Tamaraxonim

qoʻshiqchi va raqqosa, baletmeyster, oʻzbek professional raqsi asoschilaridan biri, xalq artisti

Tamaraxonim — (asl ismi va familiyasi Tamara Artyomovna Petrosyan 16(29).03.1906, hozirgi Yangi Margʻilon shaharchasi — 30.06.1991, Toshkent) qoʻshiqchi va raqqosa, baletmeyster, oʻzbek professional raqsi asoschilaridan biri. Oʻzbekiston xalq artisti (1932).

Tamaraxonim
Tavalludi 16-mart 1906-yil
Vafoti 30-iyun 1991-yil(1991-06-30)
(85 yoshda)
Toshkent
Fuqaroligi Rossiya Imperiyasi va SSSR
Mukofotlari

Hayoti va ijodi

tahrir

Tamaraxonim 1906-yil 29-mart kuni Turkiston o‘lkasining Gorchakovo bekatiga (hozirgi Marg‘ilon shahri) surgun qilingan Anna va Artyom Petrosyanlarning oilasida tugʻilgan.

Tamaraxonimning asli armanistonlik boʻlgan ota-onasi ishchilar qo‘zg‘oloni tufayli Yangi Marg‘ilon (hozirgi Farg‘ona) shahriga ko‘chib keladi. Tamara ham shu yerda dunyoga keladi. Tamaraxonimning o‘zbek raqsi tadqiqotchisi, sanʼatshunos Lyubov Avdeyeva tomonidan tartibga solingan avtobiografiyasi — „Mening hayotim. O‘zim va O‘zbekistonning taniqli sanʼatkorlari haqida xotiralar“ kitobida xonimning otasi arman tori, o‘zbek tanburini yaxshi chalgan, onasi esa raqsga tushib, qo‘shiq kuylagani to‘g‘risida maʼlumotlar keltiriladi[1]. Tamaraxonim oʻzbek mahallada ulgʻaygan. Tamara ko‘zboylag‘ichlar, dorbozlar va raqqoslar oʻyiniga qiziqa boshlagan va uyda ularning harakatlarni takrorlagan. Borgan sayin uning harakatlari ildamroq bo‘lib, olti yoshga kirib, qizaloq raqsga tusha boshlagan[2].

Tamara Petrosyan Moskva teatr texnikumida oʻqigan (1923-24). Yoshligidan sanʼatga qiziqqan: dastlab Margʻilon, Fargʻona ayollari orasida raqsga tushib, qoʻshiq aytgan. Yusufjon qiziq Shakarjonov, Usta Olim Komilovlardan oʻzbek raqs harakatlarini, Hamza, Konstantin Stanislavskiy, Vladimir Nemirovich-Danchenko va boshqalardan qoʻshiqchilik, aktyorlik mahoratini oʻrgandi.

Sahna faoliyatini 1919-yil Hamza Hakimzoda Niyoziy truppasida boshlagan. Keyinchalik Yusufjon qiziq truppasida ishlagan. 1922-yil boshida o‘zbek professional xonandasi Mulla To‘ychi bir boyning uyidagi qo‘shiq kuylash bazmiga Tamaraxonimni taklif qiladi. Tamaraxonim u yerda Usta Olim Komilov bilan tanishib qoladi. Usta Olim truppa tashkil qilganida Tamarani ham jamoasiga taklif etadi. Tamaraxonim 1921-1922-yillar Toshkent rus opera va balet teatri o‘quvchisiga aylanadi va Abror Hidoyatov, Yatim Bobojonov, Ali Arodobus Ibrohimov kabi birinchi o‘zbek artistlari rahbarlik qilgan konsert guruhlarida raqsga tusha boshlagan. 1923-yil u Moskvada A. V. Lunacharskiy nomidagi Teatr texnikumida o‘qishni davom ettiradi. Aynan Moskvada Tamaraxonim „Sharq qaldirg‘ochi“ nomiga ega bo‘lgan[2]. 1924-yildan Muhiddin Qoriyoqubov rahbarligidagi konsert truppasi (1926-yildan Oʻzbek davlat konsertetnografik ansambli, 1929-yildan Oʻzbek davlat musiqali teatri)da faoliyat koʻrsatgan. 1925-yil Parijda boʻlib oʻtgan Jahon bezak sanʼati koʻrgazmasida Muhiddin Qoriyoqubov bilan birgalikda ishtirok etib, oʻzbek sanʼatini ilk bor Yevropada namoyish etgan. Tamaraxonim oʻzbek lapar va yalla namunalarini sahnaviy ijro sharoitiga moslashtirib, yangicha ifodaviy vositalar (mimika, raqs, dialog va boshqalar) bilan boyitib, ular negizida bir necha kichik musiqiy inssenirovkalarni yaratdi, milliy ommabop (estrada) sanʼat rivojiga asos soldi. Tamaraxonim ijrosidagi qoʻshiq va laparlar („Lolaxon“, „Qorasoch“, „Bilaguzuk“, „Oyijon“, „Fabrikaning yoʻlidan“, „Qizlar, shitobingiz nima?“, „Gulyor“, „Yetimlar yigʻisi“, „Tuygʻunoy“, „Erk bolalari“ va boshqalar), „Sinaxiroj“, „Dilxiroj“, „Qarinavo“, „Usmoniya“ singari raqslari xalqqa manzur boʻlgan.

1937-yil Moskvada boʻlib oʻtgan birinchi oʻzbek sanʼati dekadasida ham ishtirok etgan. 1936-41-yillar Oʻzbek davlat filarmoniyasi, Oʻzbek davlat musiqali teatri (1939-yildan Oʻzbek davlat opera va balet teatri)da raqqosa va baletmeyster boʻlgan. 1941-69-yillarda Oʻzbek davlat filarmoniyasining musiqa ansamblida badiiy rahbar, baletmeyster va aktrisa.1938-yil Tamaraxonim ikki janrni — qo‘shiq va raqsni birlashtirib, sahna sanʼatida o‘ziga xos o‘zgarish qilgan. Tamaraxonim turli tillarda kuylar edi ham.

Aktrisalik mahorati

tahrir

1925-29-yillar Andijon, Qoʻqon, Samarqand teatrlarida sahnalashtirilgan musiqali dramalarda Halima (F. Zafariy, „Halima“), Shirin (Xurshid, „Farhod va Shirin“), Gulchehra (Uzeir Hojibekov, „Arshin mol olon“) singari rollarni ijro etdi. 1929-34 yillar Samarqanddagi Oʻzbek davlat musiqali teatri (1931-yil teatr Toshkentga koʻchirilgan)da, 1934-35-yillar Xorazm teatrida ishladi. 1934-yil M. Yanovskiyning „Ferenji“ baletida Indra rolini oʻynadi.

Baletmeyster sifatida

tahrir

Tamaraxonim 1932-yil rejissyor Z.Qobulov va bastakor P. Rahimov bilan hamkorlikda Urganch shaxrida teatr tashkillashtiradi va unda ham baletmeyster, raqqosa hamda pedagog-tayyorlovchi bo‘lib faoliyat yuritadi. Tamaraxonimning tashabbusi bilan Toshkentda mumtoz balet maktabi ochiladi.

Raqqosalik mahorati

tahrir

Tamaraxonim Ikkinchi jahon urushi yillarida konsert brigadalari bilan armiya qismlarida xizmat qildi. Tamaraxonim qaysi xalq qoʻshiq va raqsini ijro etmoqchi boʻlsa, oʻsha xalqning tarixi, etnografiyasi, mahalliy urfodatlari, sanʼati va madaniyatini batafsil oʻrganib, soʻng ijro etgan. Uning ijrosida „Erta bilan“ (qoʻqoncha), „Yallama yorim“ (margʻiloncha), „Omonyor“ (andijoncha), „Fargʻonacha raqs“, „Buxorocha raqs“, „Mavrigi“, „Lazgi“ (xorazmcha), „Bibijon“ (turkmancha), „Yangi oy“ (moʻgʻulcha), „Nikoh toʻyi“ (gruzincha), „Eshikni qoqma“ (ozarbayjoncha), „Gulizor“ (turkcha), „Chando“ (indonezcha), „Xumor koʻzlar“, „Binti shalobiya“ (arabcha), „Banday togʻi“ (yaponcha), „Choʻpon raqsi“, „Torazi“ (koreyscha), „Shirin zabon“ (afgʻoncha), „Nilufar“ (hindcha), „Parizodoy“ (qirgʻizcha), „Joʻra jonim“ (tojikcha), „Garmonchi“ (tatarcha), „Oy da Galya i Sultan“ (ukraincha) kabi 500 dan ortiq qoʻshiq va raqslar 86 tilda yangragan. U ustozi Usta Olim Komilov bilan koʻplab oʻzbek xalq raqslarini sahnalashtirib, oʻziga xos (ayollar va erkaklar raqsi harakatlarini mujassam etgan) uslubini yaratdi, yangi zamonaviy raqslar, teatrlashgan raqs syujetlarini, yangi xoreografik kompozitsiyalarni („Gul oʻyin“, „Sadr“, „Zang“, „Pilla“, „Kema oʻyini“ kabi) ijod qildi. U oʻzbek xalq raqs harakatlari bilan Yevropa mumtoz balet raqslari harakatlarini uygʻunlashtiruvchi dasturlar („Bahor“, „Navo“, „Qizil va oq atirgullar urushi“ va boshqalar) yaratdi, bular milliy oʻzbek baletini yuzaga kelishida, milliy xoreografiyani rivojlantirishda muhim omil boʻldi. U birinchi oʻzbek baletlaridan „Gulandom“ (Yevgeniy Brusilovskiy, 1938) librettosini Uygʻun va M. Yanovskiylar bilan birgalikda yaratdi, uni sahnalashtirib, bosh rolni oʻzi ijro etdi.

Sahnadan turib, aholi bilan yuzlanarkanman, men va tamoshabin o‘rtasidagi uzviy bog‘lanishni sezaman. Bizlarni bog‘layotgan ko‘rinmaydigan iplar soni ko‘p bo‘lgani sayin, ichimga allakim kirib, mening o‘rnimga raqs tushayotganday, go‘yо

— Tamaraxonim, Tamaraxonim

M. Turgʻunboyeva, G. Rahimova, R. Karimova, G. Mavayeva, H. Komilova, I. Okilov, L. Pepgrosova kabilar Tamaraxonimning shogirdlaridir. Tamaraxonim Fransiya, Norvegiya, Germaniya, Italiya, Turkiya, Eron, Hindiston kabi davlatlarda gastrolda boʻlgan.

Tamaraxonimga aylanish

tahrir

Tamara Moskvadagi bir festivalda o‘zbek qo‘shiqlarini ijro etish uchun sahna yuziga chiqishi lozim edi. Uni sahnaga taklif qilish vaqtida uning qaysi respublikadan ekanini ham aytmoqchi bo‘lishadiy, ammo „O‘zbekistondan milliy qo‘shiqlar ijrochisi Tamara Artyomovna Petrosyan“ deb tanishtirish oʻrniga uni sahnaga ismiga „xonim“ qo‘shimchasini qo‘shib chaqirishadi. Shunday qilib Tamara Petrosyan Tamaraxonimga aylanadi. Festivalda ishtirok etgan sovet davlat arbobi Anatoliy Lunacharskiy xonimning sahnadagi ijrosini ko‘rib, unga Sharqning ilk qaldirg‘ochi“ deya taʼrif beradi[1].

Shaxsiy hayoti

tahrir

Tamaraxonim ikki marta turmush qurgan: birinchsi truppadoshi Muhiddin Qoriyoqubov bilan, ikkinchisi Po‘lat Rahimov bilan. Tamaraxonim Muhiddin Qoriyoqubovdan bir qiz farzand dunyoga keltirgan va 23 yoshida ajrashgan[1].

Mukofotlari va xotirasi

tahrir

Oʻzi tashkil qilishda qatnashgan respublika balet maktabi 1935-47-yillar Tamaraxonim nomi bilan yuritilgan. 1935-yil Londonda boʻlib oʻtgan birinchi xalqaro xalq raqsi va musiqa sanʼati festivalida (Usta Olim Komilov, Toʻxtasin Jalilov, Abduqodir Ismoilovlar bilan) qatnashib oltin medal sohibi boʻlishga sazovor boʻlgan. 1932-yili, 26 yoshni qarshilaganda esa ayol sanʼatkorlar orasida birinchi bo‘lib O‘zbekiston xalq artisti unvoniga sazovor bo‘ladi. 1935-yil Londonda bo‘lib o‘tgan Xalqaro festivalda Britaniya malikasining shaxsan o‘zi sanʼatga qo‘shgan ulkan hissasi uchun mukofot topshirgan[2]. Vafotidan soʻng „Buyuk xizmatlari uchun ordeni“ bilan mukofotlangan (2001)[3]. Tamaraxonim 1941-yilda Ikkinchi darajali Stalin mukofoti laureati boʻlgan. Shuningdek, Tamaraxonimni „sharq Aysadora Dunkani“deb nomlashgan. Toshkent shahri koʻchalaridan biri (oʻzi yashagan koʻcha)ga Tamaraxonim nomi berilgan. Toshkentda Tamaraxonim uy muzeyi faoliyat koʻrsatmoqda[4].

Vafoti

tahrir

Tamaraxonim 1991-yil Toshkentda vafot etgan. 1991-yil 28-iyunida tobi qochgani uchun kasalxonaga yotqizilgan. Xonim aorta tomiri yorilib, kuchli qon ketishi natijasida hushini yo‘qotadi va olamdan koʻz yumadi[4]. 1991-yil 2-iyul kuni rasmiy matbuotda O‘zbekiston rahbariyati, xususan, Oʻzbekistonning birinchi prezident Islom Karimov nomidan Tamaraxonim vafoti munosabati bilan taʼziya eʼlon qilingan[5].

Yana qarang

tahrir

Tamaraxonim memorial muzeyi

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 1,2 „Sharqning ilk qaldirg‘ochi“ (2 aprel 2023). Qaraldi: 7-iyun 2023-yil.
  2. 2,0 2,1 2,2 „Tamara xonum“. Qaraldi: 2023-yil 7-iyun.
  3. "Tamaraxonim" OʻzME. T-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  4. 4,0 4,1 „Sharqning ilk qaldirg‘ochi. Tamaraxonimning uy-muzeyi“ (2-aprel 2023). Qaraldi: 7-iyun 2023.
  5. „Tamara Khanum obituary“. Qaraldi: 7-iyun 2023-yil.

Havolalar

tahrir