Gidrotermal konlar (gidro - suv va yun. therme —issiq, qaynoq) — Yer qaʼrida harakatlanadigan qaynoq suvli eritmalarning choʻkmasidan hosil boʻlgan foydali qazilma konlarining yirik guruhi. Gidrotermal eritmalardagi suv manbai 4 guruhga boʻlinadi: 1) magmatik suv —magma soviyotganda va undan togʻ jinslari kristallanayotganda ajralib chiqadi; 2) metamorfik suv — Yer poʻstining chuqur zonalarida tarkibida suv mavjud boʻlgan minerallarning qayta kristallanishidan hosil boʻladi; 3) dengiz choʻkindi jinslari gʻovaklarida saqlangan va Yer poʻstidagi siljishlar yoki ichki temperatura taʼsiridan harakatlanadigan suv; 4) oʻzidan suv oʻtkazuvchi jinslar orqali Yerning chuqur qismlariga yetib boradigan meteor suv. Eritmadagi mineral moddalarning choʻkishidan shakllangan G.k. soviyotgan magmadan ajralishi mumkin. Qaynoq suvli eritmalar turli kimyoviy elementlar (uchuvchan komponentlar)ga boy. Bu eritmalarning dastlabki temperaturasi 700—600° boʻlib, asta-sekin soviydi va 50—20° gacha pasayadi. Koʻpincha Gidrotermal konlarda eng koʻp ruda hosil boʻlishi 400-100° intervalda sodir boʻladi. Bu eritmalar asosan yoriqlar boʻylab harakat qiladi. Yer yuziga chiqish paytida ulardagi bosim va temperatura pasayib, togʻ jinslarining boʻshliq va darzliklarida turli minerallar kristallanadi. Eritmalar baʼzan oʻzida ohaktosh, dolomit va b.ni eritib, qayta kristallanib, tomirsimon yoki qatlamsimon Gidrotermal konlar hosil qiladi. Rudaga boy qaynoq eritmalar togʻ jinslari bilan reaksiyaga kirishib, ularni oʻzgartiradi. Gidrotermal konlarning koʻpchiligi antiklinal burmalarning gumbaz qismidan kesib oʻtgan yoriqlarda joylashadi. Yoriqlarning qaynoq eritmalar bilan toʻlishi natijasida ularga moslashgan shakli va hajmi turlicha Gidrotermal konlar hosil boʻladi. Gidrotermal konlarning shakli va hajmi ular joylashgan togʻ jinslarining tarkibi, strukturasi va yotish holatiga bogʻliq; koʻpincha tomir, shtokverk qatlamsimon va notoʻgʻri shaklda uchraydi. Gidrotermal konlarni sulfid, oksid, sof elementlar, volframat, karbonat va silikatlar tashkil qiladi. Gidrotermal konlarda rudali minerallar notekis tarqalgan, baʼzan faqat ogʻir metallar sulfididangina iborat. Tarkibidagi asosiy rudaning koʻpligiga qarab Gidrotermal konlarning quyidagi asosiy ruda xillari ajratiladi: 1) sulfid rudalar —mis, rux, qoʻrgʻoshin, molibden, vismut, nikel, kobalt, surma, simob konlari; 2) oksid rudalar — temir, volfram, tantal, niobiy, qalay, uran konlari uchun mansub; 3) karbonat rudalar, baʼzi bir temir va marganets konlariga xos; 4) sof rudalar — oltin va kumush; 5) silikatli, nometall konlar (asbest, slyuda), shuningdek baʼzi bir nodir metall (berilliy, litiy, toriy, kamyob elementlar) konlarini hosil qiladi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Abdullayev X. M., Geneticheskaya svyaz orudeneniya s granitoidnimi intruziyami, 2 izd., M., 1954; Betehtin A. G., v sb.: Gidrotermalnie rastvori, ix priroda i protsessi rudoobrazovaniya, Osnovnie problemi v uchenii o magmatogennix rudnix mestorojdeniyax, 2 izd., M., 1955; Hamrabayev I. X., Magmatizm i postmagmaticheskiye protsessi v Zapadnom Oʻzbekistane, T., 1958.