Balanchivadzelar - jahonga tanilgan gruzin sanʼatkorlar oilasi. Meliton Antonovich (1862.12/ 24.12, Chxaltubo tumani Banoja qishlogʻi — 1937.21.11, Kutaisi) — kompozitor, opera xonandasi, jamoat arbobi, musiqa folklorshunosi. Gruziya xalq artisti (1933). Gruziya kompozitorlik sanʼatining asoschilaridan, birinchi gruzin operasi ("Darejon", 1897), ilk gruzin romanslarining muallifi. Tbilisida etnografik xor (1882), Peterburgda mashhur "gruzin konsertlari"ni (1895 — 1917), Kutaisida musiqa bilim yurtini (1918) tashkil qilgan. Andrey Melitonovich (1906.19.5/1.6, Peterburg — 1992, Tbilisi) — kompozitor, pedagog , jamoat arbobi. Meliton Antonovichning oʻgʻli. Tbilisi (1927) va Leningrad (1931) konservatoriyalarini bitirgan. 1935-yildan Tbilisi konservatoriyasi (1942-yildan professor, 1962-yildan kompozitsiya kafedrasi mudiri), Gruziya Kompozitorlar uyushmasi (1953-yildan raisi, 1973-yildan faxriy raisi)da ishlagan. Birinchi gruzin baleta ("Togʻlar qalbi", 1936; Navoiy teatrida ham qoʻyilgan, 1940) va simfoniyasi (1944) ning muallifi. Shuningdek, "Mziya" operasi (1950), 2 ta simfoniya, "Karsanis jangi", "Dengiz", "Dnepr" simfonik lavhalari, 4 ta fortepiano konserta va boshqa asarlarni yaratgan. Georgiy Melitonovich (1904.9Gʻ22.1, Peterburg - 1983, Nyu-York) — amerikalik xoreograf va balet artisti. Zamonaviy balet sanʼatining asoschilaridan. Dunyoga Jorj Balanchin nomi bilan mashhur. Meliton Antonovichning oʻgʻli. Peterburg teatr bilim yurtini (1921) bitirgan. 1921 — 1924-yillarda Petrograd akademik balet teatrining yakkaxon artisti, "Yosh balet" truppasining tashkilotchisi. 1924-yildan chet el (Yevropa va Amerika) da yashagan. Dyagilev teatri (Parij)da qator baletlarni sahnalashtirgan. 1934-yilda AQShda balet maktabini va Amerika balet truppasini, 1948-yilda "Nyu-York siti balet" truppasini tashkil etgan. London, Parij, Milan, Kopengagen va boshqa Yevropa shaharlarida 100 dan ziyod baletlarni sahnalashtirgan, shu jumladan mumtoz cholgʻu, simfonik va opera (I. S. Bax, G. F. Gendel, V. A. Motsart, J. Vize, I. Stravinskiy va boshqalar) asarlariga balet yaratgan. "Mashhur baletlarning batafsil tarixi" kitobining muallifi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil