Endokardit — endokardning yalligʻlanishi. Odatda, miokardning yalligʻlanishi (endomiokardit) bilan birga kechadi. Kelib chiqishiga koʻra, revmatizm (revmatik endokardit) va sepsis (septik endokard), shuningdek, zaxm, sil va shikastlanish oqibatida rivojlanadigan Endokard farqlanadi. Endokardda koʻpincha yurak klapanlari (miokard infarktida) zararlanib, funksiyasi oʻzgaradi, bu yurak poroklarita olib keladi. Endokardning turli shakllarida yurak klapanlari turlicha (masalan, revmatik endokardda mitral klapan; septik va zaxm endokardida aortal klapan) zararlanadi.

Endokard oʻtkir, baʼzan xavfli, oʻrtacha oʻtkir, surunkali kechadi. Kasallikning klinik belgilari uning etiologiyasiga bogʻliq. Revmatik endokard asta-sekin boshlanadi, lohaslik, toliqish, bir oz harorat koʻtarilishi, yurak urishining tezlashuvi va shu sohada noxush ogʻriq kuzatiladi; auskultatsiya chogʻida yurakda oʻziga xos shovqin eshitiladi, puls tezlashadi.

Septik endokardda dastlab salgina harorat koʻtariladi, keyinchalik shamollash aralash qattiq isitma tutadi; teri rangsizlanadi, koʻp terlash, qamqonlik alomatlari kuzatiladi; eritrotsitlarning choʻkish tezligi ortadi, puls tezlashadi, yurak oʻlchamlari kengayadi, yurakda shovqin, aortal yetishmovchilik vujudga keladi. Septik endokardda emboliya, buyrak, miya tomirlarining zararlanishi va boshqalar asoratlar rivojlanishi mumkin.

Davo kasallikning shakli, kechishi va belgilariga qarab tayinlanadi.

Oldini olish. Endokardga sabab boʻladigan kasalliklar (revmatizm, angina va boshqalar)ni oʻz vaqtida davolashdan iborat.