Good Will Hunting
Good Will Hunting (oʻzbekcha: Oqil Uill Hanting) — rejissor Gus Van Sant tomonidan 1997-yilda suratga olingan, psixologik drama janridagi amerika filmi.
Good Will Hunting | |
---|---|
Rejissyor(lar) | Gus Van Sant |
Prodyuser(lar) | Lawrence Bender |
Ssenariynavis(lar) | |
Rollarda |
|
Bastakor(lar) | Danny Elfman |
Kinematografiya | Jean-Yves Escoffier |
Muharrir(lar) | Pietro Scalia |
Distribyutor | Miramax Films[1] |
Chiqarilgan sanasi | 2-dekabr, 1997 |
Davomiyligi | 126 daqiqa[1] |
Mamlakat | AQSh |
Til | inglizcha |
Byudjeti | $10 million[2] |
Filmda Robin Williams, Matt Damon, Ben Affleck, Minnie Driver va Stellan Skarsgardlar rol ijro etishgan. Ssenariy mualliflari Affleck va Damon tomonidan yozilgan kinokartina Janubiy Bostonda yashovchi 20 yoshli farrosh va bir vaqtning oʻzida matematik iqtidor sohibi Will Hunting (Damon) hamda uning hayot yoʻlini tanlab olish urinishlari haqida hikoya qiladi.
Film tanqidchilarning, asosan, ijobiy fikr-mulohazalarini olgan va $10 million byudjet sarflangan holda $225 million toʻplagan.
Kinokartina AQSh Kinoakademiyasi Mukofotining 70-marosimida 9 nominatsiyada (ular orasida Eng yaxshi film va Eng yaxshi rejissor nominatsiyalari ham boʻlgan) nomzod sifatida koʻrsatilgan va ikki: Ikkinchi plandagi eng yaxshi aktyor nominatsiyasi (Robin Williams) va Eng yaxshi original ssenariy nominatsiyasida (Affleck hamda Damon) zafar quchgan.
Film Allen Ginsberg va William Burroughs xotirasiga bagʻishlangan. Good Will Hunting 2014-yilda „The Hollywood Reporter“ning „100 sevimli filmlar“ roʻyxatida 53-oʻrinni band etgan boʻlsa, IMDB talqini boʻyicha 250 eng yaxshi filmlar roʻyxatiga kiradi[3].
Syujeti
tahrirWill Hunting (Matt Deymon) — matematikaning eng soʻnggi yoʻnalishlarida kashfiyotlar qilish imkonini beradigan ajoyib tugʻma iqtidor va mukammal eydetik xotiraga ega boʻlgan odam. Buning yordamida ensiklopedik bilimlarni osongina yod olib boraveradi. Ammo isteʼdod sohibining oʻzi bunga unchalik ahamiyat bermaydi: masalan, u Massachusets texnologiya institutida oddiy farrosh boʻlib ishlaydi, Bostonning janubiy okrugidagi mahallalardan birida, oddiygina yashaydi. Yaxshi tarbiya olmagan yigit sifatida oʻzini umr yoʻlini notoʻgʻri boshlaganlikda ayblab keladi va bu yashirin nafratni ham kasbiy, ham hissiy jihatdan oʻz-oʻzini sabotaj qilish shakliga aylantiradi.
Institutdagi talabalar darslarni boshlagach, semestrning ilk haftasidayoq Will algebraik graflar nazariyasi sohasi bilan bogʻliq boʻlgan, diplomli mutaxassislar darajasidagi qiyin masalani osongina yechadi. Ushbu masalani qabulxonadagi doskada Fields mukofoti sovrindori, taniqli kombinatorika bilimdoni Jerald Lambeau (Stellan Skarsgård) oʻz talabalaridan qaysidir biri semestr oxirigacha yechim topishi uchun qoldirib ketgan boʻladi. Yechim tezda topilgani va anonim tarzda qoldirilganidan Lambeau nisbatan ancha murakkab — hamkasblari bilan ikki yil davomida yechim topa olmagan masalani eʼlon qiladi. Lambeau tasodifan shu doskaga boʻr bilan yozib turgan oddiy farroshga duch kelganida, uni gʻazab bilan haydab soladi. Ammo Lambeau doska yaqiniga qaytganida hayratdan qotib qoladi: toʻgʻri javob doskada yozilgan edi. Soʻngra professor, neki boʻlmasin, Willni topishga ahd qiladi.
Shu vaqtda, Will xotirlashicha, uni bolalar bogʻchasida muttasil kaltaklab kelgan bezori yigit Karmin Skarpagliadan qasos olishga muvaffaq boʻladi. Janjal ortidan Will politsiya qoʻliga tushadi va u qamoq jazosiga duch keladi. Willning salohiyatini toʻla anglagan Lambeau sudga yoʻl oladi va qamoqdan olib qolish evaziga Willga oʻzi bilan ikki shartga rioya etgan holda hamkorlik olib borishni taklif etad: Lambeauning shaxsiy nazorati ostida matematikaning professor yoʻnaltirgan sohalarini oʻrganish va haftada bir marta psixoterapiya seanslariga qatnash. Will oʻzini psixoterapevt yordamiga muhtoj deb hisoblamasa-da, qamoqqa tushmaslik uchun professorning shartlarini qabul qiladi.
Ilk besh psixolog Will bilan olib borilgan seanslardan soʻng oʻz faoliyatidan voz kechadi. Lambeau uni oʻzining koʻpyillik doʻsti va Massachusetts texnologiya institutidagi sinfdoshi Sean Maguirening (Robin Williams) yoniga olib boradi. Sean boshqa hamkasblaridan oʻzining Willga qarama-qarshi bahsga kirisha olishi va uning sarkastik himoya mexanizmlarini ocha bilishi bilan ajralib turadi. Willni ayniqsa Seanning 1975-yilda Red Socks jamoasining mashhur oltinchi oʻyiniga kirish oʻrniga barda notanish qiz (keyinchalik turmush oʻrtogʻi) bilan uchrashib, suhbatlashib qolishi haqidagi hikoyasi ayniqsa hayratga soladi. Bu hikoya Willni Harvard universiteti yaqinidagi barda uchratib qolgan Skaylar (Minnie Driver) bilan yanada yaqin aloqalar oʻrnatib koʻrishga undaydi.
Sean va Will oʻrtasidagi oddiy seanslar sekin-asta vrachning umri davomidagi kechinmalarini samimiy boʻlishishi tomon yetaklaydi. Bir vaqtning oʻzida professor Lambeau Willni ilmiy hamkorlikka chorlaydi va ish oʻrni taklifi uchun suhbatga ham taklif etadi. Will xonaga kirarkan, Lambeau va Seanning yosh shogird kelajagi toʻgʻrisida ketayotgan qizgʻin bahsi ustidan chiqib qoladi.
Stenford universitetiga oʻqishga ketayotgan Skaylar bilan munosabatlaridagi uzilish taʼsirida Will Lambeau taklif etgan ishdan voz kechadi. Huntingning ichki kechinmalari haqida suhbatdan soʻng Sean unga oʻz yoʻlini tanlab olishi uchun eshikni koʻrsatadi.
Will eng yaqin doʻsti Chakkiga (Ben Affleck) hayotining qolgan qismida qora ishchi boʻlib oʻtishni xohlashini aytadi. Biroq Chakki oʻz doʻstining iqtidori bilan tutayotgan harakatlaridan norozi boʻladi: u Willni salohiyatidan bekorga foydalanmoqchi boʻlayotganida ayblaydi. Chakki oʻzining eng katta orzusi — bu qaysidir tonglarning birida Willning eshigini taqillatib, ichkarida uning yoʻqligini sezish ekanligini aytadi.
Will yana bir bor psixoterapiya seansiga keladi va Sean ikkisi bolalik yillaridagi qattiqqoʻl munosabatning qurbonlari boʻlganini anglab yetadilar. Oxir-oqibat, Will hayoti qay tarzda kechishidan qatʼi nazar, oʻz umr yoʻli uchun mas’uliyatni qoʻlga olishi zarurligini tushunadi.
Film soʻngida Chakki, doimgidek, ishiga yoʻl-yoʻlakay Willning uyiga kirib oʻtadi. Will esa uyda emas, balki Seanga xabarnoma qoldirib, Kaliforniyaga — Skaylarning yoniga ketayotgan boʻladi.
Tasvirga olish jarayoni
tahrirFilm 1997-yilning aprel va iyun oylari oraligʻida tasvirga olingan. Koʻplab sahnalar Bostonda suratga olinishiga qaramay, Massachusetts texnologiyalar instituti va Harvard universitetini yodga soluvchi bino ichidagi sahnalar Toronto universitetida tushirilgan.
Professor Sean Maguirening xonasi Bunker Hill Community Collegedagi xonalardan birining Torontoda qurilgan bir xil koʻchirmasi sanaladi[4].
The Boston Public Gardenʼda (oʻzbekcha: Boston jamoat bogʻi) Will va Sean oʻtirib suhbatlashgan oʻrindiqqa 2014-yilda Williamsning vafotidan soʻng abadiy xotira qoʻnimgohi maqomi berilgan[5].
Filmdan tashqari
tahrirGood Will Hunting shon-shuhrat keltirgan aktyorlar va film ssenariysi mualliflari Matt Damon hamda Ben Affleck ilk bor 1980-yillarda doʻstlashib qolishgan. Bunga har ikki aktyorning onasi sabab boʻlgan. Shu vaqtda Damon 10, Affleck esa 8 yoshda boʻlgan.
Ikki doʻst Massachusettsda, bir-biridan uncha uzoq boʻlmagan joylarda istiqomat qilgan[6].
Rollarda
tahrir- Matt Damon — Will Hunting
- Robin Williams — Sean Maguire
- Stellan Skarsgård — Jerald Lambeau
- Ben Affleck — Chucky Sullivan
- Minnie Driver — Skylar
- Casey Affleck — Morgan OʻMulley
- Cole Hauser — Billy Mac-Bride
- John Mighton — Tom
Mukofot va nominatsiyalar
tahrirMukofotlar
tahrirIkkinchi plandagi eng yaxshi aktyor — Robin Williams
Eng yaxshi original ssenariy — Matt Damon va Ben Affleck
- 1998-yil — Berlin kinofestivali
Ajoyib hissasi uchun kumush ayiq — Matt Damon
- 1998-yil — European Film Awards mukofoti
Jahon kinematografiyasiga qoʻshilgan ulkan yevropa hissasi — Stellan Skarsgård
Eng yaxshi badiiy film ssenariysi — Matt Damon va Ben Affleck
- 1997-yil — National Board of Review mukofoti
Kinematografiyaga qoʻshgan alohida hissasi uchun — Matt Damon va Ben Affleck
Nominatsiyalar
tahrir- 1998-yil — Oscar
Yilning eng yaxshi filmi — Lawrence Bender
Eng yaxshi aktyor — Matt Damon
Ikkinchi plandagi eng yaxshi aktrisa — Minnie Driver
Eng yaxshi rejissor — Gus Van Sant
Eng yaxshi qoʻshiq — Elliott Smith (Miss Misery)
Eng yaxshi musiqa — Danny Elfman
Eng yaxshi montaj — Pietro Scalia
- 1998-yil — Berlin kinofestivali
„Oltin ayiq“ — Gus Van Sant
- 1998-yil — "Oltin globus" mukofoti
Eng yaxshi film (drama)
Eng yaxshi drama aktyori — Matt Damon
Ikkinchi plandagi eng yaxshi aktyor — Robin Williams
- 1998-yil — Amerika rejissorlar Gildiyasi mukofoti
Buyuk rejissorlik hissasi uchun — Gus Van Sant
- 1998-yil — Amerika ssenariynavislar Gildiyasi mukofoti
Eng yaxshi original ssenariy — Matt Damon va Ben Affleck
Fikr va munosabatlar
tahrirRotten Tomatoes agregator veb-saytida film 81 ta tanqidiy sharh asosida 98 % reytingga ega boʻlib, oʻrtacha 10dan 8 ballga ega[7]. Metacritic saytidagi 28 ta sharh asosida filmga 100 balldan 70 ball berilgan[8].
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 „Good Will Hunting (1997)“. AFI Catalog of Feature Films. 19-yanvar 2018-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 19-yanvar 2018-yil.
- ↑ „Good Will Hunting (1997) - Financial Information“. The Numbers. 10-aprel 2016-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 17-aprel 2016-yil.
- ↑ https://www.imdb.com/chart/top/
- ↑ http://archive.boston.com/yourtown/boston/southboston/gallery/good_will_hunting_15_years_later?pg=21
- ↑ http://archive.boston.com/news/2014/08/12/good-will-hunting-bench-boston-public-garden-becomes-robin-williams-memorial/9NupwfvGMPMUolDr9IpsYL/story.html[sayt ishlamaydi]
- ↑ https://www.buzzfeednews.com/article/ellendurney/ben-affleck-matt-damon-good-will-hunting-killed-friendship
- ↑ https://www.rottentomatoes.com/m/good_will_hunting
- ↑ https://www.metacritic.com/movie/good-will-hunting