Badriddin Kashmiriy
Badriddin Kashmiriy (toʻliq ismi Badriddin ibn Abdussalom ibn Sayyid Ibrohim al-Husayniy alkashmiriy) (XVI asr 2-yarmi) – tarixchi, adib, shoir. 1554-yil Kashmirdan Buxoroga kelgan va Joʻybor xojalaridan Xoja Muhammad Islom va uning vorislari Xoja Saʼd va Xoja Tojiddin Hasanning shaxsiy kotibi boʻlgan. Badriddin Kashmiriy Abdullaxon II ga bagʻishlangan "Zafarnoma" dostoni (1593), koʻplab masnaviy, gʻazallar, shuningdek umumiy tarixning Shayboniyxongacha boʻlgan davrini qamrab olgan "Rasulnoma" asarini yozgan.Badriddin Kashmiriyning bizgacha yetib kelgan tarixiy asarlaridan biri "Ravzat arrizvon va hadiqat algʻilmon" ("Rizvon (farishta) bogʻi va gʻilmon boʻstoni") boʻlib, u taxminan 1589–1590 yillarda yozilgan. Asar muqaddima, xotima va 7 bobdan (boblar fasllarga ajratilgan) iborat boʻlib, Joʻybor xojalarining hayoti, ularning shayboniy sultonlari bilan olib borgan yozishmalariga bagʻishlangan. Unda Movarounnahrning XVI asr 2-yarmidagi iqtisodiysiyosiy ahvoli, madaniy hayoti, Buxoro xonligining Eron, Shimoliy Hindiston, Qashqar, Xorazm, qozoqlar, qirgʻizlar bilan siyosiy aloqalariga oid koʻplab maʼlumotlarni uchratish mumkin.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |