Anilin (aminobenzol, amidobenzol, fenilamin) umumiy formulasi C6H5NH2 boʻlgan aromatik aminlarning eng oddiysidir. Molyar massasi 93,2. Anilin rangsiz boʻlib, suvda oz (100 g suvda 20° da 3,4 g) eriydi, oʻziga xos yomon hidli suyuqlik; suyuqlanish temperaturasi – 6,15°, qaynash temperaturasi 184,4°, 20° da zichligi 1027 kg/m3.

Anilin etil spirt, efir va benzolda yaxshi eriydi. Nilin bugʻi juda zaharli. Anilinni birinchi marta 1826-yilda O. Unferdorben indigoni ohak bilan birga havosiz qizdirish yoʻli bilan olgan va „kristallin“ deb atagan. 1841-yilda Y. F. Fritsshe indigoga oʻyuvchi ishqor taʼsir ettirib olgan moddani nilin deb nomlagan. 1842-yilda esa N. N. Zinin nitrobenzolni (NH4)2 SO3 taʼsirida qaytarish reaksiyasi orqali nilinni sintez qildi va uni „benzidom“ deb nomladi. Bu usul sanoatda keng miqyosda tatbiq etildi. 1843-yilda yuqorida koʻrsatib oʻtilgan usullar yordamida olingan barcha moddalarning bir xil birikma ekanligini isbotladi va shu bilan anilin boʻyoqlar sanoatiga asos solindi. Anilin kuchsiz asos xossali boʻlib, unga tegishli reaksiyalar orasida diazotlash reaksiyasi, yaʼni nitrit kislota bilan boʻladigan reaksiya katta ahamiyatga ega, chunki bunda olinadigan diazobirikmalar koʻpchilik organik boʻyoqlarni sintez qilishda ishlatiladi. Anilin oksidlansa qora nilin va emeraldin degan boʻyoqlar hosil boʻladi. Anilin farmatsevtika moddalari, plastmassalar olishda ham ishlatiladi[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil