Hasharotxoʻrlar (Insectivora) — sut emizuvchilar turkumi. Eng qadimgi va tuban tuzilgan yoʻldoshlilar. Boʻr davrida paydo boʻlgan. Hasharotxo'rlar barcha yoʻldoshlilarning ajdodlari boʻlishi ham mumkin. Koʻpchilik Hasharotxo'rlar besh barmoqda, tovonda yuradi. Tishlari yaxshi ixtisoslashmagan, bosh miyasining hidlov boʻlaklari kuchli rivojlangan. 6 oilasi: tipratikanlar, tenreklar, tilla krotlar, yoriqtishlilar, yerqazarlar, sakrovchilar mavjud. Ayrim zoologlar vixuxolsimonlar, vidrasimon yerqazarlar, tupayyasimonlarni ham ana shu turkumga kiritishadi. Avstraliya, Janubiy Amerikaning koʻp qismi, Antarktida va Grenlandiyadan tashqari barcha qitʼalarda tarqalgan. Oʻzbekistonda tipratikanlar va yerqazarlar oilalariga mansub 6 turi: qora ignali tipratikan, quloqdor tipratikan, mitti oqtish, ola putarak, kichik oqtish, oq qorin oqtish tarqalgan. Koʻpchilik Hasharotxo'rlar shomda faollashadi. Hasharotxo'rlar oʻrmon xoʻjaligiga ziyon keltiradigan umurtqasiz hayvonlarni qirib foyda keltiradi. Ayrim turlari ovlanadi. 8 turi Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan.