Bogʻdorchilik
Bogʻdorchilik, mevachilik — 1) qishloq xoʻjaligi ning meva, uzum va rezavor mevalarni yetishtiradigan muhim sohasi. Aholining meva va meva mahsulotlariga, sanoatning meva xom ashyosiga boʻlgan ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladi. Sof B. (olma, nok, oʻrik, gilos va boshqa yetishtirish) va koʻchatchilik (koʻchatzorlarda mevali daraxtlar koʻchatlari yetishtirish) tarmoqlariga boʻlinadi. Jahon bogʻdorchiligida 200 dan ortiq meva, rezavor meva, yongʻoq meva turlari ekiladi, ulardan 100 meva turi sanoat ahamiyatiga ega. Olma, zaytun, finikiya palʼmasi, banan, mango, tok eng koʻp ekiladigan meva turlariga kiradi. B. Xitoy, AQSH, Hindiston, Argentina, Braziliya, Yaponiya, Ispaniya, Fransiya, Italiyada rivojlangan. Oʻrta Osiyodagi B. haqida dastlabki maʼlumotlar miloddan avvalgi 1-ming yillikning oʻrtalariga oid yunon, xitoy, rim manbalarida uchraydi. Oʻrta Osiyo koʻpgina meva turlarining vatani hisoblanadi. Asrlar davomida xalq seleksiyasi asosida oʻrik, olma, nok, yongʻoq, bodom, anor, tok va boshqalarning juda serhosil navlari yaratilgan. Ularning koʻplari sifat jihatidan dunyo kolleksiyasida oʻzining takrorlanmas oʻrniga ega. 20-asr boshlarida hozirgi Oʻzbekiston hududida taxminan 50 ming ga bogʻ, jumladan 22 ming ga mevazor, 37 ming ga tokzor boʻlgan. Bogʻlarning asosiy maydonlari Fargona vodiysi (24%), Toshkent vohasi (36%) va Zarafshon vodiysi (tokzorlarning 50%) ga toʻgʻri kelar edi. Bogʻlarda danakli mevalar 70% ni (asosan oʻrik), urugʻli mevalar (olma, nok, behi) 25% maydonni egallagan edi. Shahar va qishloqlar atroflarida alohida mevazorlarda aholining bogʻlari va chorbogʻlari (mevazor, tokzor, poliz va sayilbogʻ)da mevalar, tok, turli gullarning mahalliy navlari ekib kelingan. Yetishtirilgan mevalar yangiligida isteʼmol etilgan, lekin qoqi va mayiz solish asosiy oʻrinda turgan. 20 yillarning 2-yarmidan ixtisoslashtirilgan mevachilik va tokchilik xoʻjaliklari barpo etila boshladi, togʻ va togʻ etaklari zonalarida joylashgan jamoa xoʻjaliklarida ham bu tarmoqqa katta eʼtibor berildi. Mevalarning nav tarkibini yaxshilash maqsadlarida olma, nok, uzum va boshqa ning Yevropa mamlakatlarida yetishtirilgan navlari keltirib ekildi. 50- yillar oxiri — 60- yillarda 2500—3000 ga bogʻ va tokzorlarga ega boʻlgan agrokombinatlar tashkil etildi.
Respublikada meva va rezavor mevaning 20 turi ekiladi. Urugʻli meva daraxtlari (olma, nok, behi va boshqalar), danakli meva daraxtlari (oʻrik, shaftoli, olxoʻri, gilos, olcha, oluvoli va boshqalar), subtropik oʻsimliklar (anor, anjir), yongʻoq mevalilar (yongʻoq, pista, bodom), rezavor mevalilar (qulupnay, malina, smorodina, chakanda) asosiy oʻrinni egallaydi. Olma, nok va tokning yozgi, kuzgi va kishki navlari muhim xoʻjalik ahamiyatiga ega. Tokchilik qadimdan Toshkent, Samarqand viloyatlari, Fargʻona vodiysida taraqqiy etgan, xoʻraki, mayizbop va konserva mahsulotlari (shinni, murabbo, sharbatlar) hamda vinochilik yoʻnalishlariga ega. Oʻzbekistonda meva qoqilari va mayizning noyob xillari tayyorlanadi. Respublikaga tropik va subtropik mintaqalardan olib kelingan limon, apelsin, mandarin, unobi, sharq xurmosi, pekan kabi mevalar tobora koʻproq maydonlarda ekilmoqda. Andijon, Namangan, Surxondaryo, Toshkent viloyatlarida koʻpgina xoʻjaliklarda issiqxona limonzorlari barpo qilingan. Respublika boʻyicha bunday issiqxonalar maydoni 427 ga dan koʻproq (2001). 90- yillardan boshlab paxta maydonlari qisqartirilishi munosabati bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi; Xorazm, Buxoro, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida koʻplab bogʻ va tokzorlar tashkil etildi. Respublikada 100 dan ortiq ixtisoslashtirilgan B. xoʻjaliklari bor. Respublikada bogʻlarning umumiy maydoni 320 ming ga ga yetdi (meva bogʻlari 199 ming ga, tokzorlar 120 ming ga), yalpi meva va uzum hosili 833 ming t dan oshdi (1999). Mevaning har bir viloyat, tumanning tuproq va iklim sharoitiga moslashtirilgan, rayonlashtirilgan navlari ekiladi. 2) B. fan sifatida mevali daraxtlarning tuzilishi, oʻsishi, rivojlanishi, koʻpayishi hamda hosil berish qonuniyatlarini, shuningdek ularning tashqi muhit bilan aloqadorligini oʻrganadi, turli tabiiy muhitda oʻsib, yaxshi hosil berishini taʼminlash uchun ilgʻor agrotexnika usullarini ishlab chiqadi. B. biol., tuproqning fizik va kimyoviy xususiyatlari, oʻsimliklar fiziologiyasi, agrokimyo hamda umumiy dehqonchilik bilan bevosita aloqador boʻlib, B. agrotexnikasining barcha usullari shu fanlarga asoslanadi. Oʻzbekistonda B.ni rivojlantirishda akademik R. R. Shreder nomidagi Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik instituti va Oʻzbekiston Oʻsimlikshunoslik institutitsht xizmati katta. Keyingi yillarda meva, rezavorlar va tokning 200 dan ortiq serhosil navlari yaratildi, boshqa mamlakatlardan keltirib ik,limlashtirildi va ekishga tavsiya etildi.
Respublikadakoʻchatchilik ishl a r i ham ilmiy asosga qoʻyilgan va markazlashtirilgan. R. R. Shreder nomidagi "Mevasharbat" korporatsiya va uning viloyatlardagi filial va xoʻjaliklarida xoʻjaliklar va bogʻbon, sohibkorlarga sotish uchun har yili 10—12 mln. dona turli meva daraxtlari va tok koʻchatlari yetishtiriladi (yana qarang Ampelografiya, Pomologiya).
Sultan Xolnazarov.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |