Fargʻona raqsi
Fargʻona raqsi – oʻzbek xalq raqs uslubi. Fargʻona vodiysida shakllanib, rivojlanib kelgan. Qaddi qomatni erkin tutish, yengil va ifodali yurishlar, koʻp qirrali, puxta ishlangan va aniq maʼnolarga ega boʻlgan qoʻl, bilak, barmoq harakatlari, nigohlar, nafis bosh harakatlari Fargʻona raqsining asosini tashkil etadi. Erkaklar raqslarida mardonavor xarakatlar, aylanishlar, ayollar raqslarida jilvalar yetakchilik qilgan. Shuningdek, Fargʻona raqsida uforlar (usulharakatlar) ning ahamiyati katta. Asosan, shaharlarda yashovchi, raqs sanʼatini kasb qilib olgan malakali raqqos va raqqosalar Fargʻona raqsida yetakchi mavqega ega boʻlib, raqs merosini, ijro uslubini, oʻz tajribalarini shogirdlariga oʻrgatish orqali raqs sanʼati anʼanalarining davomiyligini taʼminlaganlar. Fargʻona raqsi, asosan, maydonlarga moʻljallangan „Katta oʻyin“ va mehmonxonalar va hovlilarda ijro etiladigan „Mayda oʻyin“ turkum raqslaridan tashkil topgan. „Katta oʻyin“da raqs vositalari bilan syujetli vokealar aks ettirilgan, 280 usulni oʻz ichiga olgan. Muayyan rake shakli va harakatlarini hosil qiluvchi rez, titratma, shox, gul oʻyin, yoʻrgʻa, sarbozi, charx, haqqoni, orom, jilvoni, saxta, duchoba, rog, katta samo, yallama, qaytarma, dupoya (oqsatma), olmaanor kabi bizgacha yetib kelgan usullar shu jumladandir. Usullar, asosan, doiralarda (baʼzan nogʻoralar qoʻshilgan) chertilgan va shunga moye raqslar goh bir kishi, goh guruh oʻyinchilar tomonidan bajarilgan. „Mayda oʻyin“ esa yalla va laparlar joʻrligida ijro etiladigan lirik raqslar, kulgilitaqlidiy raqslardan tashkil topgan bulib, doyra, dutor jurligida havaskor va professional uyinchilar tomonidan ijro etilgan.
Fargʻona raqsida yallachi degan ayol ijrochilarning raqslari (jumladan, „Tanavor“ raqs turkumi), shuningdek, uygʻur raqsi taʼsirida vujudga kelgan „Andijon samosi“ (XIX asr oxirida „Andijon polkasi“ nomini olgan) yigitlar raqsi alohida ajralib turadi, Raqs ustalarining liboslari raqslar mazmunini kuchaytirgan. Erkaklar surp va beqasamdan tikilgan yaktak va kamzullar, shoyi sholvorlar, belbogʻ va doʻppilar, oʻtkir uchli maxsus rangdor etiklar (mokki)dan, ayollar xonatlas, olacha koʻylaklar, nimchalar, lozimlar, kavushmaxsilar, roʻmollar, durralar, xilma-xil taqinchoqlardan foydalanganlar. XX asr boshida Makkaylik (Usta Muhammadjon), Hamdamxon, Solix. hoji Baratov, Otaxoʻja Saidazimov, Yusufjon qiziq Shakarjonov, Mahkam hofiz, Kamolaxon Muhammadjonova, Nazirxon, Choʻntak bachcha, Adolxon, Sharofat satang singari mohir raqqos va raqqosalar faoliyat koʻrsatgan. Fargʻona raqsini XX asr davomida sahnaga olib chiqib, uni yanada rivojlantirish va boyitishda Usta Olim Komilov, Tamaraxonim, Mukarrama Turgʻunboyeva, Roziya Karimova, Gavhar Rahimova, Qunduz Mirkarimova, Dilafroʻz Jabborova, Qizlarxon Doʻstmuhamedova, Maʼmura Ergasheva va boshqalarning xizmati katta.
Adabiyot
tahrir- Avdeyeva L. A., Oʻzbek milliy ratsei tarixidan, T., 2001; Karimova R., Oʻzbek raqslari, T., 2003.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |