Haydar Muhammad
Haydar Muhammad (1936-yil 22-yanvar Toshkent — 2022-yil 9-oktyabr, shu yerda) — Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir va dramaturg, „Doʻstlik“ ordeni sohibi[1][2].
Haydar Muhammad | |
---|---|
Tavalludi |
22-yanvar 1936-yil |
Vafoti |
9-oktyabr 2022-yil (86 yoshda) Toshkent, Oʻzbekiston |
Mukofotlari |
Taʼlim
tahrirNizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining kechki filologiya boʻlimini tugatgan (1966)[3].
Faoliyati
tahrirOʻzbekiston teleradiosida muharrir (1965-1976), Madaniyat ishlari vazirligida masʼul vazifalarni (1976-1980) bajargan. Koʻp yillar Hamza nomli Akademik drama teatrida adabiy emakdosh vazifasida xizmat qilgan.
Asarlari
tahrirUning birinchi sheʼriy toʻplami „Koʻnglim mening“ nomi bilan 1975-yilda nashr boʻlgan. Shundan soʻng „Olchamning tugʻilgan kuni“ (1978), „Yoʻllaringga mushtoqman“ (1979), „Ipak gilamlar“ (1990), „Hazilkash shoh“ (Saylanma, 1994) kabi sheʼriy va dramatik asarlari, toʻplamlari chop etilgan. Haydar Muhammad musiqa janrining juda koʻp turlari uchun sheʼrlar yozgan, „Shoir ovozi“ dostoni (Sayfi Jalil musiqasi), „Yoshligim“ syuitasi (D. Zokirov), „Mening oppoq qoʻshigʻim“ kabi turkumlari (Bahrillo Lutfullayev musiqasi) shular jumlasidandir. Uning „Toshkentning nozanin malikasi“ (Manas Leviyev musiqasi), „Koʻngil — chinni piyola“ (1987, Komil Kenjayev musiqasi), „Kuyovlar konkursi“ (1991, R. Azizxoʻjayev bilan T. Hasanov musiqasi), „Har kimki vafo qilsa…“ (1994, Bobur haqida. A. Ismoilov, S. Hayitboyev musiqasi) kabi musiqali drama va komediyalari tomoshabinlarga manzur boʻlgan. Haydar Muhammadning "Xotinlar „gap“idan chiqqan hangoma" (1990), "Sabʼai sayyor" (1991, Navoiy dostoni asosida), „Hazilkash shoh“ (1994), „Sehrgar va ayyor“ (1994), „Jinoyat ustida ushlansin“ (1996), „Elyor botir“ (1985) kabi drama va komediyalari Hamza nomidagi Oʻzbek Davlat akademik drama teatri, Muqimiy nomli respublika musiqali teatri, viloyat teatrlarida sahnalashtirilgan. „Toshkentning nozanin malikasi“, „Koʻngil — chinni piyola“, „Kuyovlar konkursi“ asarlari esa Tojikiston, Qirgʻiziston teatrlarida ham sahna yuzini koʻrgan. "Xotinlar „gap“idan chiqqan hangoma" komediyasi asosida suratga olingan „Temir erkak“ filmi respublikamizda eng koʻp tomoshabin koʻrgan asarlardan biridir. Haydar Muhammadning qator latifa, intermediya, hajviy hikoyalari „Mushtum“ jurnali va gazetalarida chop etilib, „Tabassum“ radiostudiyasi hamda televizion miniatyuralar teatrida foydalanib kelinadi. Respublikamiz xalq teatrlari adibning „Ipak gilamlar“, „Navoiy bir kuni“, „Ulugʻbek sharofati“, "Beruniyning baxt eshigi", „Sevgi jazavasi“, "Sobir Rahimov va xoin", „Chiroyli ayolning iltimosi“ kabi asarlarini ham sahnalashtirgan. Haydar Muhammad tarjimasida ozarboyjon dramaturgi Anorning „Zanjir yoki qiyofalar“ (Muqimiy teatri), turkman dramaturgi H. Muxtorning „Nevarali kelin“ (Samarqandagi H. Olimjon nomli teatr), boshqird dramaturgi Farid Bogdanovning „Tungi mehmon“ (Hamza nomli oʻzbek Davlat akademik drama teatri) kabi asarlari oʻzbek sahnasiga chiqqan.
Manbalar
tahrir- ↑ „Oʻzbekistonda taniqli shoir va dramaturg Haydar Muhammad vafot etdi“ (oʻzbekcha). Daryo.uz. Qaraldi: 20-noyabr.
- ↑ „„Xalq so‘zi" gazetasi 2014-yil 23-avgust soni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 22-avgustdagi "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma uch yilligi munosabati bilan Fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, adabiyot, madaniyat, san’at, ma’naviyat va ma’rifat, ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida» gi farmon“ (http://press.natlib.uz/).
- ↑ https://milliycha.uz/haydar-muhammad-1936/