Birinchi muhabbatim
„Birinchi muhabbatim“ — oʻzbekistonlik xonanda Sherali Joʻrayev ijro etgan qoʻshiq. Matni oʻzbek shoiri Abdulla Oripov qalamiga mansub sheʼrdan olingan qoʻshiq kuyini 1968-yilda[manba kerak] Joʻrayevning oʻzi bastalagan. Tarona 1971-yil Joʻrayevning yana toʻrt boshqa qoʻshigʻi bilan bir qatorda „Uzbekskiye narodniye pesni“ (ruscha: Узбекские народные песни) plastinkasiga kiritilgan[1]. Plastinkaga yozib olish jarayonida Ahmad Odilov dutor, A. Nabiyev esa doira chalgan.
„Birinchi muhabbatim“ | ||||
---|---|---|---|---|
Sherali Joʻrayev qoʻshigʻi | ||||
„Uzbekskiye narodniye pesni“ albomidan | ||||
Chiqarilgan sanasi | 1971 | |||
Janr | anʼanaviy musiqa | |||
Davomiyligi | 6:09 | |||
Leybl | „Melodiya“ | |||
Matn muallif(lar)i | Abdulla Oripov | |||
Bastakor(lar) | Sherali Joʻrayev | |||
„Uzbekskiye narodniye pesni“ xronologiyasi | ||||
|
„Birinchi muhabbatim“ Joʻrayev repertuaridagi eng yaxshi tanilgan qoʻshiqlarning biridir. Ammo Joʻrayevning soʻzlariga koʻra, qoʻshiq eʼlon qilganidan keyin „Yosh leninchi“ gazetasida xonanda qoʻshiq qilishga arzimaydigan sheʼrni kuyga solgani ta'kidlanib, tanqid qilingan. Qoʻshiq 1970-yillar boshida Toshkentda talabalar orasida ommalashgan.
Oripovning „Birinchi muhabbatim“ sheʼrini Otajon Xudoyshukurov ham kuyga solgan. Dastlab sheʼr muallifi qashqadaryolik Oripov ekani, uni andijonlik Joʻrayev bastalagani uchun ushbu ikki viloyatlik talabalar aynan Joʻrayev versiyasini koʻproq tinglagan, qoraqalpogʻistonlik va xorazmlik talabalar esa Xudoyshukurov ijrosidagi versiyani tinglagan[2].
Oripov oʻz sheʼrini Joʻrayev kuy qilib ijro etganiga qanday munosabatda ekanligi haqidagi savolga javoban: „Men endi Sherali bilan koʻrishmayman. Sherali bizlarni pisand ham qilmaydi-ku. Gaplashmayman ham, bilmayman ham. Sheʼrimizni qoʻshiq qilib aytib yuradi“, — degan.
Matni
tahrirOripovni yaqindan tanigan jurnalist Ismat Xushevning soʻzlariga koʻra, shoir „Birinchi muhabbatim“ sheʼrini Ziyovuddinxon ismli taniqli diniy ulamoning Muxlisa ismli qiziga bagʻishlagan[2]. Ammo Xushev bu notoʻgʻri maʼlumot boʻlishi mumkinligini aytgan. Shuhratjon Ahmadjonov Joʻrayev haqidagi nashriyotda chop etilmagan kitobida bu shaxs muftiy Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon ekanligini taxmin qilgan[3]. Oripovning oʻzi sheʼr yozilishi tarixi haqidagi savolga „Yaxshisi, bu sir boʻla qolsin“, deb javob bergan[4].
Joʻrayev esa sheʼr va qoʻshiq tarixi haqida mana bunday degan:
Men bu sheʼrni 1966–1967-yillarda[izoh 1] Toshkentga oʻqishga kelganimda Abdulla Oripovning kitobidan olganman. Keyin tarixini eshitgan edim. Bir yigit bir ulugʻ zotning qizini sevib qolgan boʻladi. Lekin u qizga sevgisini ayta olmagan. Institutga borib, uning yonboshidan qaytib kelavergan. Uzoqdan ketavergan. Borib yana qaytib kelavergan. Shunaqa qilib gapini ayta olmasdan kuzatib yuravergan. U qiz keyin boshqaga turmushga chiqib ketgan, yigit esa boshqa qizga uylangan. Shu sheʼr oʻshanda bino boʻlgan. Men buni butun sevishganlarning iztirobini his qilgan holda qoʻshiq qilganman[2].
Izohlar
tahrir- ↑ Joʻrayev bu yerda adashgan, chunki Oripov „Birinchi muhabbatim“ sheʼrini 1968-yil yozgan. Qarang: „Yillar armoni“, 192-bet.
Manbalar
tahrir- ↑ „Шерали Джураев – Узбекские народные песни“ (ruscha). Discogs. Qaraldi: 14-iyul 2022-yil.
- ↑ 2,0 2,1 2,2 „Биринчи муҳаббатим“. Ozodlik radiosi (4-sentyabr 2009-yil). Qaraldi: 14-iyul 2022-yil.
- ↑ Ahmadjonov, Shuhratjon „«Биринчи муҳаббатим» қўшиғи тарихи“. Live Internet. Qaraldi: 14-iyul 2022-yil.
- ↑ Mirpoʻlat, Mirzo „Абдулла Орипов: “Сен мисли камалак – юксак ва сўлмас…” (2011)“. Ziyouz (31-may 2015-yil). Qaraldi: 14-iyul 2022-yil.
Havolalar
tahrir- „Birinchi muhabbatim“ YouTubeda (1971-yil yozib olingan jonli ijro)