Jaloliddin Sirojiddinov
Jaloliddin Sirojiddinov (ruscha: Джалалидин Сераджединов) (29-sentyabr 1940-yil – 6-iyul 1996-yil) — taniqli oʻzbek iqtisodchi olimi, doktor, professor (1985).[1][2] Qirgʻiziston SSRning Isfana qishlogʻida tugʻilib oʻsgan. V. V. Kuybishev nomidagi Samarqand kooperativ institutida tahsil olgan va oʻsha yerda koʻp yillar mobaynida ishlagan.
Jaloliddin Sirojiddinov | |
---|---|
Tavalludi |
29-sentyabr 1940-yil |
Vafoti |
6-iyul 1996-yil (55 yoshda) Samarqand, Oʻzbekiston |
Fuqaroligi | SSSR va Oʻzbekiston |
Hayoti
tahrirJaloliddin Sirojiddinov 1940-yilning 29-sentyabrida Qirgʻiziston SSRning Laylak tumanida joylashgan Isfana qishlogʻida tugʻilgan. 1996-yilning 6-iyulida Samarqand shahrida vafot etgan. Isfanada dafn etilgan.
Jaloliddin Sirojiddinovning ukasi Zayniddin Sirojiddinov texnika fanlari doktori, professordir.[2] Yana bir ukasi Nishonboy Sirojiddinov esa iqtisod fanlari doktori, professordir.
Taʼlimi
tahrirSirojiddinov 1947-1957-yillar mobaynida Isfanadagi Toʻqtogʻul nomli oʻrta maktabda tahsil olgan. 1959-yil Samarqand kooperativ institutiga oʻqishga kirgan va 1964-yil uni imtiyozli diplom bilan tugatgan. 1965-1966-yillarda Novosibirskdagi kooperativ institutida ilmiy tajribadan oʻtgan. 1967-yil Moskva xalq xoʻjalik instituti statistika kafedrasi qoshidagi aspiranturaga kirib, 1970-yilda kandidatlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan va iqtisod fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan.
1971-yil dotsent unvonini olgan. 1974-1976-yillarda Moskvadagi Plexanov nomidagi xalq xoʻjaligi instituti doktoranturasida oʻqigan. 1984-yil fan doktori darajasini olish uchun dissertatsiya yoqlagan. 1985-yil professor unvonini olgan.
Mehnat faoliyati
tahrirSirojiddinov 1957-1959-yillarda Laylak tumani matlubot jamiyatida ishlagan. Samarqand kooperativ institutini tamomlaganidan keyin, oʻsha yerda buxgalteriya va statistika kafedrasida assistent boʻlib ishlagan. 1970-1974-yillarda Samarqand kooperativ institutining statistika kafedrasida katta oʻqituvchi oʻlaroq ishlagan. 1976-yil institut statistika kafedrasining mudiri etib tayinlangan.
Sirojiddinov ish faoliyati davomida 1 fan doktori va 4 fan nomzodiga ilmiy rahbarlik qilgan. Sirojiddinov Samarqand kooperativ institutida ishlab yurgan paytida koʻplab kadr tayyorlagan.
Asarlari
tahrirSirojiddinov ilmiy faoliyati davomida 3 yirik monografiya, 100 dan oshiq ilmiy maqola, 15 dan oshiq oʻquv qoʻllanma yozgan.
1973-yil uning „Ittifoq respublikasi ijtimoiy mahsuloti hisobiy balansi: Metodologik tuzish masalalari“ (ruscha: Отчетный баланс общественного продукта союзной республики: Методологические вопросы составления), 1977-yil „Ittifoq respublikasi xalq xoʻjaligi statistika balansi: Metodologiya masalalari” (ruscha: Статистический баланс народного хозяйства союзной республики: Вопросы методологии), 1983-yil „Respublika va respublikalararo aloqalar: Oʻzbekiston SSR misolida“ (ruscha: Республиканские и межреспубликанские связи: На примере Узбекской ССР) asarlari chop etilgan.
1984-yil iqtisod fanlari doktori unovonini olish uchun „Soyuz respublikasi xalq xoʻjaligining jamlama balansini ishlab chiqishdagi metodologik muammolar: Oʻzbekiston SSR misolida“ (ruscha: Методологические проблемы разработки сводного баланса народного хозяйства союзной республики: На примере Узбекской ССР) deb nomlangan dissertatsiya yozgan.
Manbalar
tahrir- ↑ Aʼzamov, Hazratqul. Isfanalik olim (1999-yil 12-avgust).
- ↑ 2,0 2,1 Yoqubov, Temirboy. Isfana (Aspanakent) tarixi, Isfana, 2001 — 49-bet.
Havolalar
tahrirVikiomborda Jaloliddin Sirojiddinov haqida turkum mavjud |