Dilora Sharipova

oʻzbekistonlik olima, pedagogika fanlari doktori, biologiya fanlari nomzodi, professor

Dilora Jumaniyazovna Sharipova (1938-yil 9-iyul, Toshkent, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbekistonlik olima, pedagogika fanlari doktori, biologiya fanlari nomzodi, professor.

Dilora Sharipova
Tavalludi 9-iyul 1938-yil (1938-07-09) (86 yosh)
Toshkent, Oʻzbekiston SSR
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Ish joylari Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti
Taʼlimi Toshkent tibbiyot instituti Oʻzbekiston jismoniy tarbiya instituti
Ilmiy darajasi pedagogika fanlari doktori biologiya fanlari nomzodi
Ilmiy unvoni professor
Mukofotlari

Biografiyasi

tahrir

Dilora Sharipova 1938-yilning 9-iyulida Toshkent shahrida ziyoli oilasida tugʻilgan[1]. 1955-yilda Toshkent tibbiyot institutining pediatriya fakultetiga oʻqishga kiradi. 1961-yilda institutni bitirib, 1962-yilgacha Chirchiq tugʻruqxonasida mikropediatr boʻlib ishlagan. 1962—1963-yillarda „Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari“ ilmiy tekshirish institutida ilmiy xodim boʻlib faoliyat koʻrsatgan. 1963-yilda Toshkent davlat pedagogika institutining „Anatomiya, fiziologiya va gigiena“ kafedrasining aspiranturasiga kirib, 1966-yilda „Turli haroratda ovqat hazm qilish aʼzolarini boshqarishda tuz va suv almashinuvining ahamiyati“ mavzusida dissertatsiyasini yoqlab, biologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini oaldi. 1966—1990-yillarda Oʻzbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot institutida laboratoriya mudiri, boʻlim mudiri, direktorning ilmiy ishlari boʻyicha oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritdi. 1967—1973-yillarda Oʻzbekiston jismoniy tarbiya institutining pedagogika fakultetida sirtdan oʻqiydi. 1990-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining „Yosh fiziologiyasi va maktab gigiyenasi“ kafedrasining dotsenti, keyin shu kafedraning mudiri lavozimida faoliyat yuritdi. 1990-yilda „Oʻquvchilar gigiyenik tarbiyasining ilmiy-pedagogik asoslari“ mavzusida dissertatsiya himoya qilib, pedagogika fanlari doktori ilmiy darajasini olgan. 1993-yilda professor ilmiy unvoni beriladi. 1997-yildan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining „Tibbiy bilim asoslari“ kafedrasi mudiri, 1998-yildan hozirgi vaqtgacha Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti „Zoologiya va anatomiya“ kafedrasining professori lavozimida ishlab kelmoqda[1].

Ilmiy faoliyati

tahrir

500 dan ortiq ilmiy maqolalar, 20 dan ziyod monografiya, 100 dan ziyod uslubiy qoʻllanmalari muallifidir[1]. Ilmiy izlanishlari natijasiga koʻra Ushinskiy nomli mukofotga sazovor boʻlgan. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlim aʼlochisi, I darajali „Sogʻlom avlod uchun“ ordeni sohibasi (1998)[2]. „Xalqaro pedagogik taʼlim fanlar akademiyasi“ning muxbir aʼzosi (1999), 2000-yildan shu akademiyaning akademigidir. 2019-yildan Turon akademiyasi, 2022-yildan „Antik dunyo“ akademiyasi akademigi[1].

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 Oʻzbekistonning taniqli olimlari ensiklopediyasi, 2-tom (oʻzbekcha), Toshkent: Science and Innovation, 2023 — 383-bet. 
  2. „Ўзбекистон Республикаси Президентининг 27.08.1998 йилдаги ПФ-2074-сон Фармони“.

Havolalar

tahrir