Bilim
Bilim — kishilarning tabiat jamiyat hodisalari haqida hosil qilgan voqelik maʼlumotlar; voqelikning inson tafakkurida aks etishi. Kundalik tasavvurimizda nimaning nima ekanligiga ishonsak va bu ishonchimiz biz odatlangan voqea va qoidalarga zid kelmasa bunda ishonch hisoblanadi. Voqelik haqidagi bilgan maʼlumotlarimiz bilim darajasiga koʻtarilishi uchun quyidagi shartlarni qanoatlantirishi lozim: birinchidan, bu maʼlumotlarning voqelikka mutanosibligi; ikkinchidan, yetarli darajada ishonarli boʻlishi; uchinchidan, bu maʼlumotlar dalillar bilan asoslangan boʻlishi lozim. Uchala shart birgalikda mavjud maʼlumotlarni bilim darajasiga olib chiqadi. Inson ijtimoiy taraqqiyot jarayonida bilmasliqdan bilishga, mavhum bilimlardan mukammal va aniq bilimlar hosil qilish tomon boradi. Kishining moddiy dunyo toʻgʻrisidagi bilimi nisbiydir, u doimo rivojlanib boradi.
Bilim kundalik tajriba, kuzatish orqali toʻplanadi. Bilimlarni tadqiq etuvchi taʼlimot — epistemologiyada perseptiv (hissiy), hayotiy — kundalik (sogʻlom aql) va ilmiy bilim shakllari ajratib koʻrsatiladi. Ilmiy adabiyotlarda bilimlarning ilmiy va ilmdan tashqari shakllari ham farq qilinadi. Ilmdan tashqari bilimlarga madaniyat, adabiyot, sanʼat, mifologiya, din va shu kabi sohalarga oid bilimlar kiradi. Odatdagi fan sohalarida tadqiq etiladigan bilimlar ekzoterik (koʻzga tashlanuvchan) bilimlar deb atalsa, astrologiya va shu kabi sohalarga oid bilimlar ezoterik (pinhoniy) bilimlar deyiladi. Ekzoterik bilimlar ilm-fan qoidalariga zid kelmaydigan boʻlsa, ezoterik bilimlar bunday qoidalarga zid kelishi mumkin.
Manbalar
tahrirVikiiqtibosda Bilimga tegishli iqtiboslar mavjud. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |