Ibratli oila
„Ibratli oila“ koʻkrak nishoni — davlat mukofotlaridan biridir. Ushbu mukofot O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining „Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“ 2022-yil 7-martdagi PF-87-son Farmoniga binoan farovon va barqaror oilalarning hayotiy tajribalarini ommalashtirish, oila institutini mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirishga munosib hissa qoʻshgan oilalarni ragʻbatlantirish maqsadida taʼsis etilgan.
„Ibratli oila“ koʻkrak nishoni | |
---|---|
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Turi | koʻkrak nishoni |
Kimga topshiriladi | Oʻzbekiston fuqarolari va Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin |
Taqdirlash asosi | farovon va barqaror oilalarning hayotiy tajribalarini ommalashtirish, oila institutini mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirishga munosib hissa qoʻshgani uchun |
Holati | topshiriladi |
Statistika | |
Taʼsis sanasi | 2022-yil 7-mart. |
Koʻkrak nishoni bilan farovon va barqaror oilalarning hayotiy tajribalarini ommalashtirish, oila institutini mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirishga munosib hissa qoʻshgan namunali oilalar taqdirlanadi[1], shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida istiqomat qilayotgan ibratli oilalarning vakillari – chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.
Hujjatlarni koʻrib chiqish
tahrirKoʻkrak nishoni bilan taqdirlash quyidagicha amalga oshiriladi.
- Mahallalardagi xotin-qizlar faollari oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyalari bilan birgalikda har yili 1-martga qadar koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflarni shakllantiradi va fuqarolar yigʻinlari kengashlari qarorlari asosida tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boʻlimlariga taqdim etadi.
Nomzod oila boʻyicha taqdim etilgan takliflarga ilova sifatida mazkur oila haqida maʼlumotnoma, soʻnggi uch yil davomida oila aʼzolari tomonidan oila institutini mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirish borasida amalga oshirgan ishlari aks ettirilgan tavsifnoma taqdim etiladi.
- Tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boʻlimlari „Ibratli oila“ koʻkrak nishoni uchun nomzodlarni saralash tuman (shahar) komissiyasi tomonidan har tomonlama oʻrganilishini tashkil etadi, ularning faoliyatiga oid barcha maʼlumotlarni tegishli yigʻilish qarorlari asosida har yili 15-martga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasiga, viloyatlar va Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmalariga taqdim etadi.
- Nomzod oilalarni koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflar komissiyasi tomonidan har tomonlama oʻrganilib, tegishli qaror qabul qilinadi. Mazkur taklif va qarorlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmalari tomonidan har yili 1-aprelga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasiga taqdim etiladi.
- Qoʻmita raisining buyrugʻi bilan koʻkrak nishoniga tavsiya etilgan nomzodlarni koʻrib chiqish boʻyicha doimiy komissiya tasdiqlanadi.
Komissiya tarkibiga fuqarolik jamiyati institutlari va jamoatchilik vakillari, shuningdek, davlat va jamoat arboblari kiritiladi.
- Komissiya yigʻilishida nomzodlarning tegishli hujjatlari oʻrganilib, belgilangan mezonlarga muvofiq baholanadi va har yili 15-aprelga qadar eng munosib nomzod oilalar boʻyicha yakuniy xulosa qabul qilinadi.
Talablar
tahrir-oilada va jamoat joylarida kutubxonalar tashkil etgan, oila aʼzolari ilmli, ziyoli boʻlgan, shuningdek, ilmiy darajaga ega boʻlgan, risola, kitob, qoʻllanma va asarlar yaratgan hamda ilm-fan, taʼlim, adabiyot rivojiga hissa qoʻshib kelayotgan, farzandlari turli nufuzli tanlovlar, musobaqalar, fan olimpiadalarida yuqori natijalarga erishayotgan, aholi, ayniqsa xotin-qizlarga huquqiy, maʼnaviy-axloqiy, psixologik, tibbiy maslahatlar berishda faol ishtirok etayotgan, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishda tashabbuskorlik koʻrsatayotgan oilalar;
-ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni farzandlikka, vasiylikka, homiylikka olgan, voyaga yetkazish, oʻqitish va tarbiyalashda ijobiy natijaga erishayotgan, ularning hayotda oʻz oʻrnini topishiga munosib hissa qoʻshayotgan, ijtimoiy ehtiyojmand oilalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlayotgan, aholining muammolarini aniqlash, hal etishga koʻmaklashayotgan, jamoatchilik tomonidan ijobiy tavsiflangan oilalar;
-ijodi (artist, meʼmor, rassom, haykaltarosh, amaliy bezak ustasi, dizayner, shoir, yozuvchi, bastakor, sanʼatshunos va hokazo) bilan xalq orasida tanilgan, ushbu sohada milliy va madaniy qadriyatlarni targʻib etish orqali jamiyat rivojiga hissa qoʻshayotgan, yoshlarga ijod sohasida ustozlik qilib, ularni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qilayotgan oilalar; oilaviy kulolchilik, kosibchilik, naqqoshlik, kashtachilik, chevarchilik, zargarlik va hunarmandchilikning boshqa turlari bilan shugʻullanib, uning rivojiga hissa qoʻshib kelayotgan, shogirdlar tayyorlagan oilalar;
-oilaviy sport bilan shugʻullanib, respublika va xalqaro darajadagi yutuqlarga erishgan, shogirdlar yetishtirgan, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilgan, xususan, mahallada sportning rivojlanishi va ommaviyligini oshirishga munosib hissa qoʻshib kelayotgan, jamoatchilik tomonidan ijobiy tavsiflangan oilalar;
-oila qurganiga 10 yilgacha boʻlgan, qaynona, qaynota va boshqa oila aʼzolari bilan ahil va hamjihatlikda yashab, ijtimoiy hayotning turli sohalarida yutuqlarga erishayotgan namunali yosh oilalar; oilaviy qadriyatlarni ulugʻlagan, oʻzi va farzandlari Vatan himoyasi, yurt tinchligini saqlash yoʻlida sadoqat bilan xizmat qilayotgan, uning taraqqiyotiga hissa qoʻshayotgan harbiy xizmatchilar, huquq-tartibot organlarida faoliyat yuritayotgan, jamoatchilik tomonidan ijobiy tavsiflangan oilalar;
-oilaviy tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyib, iqtisodiyotni rivojlantirishga hissa qoʻshayotgan, salmoqli darajada ish oʻrinlari yaratgan, „ustoz-shogird“ anʼanasini targʻib qilgan, innovatsion loyihalarini joriy qilib, xotin-qizlarni hamda nogironlarni ish bilan taʼminlagan, ishlab chiqarayotgan mahsulotlari mahalliy, respublika va xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan, aholini tadbirkorlikka yoʻnaltirish, milliy hunarmandchilik turlarini yoshlarga oʻrgatish, ayniqsa tomorqadan daromad topish yoʻllarini koʻrsatishda, oʻzini oʻzi band qilishda oʻrnak boʻlayotgan, jamoatchilik tomonidan ijobiy tavsiflangan oilalar;
-oila aʼzolari oʻz faoliyati davomida mahallalar va oilalarda maʼnaviy-axloqiy muhitni sogʻlomlashtirish, yoshlarni milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, xotin-qizlarning maʼnaviyatini yuksaltirish, onalik va bolalikni muhofaza qilishga munosib hissa qoʻshayotgan, sogʻlom turmush tarzini faol targʻib etib kelayotgan, xalqimiz salomatligi yoʻlida halol mehnat qilayotgan, yangicha yondashuvlari bilan jamoatchilik orasida munosib eʼtirof etilgan, oʻz faoliyatida faol va fidoyi boʻlgan, yashab turgan xonadoni va mahallasida mevali va manzarali daraxt va gul yetishtirib, koʻchat tarqatib, „Yashil makon“ yaratayotgan, hudud obodligiga yuqori eʼtibor qaratgan oilalar.
Komissiya xulosasi asosida har yili 5-mayga qadar Qoʻmita raisining koʻkrak nishoni bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi buyrugʻi chiqariladi.
Mukofotlash tartibi
tahrirKoʻkrak nishoni qoida tariqasida, oila bekasi boʻlgan ayol kishi nomiga rasmiylashtirilib beriladi.
Koʻkrak nishoni va uning guvohnomasi mukofotlangan oilalarga 15-may – Xalqaro oilalar kuni bayrami arafasida topshiriladi[2].
Koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganlar roʻyxati Qo‘mitaning rasmiy veb-saytida va boshqa ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi, taqdirlangan ibratli oilalarga bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt baravari miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti beriladi, ularning ibratli faoliyatini keng targʻib qilish maqsadida koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan oilalar yashaydigan xonadonlar va uy-joylarning kirish qismiga „Ibratli oila“ belgisi oʻrnatiladi.
Bir oila koʻkrak nishoni bilan bir marta taqdirlanadi.
Tavsifi
tahrir„Ibratli oila“ koʻkrak nishoni diametri 34 millimetrli doira shaklida boʻlib, mis qotishmasidan tayyorlanadi.
Old tomoni markaziy qismida diametri 24 millimetr boʻlgan kumush rangdagi doira ichida quyosh nurlari fonida ota va ona ikki nafar farzandini qoʻllaridan tutgan holda ibratli oila timsoli sifatida zarhal rangda aks ettirilgan.
Koʻkrak nishonining aylanasi boʻylab zarhal hoshiya bilan oʻralgan doiraning yuqori qismida balandligi 2,4 millimetr boʻlgan „IBRATLI OILA“ soʻzlari hamda oʻrtada ajratib turuvchi ikkita sakkiz qirrali yulduzning quyi qismida faxr-iftixor va sharaf maʼnolarini ifoda etuvchi ikkita dafna yaprogʻi va uning oʻrtasida mustahkam oila ramzi boʻlgan nikoh uzuklari tasvirlangan.
Orqa tomonida, aylana markazida, toʻrt qatorda harflarning balandligi 1,8 millimetr boʻlgan „Oilalarni mustahkamlashga qoʻshgan munosib hissasi uchun“ soʻzlari yozilgan.
Qalinligi – 3,5 millimetr. Tasvirlar va yozuvlar qavariqdir hamda old va orqa tomonlarining chetlari qavariq doira bilan oʻralgan. Shuningdek, halqa va ilmoqchalar yordamida toʻgʻri toʻrtburchak shaklidagi qadagʻichga ulangan.
Qadagʻichning eni – 26 millimetr, boʻyi – 17 millimetrdan iborat. Qadagʻich eni 22 millimetrli shoyi lenta bilan qoplangan boʻlib, lentaning markazidan eni 12 millimetrli yashil yoʻl oʻtgan. Uning har ikki tarafidan eni 1 millimetrli qizil, 2 millimetrli oq va 2 millimetrli koʻk rangdagi yoʻllar tushirilgan. Qadagʻichning orqa tomoniga koʻkrak nishonini kiyimga taqib qoʻyish uchun toʻgʻnogʻich koʻrinishidagi moslama oʻrnatilgan.
Manbalar
tahrir- ↑ „Ibratli oila ko'krak nishoni bilan kimlar mukofotlanadi“. Norma (06-sentyabr 2023-yil). Qaraldi: 15-sentabr 2023-yil.
- ↑ „«Ibratli oila» ko‘krak nishoni ta’sis etildi“. Kun (11-mart 2022-yil). Qaraldi: 15-sentabr 2023-yil.