Dalvarzintepa xazinasiDalvarzintepa shahristoni (Surxondaryo) dan topilgan xazina. Oʻzbekistan sanʼatshunoslik ekspeditsiyasi tomonidan topilgan (1972). D. x. — 2 baldoqli sopol koʻzacha (yarim metr chuqurlikda ogʻirligi 36 kg) dagi har xil oltin buyumlardan iborat. Oltin buyumlar soni 115 ta, ular yombilar, bilaguzuklar, oltin shodalar va b. taqinchoklardir. Xazina podsho amaldorlari, boylarga har xil taqinchoklar tayyorlab beradigan zargarga tegishli boʻlsa kerak. Chunki baʼzi taqinchoklar juda ogʻir, hatto bitta bilaguzuk 872 g sof oltindan iborat. Ayniqsa nozik did bilan ishlangan turli shakldagi bilaguzuk va ziraklar, qizgʻish rangli qimmatbaho toshga oʻyib ishlangan, erkak tasviri tushirilgan boʻyin taqinchogʻi, tilla ipchalardan toʻqilgan va 5 qator tizilgan shoda diqqatga sazovordir. Oltin shoda taqiladigan qismining ikkala tomoniga 10 tadan ortiq feruza va yoqut toshlar qadalgan. Xazinadagi toʻgʻri burchak shaklida tayyorlangan yombilar katta ilmiy ahamiyatga ega. Ularning jami 21 ta, ammo 10 tasida qad. kharoshti yozuvi bitilgan. D. x. paleografik jihatdan mil. 1-asrga toʻgʻri keladi. D. x.ning eng qimmatli tomoni uning antik dunyo davr sanʼati qatorida tutgan oʻrnidir. Garchi D. x.dagi ayrim taqinchoqlar Afgoniston, Hindiston, Pokistondagi taqinchoqlarga oʻxshab ketsada, ammo ularning Shim. Baqtriya, yaʼni hozirgi Oʻzbekistonningjan. hududlarida yashagan qoʻli gul ustalar tomonidan tayyorlanganligi shubhasizdir. D. x. topilmasi ajdodlarimizning qoʻshni xalqlar va mamlakatlar bilan qadimdan savdosotiq va madaniy aloqada boʻlganligidan darak beradi.

Adabiyot

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil