Giulio Andreotti

Italiyaning 41-bosh vaziri, italiyalik siyosatchi

Giulio Andreotti (1919-yil 14-yanvar Rim, Italiya – 2013-yil 6-may Rim, Italiya) – Italiyaning 41-bosh vaziri, italiyalik siyosatchi.

Giulio Andreotti
Italiya Bosh vaziri
Prezident Giovanni Leone
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1919-yil 14-yanvar
Rim, Italiya
Vafoti 2013-yil 6-may

Faoliyati

tahrir

Dastlab, Andreotti Italiyadagi Rome La Sapienza universitetida tahsil olgan. 1972—1973, 1976—1979 va 1989—1992-yillarda Italiyaning Bosh vaziri lavozimida faoliyat yuritgan[1]. 1968-1972-yillarda Deputatlar palatasida Xristian-demokratik partiya fraksiyasining raisi vazifasida faoliyatini davom ettirgan. 1995-yili mafiya bilan aloqadorlikda ayblanib, sudga hukm qilingan. 1946-yili saylangan Taʼsis majlisi aʼzosi sifatida Giulio bosh vazir kotibi lavozimini egallagan va 1953-yilga qadar shu vazifada qolgan[2][3][4].

Andreotti Vatikan va kapitalistik tuzumni qoʻllab-quvvatlagan. Shuningdek, u Italiya kommunistik partiyasiga qarshi chiqqan. Kuchli iqtisodiyotga ega Yevropa hamjamiyati rivojlanishining tarafdori boʻlgan. Andreotti Italiya Bosh vaziri lavozimiga 7 marta saylangan. Maʼlumoti boʻyicha huquqshunos boʻlsa-da, faoliyatini jurnalistikadan boshlagan. Uning muallifligi ostida „Tarixni yaratuvchilar bilan uchrashuv“ nomli kitob chop etilgan. Bu kitobda u Misr qiroli Farruxdan tortib, Margaret Thatchergacha hikoya qilgan[5].

Davlat arboblari qatorida eng yuqori darajaga ega boʻlgan Andreotti jinoiy taʼqibga uchragan va Cosa Nostra bilan hamkorlik qilishda ayblangan. 1980-yilda ayblovning nohaqligini isbotlashga muvaffaq boʻlgan[6].

Andreotti iqtisodiy inqiroz bilan kurashgan, koʻpgina italyanlarning hashamatli turmush tarzini tanqid qilib, qattiq choralar koʻrishga harakat qilgan. Andreotti bir oz vaqtdan soʻng Italiyadagi eng obroʻli siyosiy partiya boʻlgan Xristian-demokratlarning parlament fraksiyasiga rahbarlik qilgan, 1972-yili esa birinchi bor mamlakat hukumatini boshqargan. Tez-tez roʻy beruvchi hukumat inqirozlari Italiyaning urushdan keyingi yillardagi siyosiy anʼanasiga aylangan. Urushdan keyingi 60 yil ichida qariyb 50 marta hukumat inqirozi roʻy bergan. Andreotti bir necha bor tashqi ishlar vaziri, ichki ishlar vaziri, iqtisodiy rejalashtirish vaziri va bosh vazir lavozimlarida faoliyat yuritgan. Rimliklar Andreottini „qari tulki“ deb atashgan. Keyinchalik, 1974-yil 23-noyabrdan 1976-yil 28-iyulga qadar davlatning iqtisodiyoti, ichki va tashqi savdo munosabatlari boʻyicha turli xil dasturlar yaratgan. 1983—1989-yillarda Italiya Tashqi ishlar vazirligida faoliyat yuritgan. 1991-yilda prezident Francesco Cossiga tomonidan senator etib saylangan va 2013-yilga qadar shu lavozimda qolgan.

1999-yilning mart oyida Sitsiliyaning poytaxti Palermoda sud boʻlib oʻtgan. Prokuror „siyosiy obroʻsidan mafiyaga yordam berish uchun foydalanganligi va undan pul hamda boshqa turdagi minnatdorchiliklar qabul qilganligi“ uchun 80 yoshli siyosatchiga oʻn besh yillik qamoq jazosini talab qilgan. Andreotti oʻziga qoʻyilgan ayblarni mutlaqo rad etgan. U sud maslahatchilari oldida oʻzini himoya qiluvchi nutq soʻzlagan, prokuror esa ayblanuvchining aybini toʻlaligicha isbot qilib bera olmagan. Natijada 1999-yil 23-oktyabr kuni sud Giulio Andreottidan mafiyaga aloqadorlik haqidagi ayblovni olib tashlagan va u Italiya Senatining umrbod aʼzosi sifatida siyosiy mavqeini saqlab qolgan[7].

Shaxsiy hayoti

tahrir

1945-yil 16-aprel kuni Andreotti Livia Danese bilan turmush qurgan[8], ularning ikki nafar oʻgʻil va ikki nafar qiz farzadlari bor; Lamberto, Marilena, Stefano va Serena.

Vafoti

tahrir

Andreotti 2013-yil 6-may sanasida vafot etdi. Italiya siyosati tarixida hech kim u kabi uzoq muddat bosh vazirlik faoliyatini yuritmagan[9]. The New York Times nashriyoti siyosatshunos Andreottining butun hayoti davomidagi faoliyati, shuningdek, vafoti haqida maʼlumot bergan [10].

Manbalar

tahrir
  1. „Giulio Andreotti (XVII Legislatura), Dati anagrafici e incarichi“ (it). Senate of the Republic (Italy). Qaraldi: 2013-yil 6-may.
  2. Sassoon, Donald. „Giulio Andreotti obituary“. The Guardian (2013-yil 6-may). Qaraldi: 2019-yil 4-yanvar.
  3. „Andreotti, the 'Beelzebub' of Italian politics, dies at 94“. France 24. Agence France-Presse (2013-yil 6-may). Qaraldi: 2022-yil 4-fevral.
  4. Cornwell, Rupert. „Giulio Andreotti: Politician who dominated the Italian scene for more than half century“. The Independent (2013-yil 7-may). Qaraldi: 2019-yil 4-yanvar.
  5. Irving, R. E. M. (July 1976). "Italy's Christian Democrats and European Integration". International Affairs 52 (3): 400–416. doi:10.2307/2616553. https://archive.org/details/sim_international-affairs_1976-07_52_3/page/400. 
  6. Mascali, Antonella. „Andreotti morto, il tribunale disse: 'Ebbe rapporti organici con la mafia'“ (it). Il Fatto Quotidiano (2013-yil 6-may). Qaraldi: 2019-yil 4-yanvar. „The court recognized him guilty of mafia-related crimes until at least 1980, but there was no proof of his relationship with organized crime after 1980.“.
  7. „XX asr: taqdirlarda aks etgan tarix (Shuhrat Ergashev)“. kitobxon.com. 2024-yil 20-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 19-iyul.
  8. Rizzo. „Morta Livia Danese la vedova di Giulio Andreotti funerali il 31 luglio a Roma“ (it). NewsItaliane.it (2015-yil 31-iyul). 2015-yil 1-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 4-yanvar.
  9. „Giulio Andreotti: Ex-Italian prime minister dies“. BBC News (2013-yil 6-may). Qaraldi: 2013-yil 6-may.
  10. Tagliabue, John. „Giulio Andreotti, Premier of Italy 7 Times, Dies at 94“. The New York Times (2013-yil 6-may). Qaraldi: 2013-yil 6-may.