Georgiy Brim
Georgiy Robertovich Brim (1935-yil 18-sentyabr, Kirovka qishlogʻi, Agstafa viloyati, Ozarbayjon – 1999-yil 8-mart, Germaniya, Landshut shahri) – sovet teatr rassomi, qoʻshiqchi, o'qituvchi, professor. Adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi SSSR Davlat mukofoti laureati (1977). Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan artist (1977). Hamza nomidagi Oʻzbekiston SSR Davlat mukofoti laureati (1989). 1970-yildan SSSR Rassomlar uyushmasi aʼzosi. 1997-yildan Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi rassomlar ijodiy uyushmasi aʼzosi[1].
Georgiy Brim | |
---|---|
Tavalludi |
18-sentyabr 1935-yil |
Vafoti |
19-may 1999-yil Landshut, Bavariya, Germaniya |
Fuqaroligi | SSSR Oʻzbekiston |
Biografiyasi
tahrirGeorgiy Robertovich, nemis, 1935-yil 18-sentyabrda Kirovka qishlogʻida dehqon oilasida tavallud topgan. Otasi Brim Robert (1911–1945), onasi Brim (qizlik familiyasi Shilling) Ida (1914–2009). Oilaning asosiy mashgʻuloti dehqonchilik, bog'dorchilik va uzumchilik edi.
Ulugʻ Vatan urushi boshlanishi bilan (1941) Brimlar oilasi, koʻplab sovet nemislari singari, Sharqiy Qozogʻiston viloyatiga deportatsiya qilingan. Nemislarning SSSRga deportatsiyasi Rossiyaning yevropa qismi va Kavkazortida yashovchi deyarli butun nemis aholisiga taʼsir koʻrsatdi. Ota-onalarni Mehnat armiyasiga surgun qilishgan. Georgiyniing otasi Kopeysk shahridagi konlarda ishlash uchun Uralga yuborilgan, onasi Sizran shahrida temir yoʻllar qurish sanoatiga, soʻngra Krasnovodsk shahriga safarbar qilingan. Bolalari Georgiy (6 yosh) va uning ukasi Frants (8 yosh) qarindoshlari qaramogʻida qolgan. Ular 1942-yildan 1946-yilgacha Qozogʻistonning kolxoz dalalarida yer haydab, hosil yigʻib mehnat qilishgan[2].
Brim Robert 1945-yilda shaxtada vafot etgan. 1946-yilda Idaga farzandlari bilan uchrashishga ruxsat berilgan.
Georgiy ilk bor 11 yoshida 1-sinfda maktabga borgan (Krasnovodsk 1946). Shuningdek, Pionerlar uyidagi tasviriy sanʼat studiyasida oʻqigan. 7-sinfdan boshlab kechki maktabda traktorchi boʻlib ishlagan. 1952-yilda 16 yoshga toʻlgach, NKVDda (SSSR ichki ishlar xalq kommisarligi) nemis sifatida maxsus aholi punktida roʻyxatga olingan va oʻsha paytda oʻzi haqida NKVDga xabar berishga majbur boʻlgan (1952–1955). Kechki maktabning 7-sinfini tugatgach (1953) NKVDdan TSSR Ashxobod shahar rassomlik bilim yurtiga oʻqishga kirishga ruxsat olgan.
Faoliyati
tahrirBrim 1967-yil Toshkent sanʼat institutini tugatgan. Shu institutda oʻqituvchi (1967–1989), kafedra mudiri (1989–1998) lavozimlarida faoliyat yuritgan. 1967—1968-yillarda Hamza teatrida rassom, bosh rassom (1968–1986), 1987–1998-yillarda Abror Hidoyatov nomidagi drama teatrida bosh rassom boʻlgan. Brim ijodi oʻziga xos uslubi, asar mazmuni va gʻoyasini ochishga xizmat qiladigan sahna bezaklari, libos eskizlari yaratishi bilan diqqatga sazovor edi. Hamzaning „Boy ila xizmatchi“ asari asosida yaratilgan spektakllarni badiiy usulda bezagan (Ashxobod, 1966; Toshkentdagi Hamza teatri, 1969; Qoʻqon teatri, 1974; Bolgariya Xalq Respublikasi, 1974). Hamza („Shoh Edip“, 1971; „Kelinlar qoʻzgʻoloni“, 1976; „Qaroqchilar“, 1978; „Ibn Sino“, 1980; „Zebunniso“, 1984 va boshqalar), Navoiy („Boʻron“, 1980; „Maysaraning ishi“, 1988 operalari) va A. Hidoyatov nomidagi („Maysaraning ishi“, 1988; „Paranji sirlari“, 1989; „Qora kamar“, 1989 va boshqalar) teatrlar spektakllarining tasviriy obrazini yaratgan. Georgiy 1989-yilda Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati boʻlgan[3].
Manbalar
tahrir- ↑ „ГЕОРГИЙ БРИМ“. Qaraldi: 2023-yil 30-noyabr.
- ↑ „Брим Георгий Робертович (1935–1999)“. Qaraldi: 2023-yil 30-noyabr.
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |