Chilla (forscha: چھل روزى > ݘهله/ݘلّه — "qirq") — 1) yilning eng issiq yoki eng sovuq 40 kuni. Qish chillasi yoki qishki chilla 25-dekabrdan 5-fevralgacha bo‘lgan eng sovuq qirq kun. Yoz chillasi yoki yozgi chilla 25-iyundan 5-avgustgacha bo‘lgan eng issiq 40 kun. Chilla suvi yoz chillasida ekinlarga beriladigan suv;

2) Bola tug‘gan yoki tug‘ilgandan, qiz turmushga chiqqandan, yigit uylangandan, marhum ko‘milgan kundan keyingi 40 kunlik davr: turmushdagi baʼzi hodisa-holatlarning eng mas’uliyatli davri (qarang: Chilla davri);

3) So‘fiy yoki muridning yakka o‘zi alohida xona(xujra)da, odamlardan yashirinib, 40 kun davomida toat-ibodat qilishi.[1]

Islom dini nuqtayi nazariga ko‘ra kelib chiqishi

tahrir

Qirq kunlik chilllaning kelib chiqishini Alixonto‘ra Sog‘uniy o‘zining islom dini payg‘ambari haqidagi "Tarixi Muhammadiy" asarida Umar ibn Xattobning islomga qirqinchi bo‘lib kirganligi bilan bo‘glaydi:[2]

Mana shundoq bo‘lib, hazrat Umar imonga kirishlari bilan mo‘minlarning soni qirqqa yetdi. Endi qirq kishining himmati, niyati bir maqsad ustida to‘plansa, aning "qirqi chiqdi" demakdur. Sonlar ichida qirq sanog‘i diniy tomondin qaralganda ham bir xosiyatga ega ekanligini ma’lum bo‘ldi.

So‘ngra bu hodisaga quyidagi hadisni ham dalil sifatida keltiradi:

— Har kim qirq kungacha uzmasdin dilini Xudo yodida tuta bilsa, aning dilidin hikmat bulog‘i tiliga qaynab chiqar. (Quzoiy. Musnadush-shihob, 1/285)

Alixonto‘ra Sog‘uniy avliyolardan biri Najmiddin Kubroning chilla ibodatini bajarib chillaxona(chilla ibodatini bajaradigan joy)dan chiqishi bilan ko‘rlar, shollar va boshqa bemorlarni tuzatishi haqida ham zikr qilib o‘tadi. Bundan tashqari Muso payg‘ambarning Tur tog‘ida 40 kun ro‘za tutishi hamda Yunus payg‘ambarning baliq qornida 40 kun turib chiqqanligini yozib yuqoridagi fikrlarni quvvatlantiradi.[2]

  1. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2023 — 964-bet. ISBN 978-9943-8834-4-4. 
  2. 2,0 2,1 Alixonto‘ra Sog‘uniy; Qutlug‘xon Shokirov. Tarixi Muhammadiy (O‘zbek). Toshkent: "Munir nashriyoti", 2021 — 720-bet. ISBN 978-9943-6946-3-7.