Huquqiy ong
Huquqiy ong - ijtimoiy ong shakli; jamiyat aʼzolarining mavjud huquqiy munosabatlar va huquqni tushunishi, huquq-tartibot haqidagi tasavvurida oʻz aksini topadi. Huquqiy ong nafaqat amaldagi huquq, balki uning tarixi, shuningdek boshqa jamiyatlardagi voqeliklarni bilishni ham oʻz ichiga oladi. Alohida shaxs, guruh va jamiyatning Huquqiy ongi ajratib koʻrsatiladi. Huquqiy ong huquqiy mafkura va huquqiy psixologiyadan tashkil topgan. Huquqiy mafkura — har xil huquqiy hodisalar haqidagi nuqtai nazar, tushuncha, gʻoya va qarashlarning ilmiy umumlashtirilgan tizimidan iborat. Huquqiy ongning huquqiy mafkura qismida aksini topgan huquqiy hodisalar huquqqa bagʻishlangan maxsus nazariy izlanishlarda oʻz rivojini topib, ilmiy darajada anglab yetiladi. Bunday ilmiy asarlarning mazmuni odamlar maʼnaviy mulkiga aylanib, ularning ongiga aniq huquqiy bilimlarni, mulohazalarni, eʼtiqod va kayfiyatni olib kiradi. Huquqiy mafkura — shaxsning Huquqiy ongini ilmiy asosda shakllantira borib, huquqqa, odamning huquqqa boʻlgan munosabatiga hal qiluvchi taʼsir qiladi. Huquqiy psixologiya — huquqiy hodisalarni hissiyot bilan anglashdir. Odam ijtimoiy hodisalarni, jumladan, huquqiy munosabatlarni nafaqat aql bilan, balki sezgi bilan ham tushunib yetadi.
Huquqiy ong darajasi jamiyat aʼzolarining huquqiy maʼlumotlariga ham bogʻliqdir. Shunga koʻra, fuqarolarning huquqiy madaniyat darajasini koʻtarishga koʻmak beradigan huquqiy ax-borot tizimini tashkil qilishning ahamiyati katta. Huquqiy madaniyatning darajasiga qarab, Huquqiy ong 3 turga ajratiladi: oddiy, ilmiy va kasbiy. Oddiy Huquqiy ong, odatda, oʻz-oʻzidan vujudga keladi va odamning shaxsiy tajribasi, huquqiy hodisalar bilan bogʻliq boʻlgan hayotiy vaziyatlar haqidagi tushunchasi bilan belgilanadi. Bunga odamning ishga joylashuvidagi yoki oliy oʻquv yurtiga kirish qoidalari yo boʻlmasa yoʻl qoidasini buzganligi uchun javobgarligi haqidagi bilimlar misol boʻla oladi. Huquqiy ong borliq haqidagi oddiy tushunchalar chegarasida qolib ketmaydi, doimo rivojlana borib, nazariy, ilmiy tushunchaga aylanadi. Ilmiy Huquqiy ong ijtimoiy huquqiy haqiqatni u yo bu darajada toʻgʻri aks ettiruvchi bilimlar tizimini oʻz ichiga oladi. Kasbiy Huquqiy ong esa yuridik oliy oʻquv yurtlarida oʻqish natijasida shakllanadi, soʻngra, huquqiy amaliyot jarayonida sayqallanadi. Huquqiy fanlar vakillari, huquqshunos amaliyotchilar uning subʼyektlari hisoblanadi.
Huquqiy ong jamiyat hayotining ijtimoiysiyosiy sharoitlari, uning madaniyHUQUQIY, demokratik yoki avtoritar anʼanalari bilan belgilanadi.
Nurali Javliyev.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |