Movarounnahr

oʻrta asrlarda islom mamlakatlarida keng tarqalgan geografik atama

Movarounnahr (arabcha — „daryoning narigi tomoni“) — oʻrta asrlarda islom mamlakatlarida keng tarqalgan geografik atamadir. Uning xuddi shu maʼnoni anglatgan fors tilidagi "Varorud" va "Varojayxun" shakllari ham mavjud boʻlib, ularning barchasi avval (11 -asrgacha) Xuroson viloyatining davomi sifatida, 11-asr boshidan eʼtiboran esa Turkiston, yaʼni Qoraxoniylar davlati va undan keyingi turkiy davlatlar tarkibidagi maʼmuriy birlik sifatida tushunilgan. 11-asrda Yevropa tarixshunosligida mazkur arab atamasining lotincha tarjimasi boʻlmish yangi "Transoksiana" yoki "Transoksaniya" atamalari muomalaga kiritilgan.

Xarita
nothumb
Movarounnahr
1370 - 1405 Amir Temur
1405 - 1447 Shohruh Mirzo
1447 - 1449 Mirzo Ulug'bek
1449 - 1450 Mirzo Abdullatif
1451 - 1469 Abu Said
1469 - 1494 Sulton Ahmad
1494 - 1495 Sulton Mahmud
1495 - 1497 Boysungʻur Mirzo
1498 - 1500 Sulton Ali Mirzo
1500 - 1512 Zahiriddin Muhammad Bobur

Hozirgi zamon tarixiy-geografik ilmiy adabiyotda Movarounnahr deganda, asosan, Turkmanistondan tashqari boʻlgan Oʻrta Osiyo hududlari, yaʼni, Oʻzbekiston, Tojikiston, Qirgʻiziston va Qozogʻistonning janubiy qismi tushuniladi.

Movarounnahr atamasi ilk bor Muhammad sollallohu alayhi vasallam hadislarida tilga olingan. Aftidan bu atama arablar orasida islomgacha boʻlgan davrlarda ham maʼlum boʻlib, u vaqtda (milodiy 6-asr) Sosoniylar davlatidan shimoliy-sharqda, Jayxun, yaʼni Amudaryoning orqasida joylashgan Turk xoqonligiga qarashli yerlarni anglatgan. Qadimiy fors manbalaridagi maʼlumotlarga tayangan arab geograf olimi Yoqut Hamaviy Movarounnahr atamasini [Turon]] mamlakatining nomi deb bilgan. Arablar oʻzlarining sharqqa qilgan ilk yurishlari davomida (7-asrning 2-yarmi — 8-asrning boshi) ikki xil tushuncha haqida maʼlumotga ega boʻlganlar: "ma duna-nnahr", yaʼni "daryoning pastki tomoni" va "ma varo-annahr" — "daryoning narigi tomoni". Ulardan birinchisi Xurosondan sharqda Amudaryodan janubda Hindukush togʻlarigacha boʻlgan Tohariston yerlarini; ikkinchisi esa, Amudaryodan shimoldajoylashgan Shimoliy Tohariston va Sugʻd yerlarini oʻz ichiga olgan. 9—10-asrlarda yashagan va Oʻrta Osiyo hududlariga tavsif bergan arab geograflaridan faqat al-Istaxriy va Ibn Havqal ularga nisbatan Movarounnahr atamasini maxsus ishlatganlar. Boshqa arab geograflari esa Oʻrta Osiyo hududlari haqida soʻz yuritganlarida Movarounnahr atamasini juda tor maʻnoda ishlatib, uni Xurosonning davomi yoki al-Mashriq (Sharq)ning bir qismi sifatida tasvirlaganlar. Al-Mashriq tushunchasiga esa ular Xuroson va Movarounnahr yerlaridan tashqari, Hindiston, Xitoy yerlarini va hatto Hind va Tinch okeanlaridagi Yaponiyagacha boʻlgan orollarni kiritganlar (Ibn Xurdodbeh).

11-asr boshidan eʼtiboran Movarounnahr istilohi hudud jihatdan ayrim manbalarda Sugʻd va Xorazm, boshqalarida esa Sugʻd va Shimoliy Tohariston yerlarini oʻz ichiga olgan. Maʼno jihatdan esa bu atama endi Turkiston, yaʼni Qoraxoniylar davlati, keyinchalik esa Xorazmshohlar, Chigʻatoylar, Temuriylar va Shayboniylar davlatlarining tarkibidagi maʼmuriy birlikni anglatgan.

Shunday qilib, Movarounnahr atamasi oʻrta asr manbalarida turlicha talqin qilinib, geografik hudud sifatida avval Turon, Turk xoqonligi yoki Turkiston mamlakati (7-asr gacha), keyin Xuroson (7— 10-asrlarda) undan ham keyin Turkiston (11-asrdan boshlab), maʼlum vaqt esa Xorazm (12-asrning oxiri — 13-asrning boshi) tarkibiga kiritilgan. Demak, bu atama faqat geografik maʼnoga ega boʻlib, har xil davrlarda turli davlatlar — Turk xoqonligi, Arab xalifaligi, shuningdek, Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshoxlar va boshqa davlatlarning tarkibiga maʼmuriy birlik sifatida kirgan. Bu atama haqida turli manbalarda keltirilgan maʼlumotlarning yigʻindisi ham hududiy jihatdan "Oʻrta Osiyo" atamasini anglatadigan Turkiston tabiiygeografik oʻlkasining barcha yerlarini qamrab olmaydi. Chunki, mazkur mintaqa tarkibiga kirgan Shimoliy Xuroson (Turkmaniston), Yettisuv (Qozogʻiston) va Janubiy Tohariston (Afgʻoniston) yerlari hech qanday manbalarda Movarounnahr tarkibiga kiritilmagan. Shuning uchun, Movarounnahr atamasining oʻrta asrlarda ishlatilgan eng keng maʼnodagi tushunchasi tarkibiga shartli ravishda faqat Amudaryo va Sirdaryo oraligʻida joylashgan yerlarni kiritish mumkin.[1]

Adabiyotlar

tahrir
  • Mahmud Koshgʻariy, Devonu lugʻotit turk (Turkiy soʻzlar devoni, tarjimon va nashrga tayyorlovchi S. M. Mutallibov), 3 jildli, Toshkent, 1960—1963
  • Mahmud ibn Vali, More tayn otnositelno doblestey blagorodnix, Tashkent, 1977
  • Kamaliddinov Sh. S, Istoricheskaya geografiya Yujnogo Sogda i Toharistana po araboyazichnim istochnikam IX — nachala XIII vv., Tashkent, 1996.

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil