Quddus, Iyerusalim (ivritcha: יְרוּשָׁלַיִם Yerushalayim; arabcha: القُدس‎ al-Quds, ‎ossuriylarning mixxat yozuvlarida Ursalimmu; qadimgi Misr yozuvlarida Urusalim, Markaziy Osiyoda Quddusi Sharif nomi bilan maʼlum) – Isroildagi shahar. Oʻrtayer va Oʻlik dengizlari orasida, Yahudiya yassitog'ligida joylashgan. Dunyodagi eng qadimiy shaharlardan biri hisoblanib, eng asosiy uch Ibrohimiy dinlar – Iudaizm, Xristianlik va Islomda muqaddas hisoblanadi. Isroil davlati va Falastin davlati shaharni oʻz poytaxtlari deb eʼlon qilgan. Shaharda Isroilning bosh hukumat muassasalari joylashgan, Falastin davlati esa shaharni oʻzining nihoyadagi poytaxti sifatida koʻradi. Ushbu daʼvolarning ikkisi ham jahon hamjamiyati tomonidan umum-eʼtirof etilmagan.[1]

Quddus

Iyerusalim (יְרוּשָׁלַיִם)
Poytaxt
Skyline of Quddus
31°47′0″N 35°13′0″E / 31.78333°N 35.21667°E / 31.78333; 35.21667
Mamlakat Isroil
Tuman Iyerusalim
Hukumat
 • Mer Moshe Lion
Asos solingan M. avv. 3000-2800 (Gihon bulog'i manzilgohi)
Maydon 125.156 km2 (48.323 kv mi)
Metr 754 m
Rasmiy til(lar)i Ivrit, arab tili
Aholisi
 (2022)
981,711
Zichligi 7,800 kishi/km2
Vaqt mintaqasi

UTC+02:00

UTC+03:00
Telefon kodi +972-2
Pochta indeks(lar)i 9XXXXXX
Quddus xaritada
Quddus
Quddus

Oʻzining uzoq tarixi davomida Iyerusalim kamida ikki marotaba vayron etilgan, 23 marotaba qamal qilingan, 44 marotaba bosib olingan va 52 marotaba dushman hujumiga uchragan. Shaharning Dovud shahri deb ataluvchi qismida dastlabki inson manzilgohlari alomatlari koʻchmanchi chorvadorlar qoʻnalgʻasi sifatida m. avv. 4 mingyillikka borib taqaladi. Kanʼon davrida (m. avv. XIV asr) Iyerusalim Qadimgi Misr lavhalarida Urusalim deb nomlanib, bu nom Kanʼon xudolaridan boʻlmish Shalem sharafiga „Shalom shahri“ nomi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Isroil podsholigi davrida shaharda m. avv. X asrda (II Temir davri) keng ko'lamli qurilish ishlari olib boriladi va m. av. IX asrga kelib shahar Yahudiya podsholigining diniy va maʼmuriy markaziga aylanadi.[2][3] 1538-yilda Usmonli sulton Sulaymon davrida soʻnggi marotaba shahar devorlari qayta quriladi. Bugungi kunda bu devor Eski shaharni ajratib turadi va u toʻrt kvartalga – armani, nasroniy, yahudiy va musulmon kvartallariga boʻlingan.[4] Eski shahar 1981-yilda UNESCO Jahon meʼroslari roʻyxatiga kiritilgan va 1982-yilda Xatar ostidagii Jahon meʼroslari roʻyxatiga kiritilgan.1860-yildan buyon Iyerusalim eski shahar devorlaridan tashqariga chiqib, misli koʻrilmagan darajada kengaydi. 2022-yilda Iyerusalim aholisi 971,100 kishini tashkil qilib, ularning salkam 60% ni yahudiylar, 40% ni esa falastinliklar tashkil qildi. 2020-yilda esa shahar aholisi 951,100 kishini tashkil qilib, ulardan 570,100 (59.9%) ni yahudiylar, 353,800 (37.2%)ni musulmonlar, 16,300 (1.7%)ni nasroniylar tashkil qilgan.

Yahudiy Bibliyasiga koʻra podsho Dovud shaharni Yebusiylardan tortib olgan va unii Isroil podsholigining poytaxtiga aylantirgan. Uning oʻgʻli va vorisi podsho Sulaymon davrida Birinchi Ibodatxona barpo etilgan. Zamonaviy olimlar fikricha isroilliklar avvaliga oʻziga xos monolatrik – keyinchalik El/Yahve eʼtiqodiga asoslangan monoteistik dinning rivojlanishi bilan Kanʼondagi boshqa xalqlardan ajralib chiqa boshlashgan. M. avv. I mingyillik boʻsagʻasida sodir boʻlgan uchbu hodisalar yahudiy xalqi uchun markaziy ahamiyatga ega hodisalar hisoblanadi. Muqaddas shahar nomi (Ivrit: עיר הקודש, lotincha: Ir ha-Qodesh) quvgʻindan keyin ishlatiga boshlangan. Iyerusalimning Xristianlikdagi muqaddasligi Yahudiy Bibliyasining yunonchaga oʻgirilishi va uning nasroniylar tomonidan Qadimgi Ahd sifatida qabul qilinishi bilan bogʻliq boʻlib, Yangi Ahdda keltirilgan Iso Masihning oʻsha yerda xochga tortilishi va osmonga koʻtarilishi voqeasi orqali mustahkamlangan. Islomda esa Iyerusalim Makka va Madinadan keyingi uchinchi muqaddas shahar hisoblanadi. Shahar musulmonlar uchun dastlabki qibla hisoblangan, Islom taʼlimotida Muhammad 621-yilda shaharga tungi sayohat qilgani va Qur’onga koʻra Jannatga koʻtarilib, Xudo bilan soʻzlashgani hikoyasi mavjud.[5] Shu sababdan, atigi 0.9 km2 maydonga ega boʻlishiga qaramasdan, Eski shahar koʻplab diniy ahamiyatga ega manzilgohlarni oʻz ichiga oladi va ular qatoriga Ibodatxona tepaligi va uning Gʻarbiy devori, Qoya gumbazi va al-Aqso masjidi hamda Muqaddas Qabr Cherkovi kabilarni keltirish mumkin.

Bugungi kunda Iyerusalimning maqomi muammosi Isroil-Falastin nizosining eng markaziy masalalaridan biri boʻlib qolmoqda. 1947-yilgi BMT Falastinning Boʻlinishi rejasiga koʻra Iyerusalim BMT tomonidan boshqariluvchi „maxsus xalqaro rejim ostidagi corpus separatum“ sifatida belgilangan. 1948-yildagi Arab-Isroil urushi davrida Gʻarbiy Iyerusalim Isroil tomonidan anneksiya qilinadi, Sharqiy Iyerusalim, jumladan Eski shahar esa Iordaniya tomonidan egallanadi va anneksiya qilinadi. 1967-yilgi olti kunlik urush davomida Isroil Sharqiy Iyerusalimni va atrof hududlarni Iyerusalim shahri hududiga qoʻshib oldi. Isroilning Bosh qonunlaridan biri, 1980-yilgi Iyerusalim qonuni Iyerusalimni davlatning boʻlinmas poytaxti sifatida eʼlon qiladi. Isroil hukumatining barcha shaxobchalari bosh shtablari, jumladan Knesset (Isroil parlamenti), Bosh vazir va Prezident qarorgohlari va Oliy Sud qarorgohi Iyerusalimda joylashgan. Xalqaro jamoatchilik Sharqiy Iyerusalimning anneksiya qilinishini noqonuniy deb eʼlon qiladi va Sharqiy Iyerusalimni Isroil tomonidan bosib olingan Falastin hududi sifatida koʻradi.[6]

Manbalar

tahrir
  1. Borger, Julian; Beaumont, Peter. „Defiant Donald Trump confirms US will recognise Jerusalem as capital of Israel“ (en-GB). The Guardian (2017-yil 7-dekabr). Qaraldi: 2025-yil 15-fevral.
  2. Sergi, Omer. The Two Houses of Israel: State Formation and the Origins of Pan-Israelite Identity. SBL Press, 2023 — 197-bet. ISBN 978-1-62837-345-5. 
  3. Teller, Matthew „Chapter 1“, . Nine Quarters of Jerusalem: A New Biography of the Old City. Profile Books, 2022. ISBN 978-1-78283-904-0. „What wasn't corrected, though - and what, in retrospect, should have raised much more controversy than it did (it seems to have passed completely unremarked for the last 170-odd years) – was [Aldrich and Symonds's] map's labelling. Because here, newly arcing across the familiar quadrilateral of Jerusalem, are four double labels in bold capitals. At top left Haret En-Nassara and, beneath it, Christian Quarter; at bottom left Haret El-Arman and Armenian Quarter; at bottom centre Haret El-Yehud and Jews' Quarter; and at top right – the big innovation, covering perhaps half the city – Haret El-Muslimin and Mohammedan Quarter, had shown this before. Every map has shown it since. The idea, in 1841, of a Mohammedan (that is, Muslim) quarter of Jerusalem is bizarre. It's like a Catholic quarter of Rome. A Hindu quarter of Delhi. Nobody living there would conceive of the city in such a way. At that time, and for centuries before and decades after, Jerusalem was, if the term means anything at all, a Muslim city. Many people identified in other ways, but large numbers of Jerusalemites were Muslim and they lived all over the city. A Muslim quarter could only have been dreamt up by outsiders, searching for a handle on a place they barely understood, intent on asserting their own legitimacy among a hostile population, seeing what they wanted to see. Its only purpose could be to draw attention to what it excludes.“ 
  4. Ben-Arieh, Yehoshua. Jerusalem in the 19th Century, The Old City. Yad Izhak Ben Zvi & St. Martin's Press, 1984 — 14-bet. ISBN 978-0-312-44187-6. 
  5. Buchanan, Allen. States, Nations, and Borders: The Ethics of Making Boundaries. Cambridge University Press, 2004. ISBN 978-0-521-52575-6. 
  6. „Israel plans 1,300 East Jerusalem Jewish settler homes“ (en-GB). BBC News (2010-yil 8-noyabr). Qaraldi: 2025-yil 15-fevral.