daraxti bilan suhbatlar quradi. Zeze daraxt bilan kun boʻyi qilgan ishlarini va gʻaroyib xayollarini oʻrtoqlashadi.
Yangi yil yaqinlashganida, Zeze sovgʻa kutgan holda oyoq kiyimini eshik oldiga qoʻyadi, biroq, ishsiz va juda faqir otasining oʻgʻli uchun sovgʻa sotib olishga qurbi yetmasdi. Bu ishi otasini qanchalik oʻksitganligini anglab juda afsuslanadi. U otasiga hadya sotib olib, qilgan xatosini toʻgʻrilamoqchi boʻladi. Odamlarning oyoq kiyimlarini boʻyab, otasiga sigaret olish uchun yetarlicha pul toʻplaydi.
Zezening shoʻxliklaridan biri, shahardagi eng chiroyli va eng qimmat mashinaning orqasiga osilib olish edi. U birinchi urinishida muvaffaqiyatsizlikka uchraydi va mashinaning egasi portugaliyalik Manuel Valaderes tomonidan kaltaklanadi. Bu voqeadan soʻng Zeze portugaliyalik Manueldan yashirinadi. Ammo, bir kuni shoʻxliklari sabab maktabga oqsoqlanib ketayotgan Zezeni koʻrgan portugaliyalik Manuel uni mashinasiga oʻtkazib, dorixonaga olib boradi. Shunday qilib, Zeze va Manuel oʻrtasida doʻstlik vujudga keladi. Ular doimo birga vaqt oʻtkazishadi. Zeze uni otasidek hurmat qiladigan boʻladi.
Bir kuni Zeze koʻcha qoʻshiqchisi janob Arivaldoni uchratib qoladi, soʻngra uning yonida koʻchalarda qoʻshiq kuylay boshlaydi. Zezening otasi u kuylayotgan qoʻshiq matnlari odobsiz soʻzlardan iborat boʻlganligi uchun oʻgʻlining janob Arivaldo bilan koʻrishishini taʼqiqlaydi. Bir kuni Zeze otasi uchun kuylashga qaror qilib, janob Arivaldodan oʻrgangan qoʻshigʻini unga ijro qilib berganida, otasi uni kamar bilan kaltaklaydi. Bu kaltakdan keyin Zeze endi otasining oʻgʻli emas, balki, Manuelning oʻgʻli boʻlishni xohlayotganligini aytadi.
Bir qancha shoʻxliklari sababli Zeze opasi Jandira va akasi Totoca tomonidan ogʻir kaltaklanadi va uydan chiqolmaydigan holga tushadi. Oʻsha paytlarda Zeze ogʻir azob chekkanidan oʻlishni xohlab qoladi. U tuzalib, Manuel bilan uchrashgach, oʻlishni xohlayotganligi haqida unga aytadi, biroq, Manuel uni bu fikridan qaytaradi.
Bir kuni Zeze maktabdaligida Manuelning vafot etganligi haqida eshitib qoladi va birdan oʻzini koʻchaga otadi. Bu oʻlim xabari Zezening butun sevinchini yoʻqqa chiqaradi. Portugaliyalik Manuel vafot etdi. Bu baxtsiz hodisa yetmaganday, Zezening bogʻdagi oʻsha suhbatdosh poʻrtaxol dartaxti yoʻl qurilishi tufayli kesiladi, degan gap tarqaldi. Zeze ketma-ket sodir boʻlgan bu baxtsizliklarga chiday olmay xasta boʻlib qoladi. Vaqt oʻtishi bilan Zezening sogʻligʻi yaxshilanadi va otasi ham yaxshi maoshli ish topadi. Biroq, Zezening bolaligi oʻlgan edi. Uning yuragi hech qachon tuzalmaydi…
Manbalar
tahrir- ↑ „Şeker Portakalı, dr.com.tr kitap tanıtım sayfası. Erişim tarihi: 09.02.2015“. 9 şubat 2015da asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 9 şubat 2015.
- ↑ „Şeker Portakalı, antoloji.com sitesi. Erişim tarihi: 09.02.2015“. 19 ocak 2010da asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 13 ocak 2010.
- ↑ „Şeker Portakalı, sinemalar.com. Erişim tarihi: 09.02.2015“. 9 şubat 2015da asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 9 şubat 2015.