Edward Snowden
Edward Joseph Snowden (tugʻ. 21-iyun 1983) – amerikalik kompyuter mutaxassisi, dissident, AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi hamda AQSh milliy xavfsizlik agentligining sobiq xodimi.
Edward Snowden | |
---|---|
Edward Joseph Snowden | |
Tavalludi |
21-iyun 1983-yil |
Fuqaroligi |
AQSh Rossiya (2022-yildan) |
Otasi | Lonnie Glenn Snowden, Jr. |
Onasi | Elizabeth Snowden |
Imzosi | |
Edvard Snouden iyun oyida Amerika maxsus xizmatlarining butun dunyodagi internet foydalanuvchilarini kuzatib borish imkonini beradigan maxsus dasturlari haqida OAVga maʼlumot bergan edi. U Amerika Milliy xavfsizlik agentligida kontrakt asosida ishlab yurgan paytida maxfiy axborotni Britaniya va AQSh matbuotiga uzatgan.[1] Snouden AQShdan qochib, 23 iyun kuni Gonkong orqali Moskvaga kelgan.
Oʻshandan beri Snouden „Sheremetevo“ning tranzit zonasida istiqomat qilib, Amerika pasporti bekor qilingani uchun aeroportni tark eta olmagan. Iyul oyi oʻrtalarida esa sobiq agent Rossiyada siyosiy boshpana olish istagida ekanligini maʼlum qilgan. Avgust oyida Rossiyada bir yil muddatga vaqtinchalik boshpana olgan.
Ayblov
tahrirEdward Snowden aygʻoqchilikda, hukumat mulkini oʻzlashtirish, mamlakat mudofaasiga taalluqli axborotni noqonuniy tarqatish hamda mudofaa xarakteriga ega axborotni, maxfiy razvedka maʼlumotlarini ongli ravishda boshqalarga uzatishda ayblangan.[2]
Xronika
tahrir- 5-iyun kuni Buyuk Britaniyaning The Guardian nashri maxfiy sud qarorini eʼlon qildi. Unga koʻra, AQSh milliy xavfsizlik agentligi millionlab amerikaliklarning telefon qoʻngʻiroqlarini kuzatib borgan.[3]
- 6-iyun kuni The Washington Post maxfiy terrorizmga qarshi kurashish dasturi haqidagi maʼlumotlarni eʼlon qildi. Unga koʻra, AQSh Milliy xavfsizlik agentligi va Federal tergov byurosi Amerikaning texnologik kompaniyalari serverlaridan toʻgʻridan-toʻgʻri foydalanish imkoniyatiga ega boʻldi.
- 9-iyun kuni The Guardian va The Washington Post Edward Snowdenni maxfiy maʼlumotlarni tarqatgan manba sifatida eʼlon qildi.
- 10-iyun kuni AQSh adliya vazirligi Snouden boʻyicha surishtiruv ishlarini boshlab, uning Hon Kongda ekanligini qayd etgan va ushbu avtonom davlat xavfsizlik xizmati vakillari bilan muloqotga chiqishgan.
- 14-iyun kuni AQSh hukumati Edward Snowdenni aygʻoqchilik, davlat mulkini oʻgʻirlaganlik hamda maxfiy maʼlumotni ongli ravishda eʼlon qilganlik boʻyicha rasman ayblov qildi va uni hibsga olishga sanksiya berildi.
- 15-iyun kuni AQSh Hon Kongdan amaldagi ikki tomonlama ekstraditsiya toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq, Snowdenni hibsga olishni hamda AQShga topshirishni soʻrab murojaat qildi.
Snwden Xitoy matbuoti bilan intervyuda “men bu yerga adolatdan qochish uchun emas, jinoyatni oshkor etish uchun kelganman”, - deya bayonot berdi.[4]
- 17-iyun kuni Hon Kong rasmiylari AQSh murojaatini olishganini hamda masala koʻrib chiqilayotganini maʼlum qildi. Federal tergov byurosi hamda AQSh adliya vaziriligi Hon Kongdagi hamkasblari bilan muloqotni boshlab yuborishdi.
Snowden rasman Rossiyadan vaqtinchalik boshpana soʻradi.[5]
- 19-iyun kuni AQSh Bosh prokurori Erik Holder Hong Kong Adliya vaziri Yuen Rimski bilan telefon orqali muloqot qilib, Amerika uchun bu masala jiddiy ekanligini hamda Snowdenni hibsga olishni talab qildi.
- 21-iyun kuni Hon Kong rasmiylari AQShdan Snowdenga nisbatan eʼlon qilingan ayblov boʻyicha koʻproq maʼlumot hamda dalillar berishni soʻradi.
- 23-iyun kuni Hon Kong maʼmuriyati AQShni ekstraditsiya toʻgʻrisidagi soʻrovni asossiz deb topganligi hamda Gonkongni tark etishga ruxsat berganligini maʼlum qildi. AQSh rasmiylari Hong Kongning bu qaroridan xafsalasi pir boʻlganini maʼlum qildi.
Rossiya prezident Vladimir Putin Amerikaga ekstraditsiya qilinmasligini taʼkidladi.[6]
Shu kuni Hong Kongdan Moskvaga tranzit yoʻlovchisi sifatida tashrif buyurdi.
- 1-avgust kuni Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq xodimi Edward Snowden Rossiyada bir yil muddatga vaqtinchalik boshpana oldi. Bir oydan koʻproq vaqt davomida Moskvadagi „Sheremetevo“ aeroporti tranzit zonasida yashagan Edward Snowden havo bandargohini shu kuni tark etdi.[7]
Aygʻoqchi Snowden
tahrirSnowden 2013-yil may oyida maxsus xavfsizlik idoralarining shaxslarning internetda nazorat va kuzatishga oid axborotini eʼlon qilgach, Hon Kongga qochib oʻtdi. Eʼlon qilingan maxfiy maʼlumotlarga koʻra, Amerika maxsus xizmatlari mamlakatdagi yirik internet-kompaniyalarining serverlariga toʻgʻridan-toʻgʻri ulanib, foydalanuvchilarni kuzatib borgan, ayni paytda ular milliondan ortiq telefon qoʻngʻiroqlarining joriy va eski muloqotlaridan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlishgan.
AQSh hukumati Snowdenni ekstraditsiya qilishlarini soʻrab murojaat tayyorladi. Shuningdek, hukumatni „sotqin“ni hibsga olishga dastlabki orderni ham berdi.[8] Snoudenning ishi Virjiniya shtati Sharqiy okrugidagi federal sudi koʻrib chiqdi.
Snouden, oʻz navbatida, oʻzining ekstraditsiya qilinishi bilan bogʻliq har qanday qaror ustidan sudga murojaat qilishini aytib oʻtgan. Hong Kong rasman Xitoyga qaramogʻida boʻlgani bois ushbu mamlakat vakillari Snoudenning aniq manzili hamda uni AQShga topshirish istiqbollari haqida gapirishni rad etgan.
Lotin Amerikasining uch davlati AQSh razvedka idoralarida kontraktor boʻlib ishlagan Edward Snowdenga siyosiy boshpana berishga roziliklarini bildirishgan. Boliviya prezidenti Evo Morales "Snowden bizga shunday iltimos bilan murojaat qilsa, xoʻp deb javob qilar edim",- deydi. Boliviya Snowdenga panoh berishga tayyor uchinchi davlatdir. Avvalroq Venesuela va Nikaragua ayni taklif bilan chiqqan edi.[9]
PRISM
tahrirAQSh milliy xavfsizlik agentligi va Federal tergov byurosi mamlakatdagi yirik texnologik kompaniyalar — Microsoft, Yahoo!, Google, Facebook, AOL, Skype, YouTube va Apple serverlariga toʻgʻridan-toʻgʻri kirish imkoniyatiga ega boʻlgan.[10]
PRISM deb nom olgan maxsus dastur asosida xavfsizlik xizmati xodimlari internet foydalanuvchilar haqidagi yopiq axborotlarni, ularning audio va videofayllarini, fotosuratlarini, elektron pochta xabarlarini, elektron hujjatlarini, shuningdek, foydalanuvchilarning joylashgan makoni, ular bilan aloqada boʻlgan shaxslar roʻyxatini sud orderisiz olgan va oʻz maqsadlari yoʻlida foydalangan. PRISM dasturi AQSh kongressi tomonidan tasdiqlangan boʻlib, 2007-yildan beri ishlatiladi.[11]
The Washington Post va The Guardian gazetalari Snoudendan olgan axborotni eʼlon qilishi AQShda jiddiy muhobasaga sabab boʻldi. Maʼlum boʻlishicha, Milliy xavfsizlik agentligi va Federal tergov byurosi 2007-yildan beri yirik texnologik kompaniyalarning foydalanuvchilarining yopiq axborotlaridan foydalanib kelgan.
AQSh hukumati mamlakatdagi yirik telekommunikatsiya operatori Verizondan uch oy ichida AQSh fuqarolarining telefon muloqotlarini, abonentlarning qayerda joylashgani haqida axborotlarni Milliy xavfsizlik agentligi hamda FTBga taqdim etishga majbur qildi.
AQSh xavfsizlik xizmati xodimlari Verizondan abonentlari haqida axborot taqdim etishni 1978-yilda qabul qilingan Xorijlik aygʻoqchilarni nazorat qilish toʻgʻrisidagi qonun asosida sud orderi orqali talab qildi. 100 million nafardan ortiq abonentga ega Verizon aynan shu order asosida xavfsizlik idoralari talabini bajardi.
Texnologik kompaniyalar bilan bogʻliq holatda esa xavfsizlik idoralari 2007-yilda qabul qilingan Amerikani muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun talablarini roʻkach qilib koʻrsatilmoqda. Ushbu qonunga koʻra, Amerika xavfsizlik idoralari AQShdan tashqarida joylashgan xalqaro aygʻoqchilik agentlarini kuzatishi uchun sud orderi talab qilinmaydi. Aynan shu qonun talablari asosida 2007-yilda PRISM dasturi ishga tushiriladi.
Ushbu dasturning mavjudligi haqida bir necha Kongress aʼzosi bilardi. Ular ham ushbu dasturni oshkor qilmaslik xususida yozma tilxat berishgan. Oʻz navbatida, Amerikaning texnologik kompaniyalarining „vijdoni“ qiynalmasligi uchun 2008-yilda Xorijlik aygʻoqchilarni nazorat qilish toʻgʻrisidagi qonunga oʻzgartish kiritiladi. Unga muvofiq, AQSh xavfsizlik xizmatiga maʼlumotlar yigʻishda yordam bergan kompaniyalar sudga tortilmasligi kafolatlanadi.
PRISM dasturiga binoan, xavfsizlik xizmati texnologik kompaniyalarning serverlariga toʻgʻridan-toʻgʻri ulanish imkoniyatiga ega boʻlishadi. Ular real vaqt rejimida tegishli obʼektni kuzatish imkoniga ega boʻlishadi. Milliy xavfsizlik agentligi va Federal tergov byurosi xodimlari tomonidan koʻzdan kechirilgan har bir axborotning darajasi belgilanadi. Agar qiymatli axborot qayd etilsa, Milliy xavfsizlik agentligi tegishli bildirgi tayyorlaydi. Bunday bildirgilardan oyiga kamida 2 mingta bitilgan. 2012-yil davomida ularning soni 24005 ta boʻlib, bu 2011-yildagiga qaraganda 27 foizga koʻp boʻlgan.
Oʻrgimchak toʻri
tahrir2007-yilgi qonunga koʻra, AQSh xavfsizlik xizmati vakillari mamlakatdan tashqari barcha shubhali obʼektlarni va ular bilan muloqotda boʻlgan amerikaliklar faoliyatini kuzatib borishini kafolatlaydi. Milliy xavfsizlik agentligining PRISM dasturi boʻyicha ilk hamkori 2007-yilda Microsoft boʻlgan boʻlsa, 2008-yilda Yahoo, keyin 2009-yilda Google, Facebook va PalTalk, 2010-yilda esa — YouTube, 2011-yilda — Skype va AOL, 2012-yilda esa Apple hamkorga aylanadi.
The Washington Post va The Guardian gazetalari maxfiy manbalaridan olgan axborotga koʻra, PRISM dasturi yiliga amerikalik soliq toʻlovchilarga 20 million dollarga aylanadi.
Munosabat
tahrir- The Washington Post va The Guardian gazetalari eʼlon qilgan materiallarga Milliy xavfsizlik agentligi direktor Jeyms Klepper jahl bilan bayonotini bildirib, OAVga bunday axborotning chiqib ketishi va uning eʼlon qilinishini nojoʻya xatti-harakat, deb baholagan.
Uning soʻzlariga koʻra, bu "AQShning mamlakat oldida turgan koʻpsonli tahdidlarni aniqlash va ularga munosabat bildirish borasida AQShning imkoniyatlariga uzoq muddatli hamda toʻgʻrilab boʻlmaydigan tahdid soladi".[12]
- 7 avgust kuni AQSh va Rossiya prezidentlarining avgust oyida rejalahtirilgan uchrashuvlari bekor qilinishiga sabab, Barak Obama, Rossiyaning Snoudenni AQShga topshirish haqidagi talablarini bajarmagani uchun, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvini bekor qildi - degan taxminlari e'lon qilindi.[13][14]
- AQSh Oq uy matbuot kotibi Jey Karnining qayd etishicha, Snouden sud oldida javob berishi kerak. Uni ekstraditsiya qilish uchun Rossiyada haliyam imkoniyat bor.
“Snouden shunchaki chaqimchi emas. U maxfiy ma’lumotni tarqatishda ayblanib, qonunning uch bandi bo’yicha ayblov qo’yilgan. Uni zudlik bilan AQShga qaytarishni so’raymiz, toki qonun oldida javob bersin”, - deydi rasmiy.[15]
Manbalar
tahrir- ↑ AQShda hukumat sirini oshkor etgan shaxs aniqlandi
- ↑ Edvard Snoudenni sotqin deyish to'g'rimi?
- ↑ „Snouden Ekvadordan siyosiy boshpana soʻradi“. 2013-yil 5-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 12-avgust.
- ↑ Snouden josuslikda ayblanmoqda
- ↑ Snouden rasman Rossiyadan vaqtinchalik boshpana soʻradi, 2013-08-12da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2013-08-12
- ↑ Putin: Snouden AQShga ekstraditsiya qilinmaydi
- ↑ Snouden Rossiyada vaqtinchalik boshpana oldi, 2013-08-12da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2013-08-12
- ↑ AQSh maxfiy dasturini fosh etgan shaxsga qarshi jinoiy ish ochildi
- ↑ Qator hukumatlar Snoudenga boshpana taklif etdi
- ↑ Facebook: AQSh idoralari tarmoq foydalanuvchilari haqida maʼlumotlar soʻraganini tan oldi
- ↑ AQShda PRISM janjali boshlandi[sayt ishlamaydi]
- ↑ „AQSh Edvard Snoudenga sirtdan ayblov eʼlon qildi“. 2013-yil 26-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 12-avgust.
- ↑ Обама Путин билан музокараларни бекор қилди, 2013-08-12da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2013-08-12
- ↑ Obama Rossiyani Snouden uchun tanqid qilib, Putin bilan ko'rishmoqchi emas
- ↑ Faollar: Snouden erkinlik izlab Rossiyaga tushib qolgani fojia