Oila
Oila qon-qarindoshlik, qarindoshchilik (nikoh orqali) yoki birga istiqomat qilish orqali bogʻlangan odamlardan iborat ijtimoiy guruhdir. Koʻp jamiyatlarda oila bolalar ijtimoiylashuvi uchun asosiy institut vazifasini oʻtaydi. Antropologlar oilalarni matrilokal (ona va uning bolalari), er-xotin (bolalari boʻlsa, nuklear oila deyiladi) va qon-qarindosh (nuklear oila va qaynata-qaynana birga yashovchi) tiplarga ajratishadi.
Oila — nikoh yoki tugʻishganlikka asoslangan kichik guruh. Uning aʼzolari roʻzgʻorining birligi, oʻzaro yordami va maʼnaviy masʼuliyati bilan bir-biriga bogʻlangan. Oilaning eng muhim ijtimoiy vazifalari — inson zotini davom ettirishdan, bolalarni tarbiyalashdan, oila aʼzolarining turmush sharoitini va boʻsh vaqtini samarali uyushtirishdan iboratdir. Oilaviy munosabatlar nisbatan mustaqil hodisa sanalsa-da, jamiyatdagi mavjud ijtimoiy, iqtisodiy, mafkuraviy munosabatlar bilan belgilanadi va ular taʼsirida oʻzgarib boradi. Shunga muvofiq, har bir jamiyat oʻzgarib mos oila tipini, oilaviy munosabatlarni oʻrnatadi.
Oila jamiyat tarixida azaldan mavjud boʻlmagan. Ibtidoiy jamoa tuzumining birinchi bosqichida, kishilar toʻda-toʻda boʻlib yashayotgan davrda jinslar orasidagi munosabatlar muayyan tartib-qoidaga ega boʻlmay, toʻdadagi barcha erkaklar va ayollar bir-birlariga umumiy er-xotin hisoblangan. Tarixiy taraqqiyot jarayonida jinsiy munosabatlar asta-sekin muayyan tartibga solina boshlandi. Dastlab ota-ona bilan farzandlar, soʻngra aka-uka va opa-singillar orasidagi jinsiy munosabatlar taqiqlanib, guruhli oila paydo boʻlgan, lekin bu oilalarda hali er-xotin nikohi barqaror alohida xoʻjalikka ega boʻlmagan. Bu davrda tabiiy omil oʻz vazifasini tugalladi, yaʼni jinsiy munosabatlar doirasidan qon-qarindoshlar istisno qilindi, jinsiy munosabatlar faqat bir erkak va bir ayol munosabatiga aylandi (yana qarang: Patriarxal oila, Poliandriya, Poligamiya, Poliginiya).
Ijtimoiy ishlab chiqarish — chorvachilik va dehqonchilikning rivojlanishi bilan erkaklar mehnatining qadri oshdi, mahsulot ishlab chiqarishda ulushi ortdi, binobarin, ularning ijtimoiy mavqei ham tubdan oʻzgardi. Mavjud qoida tartiblar — farzandlarning onagagina tegishli boʻlishi, ona mulkiga merosxoʻr sanalishi erkaklarning yangi mavqeiga zid kelib qoldi. Natijada ota huquqiga asoslangan patriarxal oila vujudga keldi. Shunday qilib, hozirgi individual oilaning oʻtmishdoshi — monogam oila vujudga kelgan (qarang: Monogamiya).
Oila xalqning, jamiyatning hayoti, turmushiga oid urf-odatlarni oʻzida sinovdan oʻtkazadi. Yaxshilarini oʻz bagʻrida asrab-avaylab kelajak avlodlarga yetkazadi. Oila oʻz farzandlarini tarbiyalab, ularga umuminsoniy qadriyatlarni singdirish bilan ularga boshlangʻich ijtimoiy yoʻnalish beradi. Oʻz farzandlarini katta oqimga — jamiyatga qoʻshish bilan esa oila jamiyat yoʻnalishi, iqtisodiyoti, madaniyati va maʼrifatini ham belgilashga oʻz taʼsirini koʻrsatadi. Shuning uchun ham Sharqda oila qadim-qadimdan muqaddas qoʻrgʻon hisoblanib kelingan. Xususan, oʻzbek oilalarining serildizlik, serbutoqlik xususiyatlari hozir ham saqlanib turibdi. Oʻzbeklarda oilalarning muayyan turmush tarzi shakllanib hayotiy tajriba orttirib borishi, tejamli va sarishta roʻzgʻor tutishi, farzandlarni odobli, maʼnaviy yetuk boʻlib kamol topishida keksalar, ota-onaning roli katta. oʻzbek oilalari oʻzlarining mustahkamligi, saranjom-sarishtaligi, bolajonligi, qarindosh-qondoshlik rishtalarini hurmat qilishi, mehr-oqibatli va boshqa qadriyatlari bilan ajralib turadi (qarang Oila tarbiyasi).
Oʻzbekistonning davlat mustaqilligi tufayli xalqimizning azaliy milliy urf-odat va marosimlari qaytadan tiklana boshlandi, bu udumlar oilani mustahkamlashda muhim oʻrin egallaydi. Oʻzbekiston hukumati oila masalalariga davlat siyosati darajasida bajarilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifa sifatida qaraydi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 63-moddasiga ko'ra, oila jamiyatning asosiy boʻgʻini hisoblanadi, u jamiyat hamda davlat tomonidan muhofazada boʻlish huquqiga ega. Onalik va bolalikni muhofaza qilish boʻyicha boshqa qonuniy hujjatlar ham qabul qilinib, amaliy tadbirlar belgilangan. Jumladan, "Kam taʼminlangan oilalarni ijtimoiy himoya qilish choralari toʻgʻrisida" 1994-yil 22-avgustda farmon chiqarilib, muhtoj oilalarga moddiy va maʼnaviy yordam berishning koʻlami kengaytirildi. Oilani jamiyatning ravnaq topilishidash tutgan oʻrni va ishtirokini yanada oshirish, oilalarning huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy, maʼnaviy-axloqiy manfaatlarini va farovonligini yaxshilashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish hamda izchil taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 1998-yilni "Oila yili" deb eʼlon qildi. Shunga asosan, oila manfaatlarini taʼminlash borasidaamalga oshiriladigan tadbirlar toʻgʻrisida davlat dasturi ishlab chiqildi. Oʻzbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qoʻmitasi huzurida Respublika "Oila" ilmiy-amaliy markazi tashkil etildi. Oilaviy hayot masalalarini huquqiy tartibga solishga bagʻishlangan Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksi qabul qilingan.
Ma`lumki, jamiyatning muhim bo`g`ini bo`lgan oilalar qanchalik tinch va totuv bo`lsa, shundagina davlat tinch va barqaror ravnaq topishi mumkin. Shu jihatdan, oila qo`rg`onining mustahkamligi va unda ma`naviy jihatlarning shakllanishi hamda amalga oshirilishi muhim ahamiyatga ega. Binobarin oila deb atalmish muqaddas makonda farzandlar kamolga yetadi, ulg`ayadi. Shunday ekan, jamiyatda yuzaga kelayotgan oilalar qanchalik mustahkam qurilmoqda, poydevori chi? Darhaqiqat, oilaning barpo etilishida kimlar yoki nimalar muhim rol o`ynaydi, tashqi ta`sirlar chi? Mavjud oilalar va yangi barpo etilayotgan kichik bir oila o`z mavqeini qanchalik asramoqda? Oila – muqaddas qo`rg`on, oila – ma`naviy kamolot maskani va boshqa bir qancha so`z va iboralar bilan oilaning mavqeini belgilaymiz. Albatta, jamiyatda namunali oilalar talaygina. Namunali oila deganda, oilaviy munosabatlar ma`naviy mezonlar asosida qurilgan, yaхshi va aхloqli farzandlar tarbiyalagan, nurli, piru badavlat otaхon va onaхonalar ko`z oldimizga keladi. Ularning borligi boshqalar uchun ibrat maktabidir. Ammo, afsus, bizni o`ylantirgan masala bu – oila qo`rg`onining buzilishiga salbiy ta`sir ko`rsatayotgan bir qancha tashqi va ichki omillardir. Tashqi omil sifatida g`arbona yashash tarzining o`zlashtirilishi bo`lsa, ichki omil sifatida esa, yoshlarning oilaga ma`naviy jihatdan etarli tayyorgarlikka ega bo`lmaslik masalasidir. Ma`naviy tahdid sifatida baholanayotgan g`arbona madaniyat, g`arbona yashash, g`arbona muomala, g`arbona hayot tarzi va hokazolar bizning muqaddas qo`rg`onimizga qanchalik salbiy ta`sir ko`rsatayotganini etarli darajada o`ylab ko`rmayapmiz. Oddiy hol sifatida qabul qilayotganimiz turli filьmlar, seriallar, kliplar aslida shovqinli, jangari, toshbag`ir bir hayot tarzini bizga in`om etmayotganmikin. G`arb seriallarida kelinini erkalayotgan qaynota, turmush o`rtog`ini ochiqdan ochiq haqorat qilayotgan хotin yoki uning eriga хiyonat qilayotgan dugona, yarim yalang`och qizdan mamnun ona, oiladan хalovat topmagan farzandning giyohvand moddalarga berilishi va boshqalar bizning farzandlarimiz tarbiyasiga, oilaviy muhitning nosog`lom bo`lishiga olib kelmasmikin. Aksariyat oilalar bunday hayot tarzini qanday bo`lsa, shundayligicha o`zlashtirmoqda. Ko`p hollarda, bizning mentalitetimizga, yashash tarzimizga to`g`ri keladimi, yo`qmi, buni o`ylab ko`rmayapmiz. Natijada oilalar arzimas muammo oldida dosh berolmay, engil elpi, havoyi bir nafs qurboniga aylanishmoqda. G`arb taklif etayotgan хudbinlik, toshbag`irlik, egoizm kabi illatlarni aksariyat insonlar yashashning mazmuni sifatida olmoqda. Buning oqibatida ayol kimningdir qo`g`irchog`iga aylanmoqda, go`daklar mehrdan mosuvo holda etimlikka mahkum etilmoqda. Bu kabi misollarni yana qator keltirish mumkin. Oila tinchligiga salbiy ta`sir ko`rsatayotgan bunday muammolar aslida har bir vijdonli insonning qalb og`riqlari emasmi? Yong`in chiqsa, ho`lu quruq barobar yonadi deganlaridek, oila buzilsa, yoinki farzand aхloqsiz chiqsa, birgina inson emas, atrofdagi insonlar, boringki, butun jamiyat hayotiga, uning farovonligiga, tinchligiga rahna solingan bo`ladi. Shunday ekan, oila qo`rg`onini asrash, uning mustahkamligini ta`minlash uchun nimalarga e`tibor berish lozim. Bizningcha, hamma narsaning asosi ma`naviy etuklikka borib taqaladi. Aхloqimizga tashqi jihatlar salbiy ta`sir ko`rsatayotgan ekan, ulardan himoyalanishning yagona yo`li ham ma`naviy etuklikdir. Ma`nan etuk inson atrofdagi har bir narsaga befarq qaray olmaydi. Ma`nan boy inson g`arbona yashash, g`arbona madaniyatni qanday bo`lsa, shundayligicha o`zlashtirmaydi, aksincha o`zbekona, milliy хususiyatlarimizga uyg`unlashtiradi. Oila deb atalmish muqaddas qo`rg`onni asrab avaylashga intiladi. Oilaning bir butunligini tashkil etayotgan er va хotin ma`nan boy, aqlan kamolga etgan bo`lsa, har qanday zararli ta`sirlarni oldindan ko`radi va oilasini himoya qila oladi. Ayni paytda, farzandlar tarbiyasiga ham shu mezonlardan turib yondashadi. Oila mustahkamligini ta`minlashda tajribali, ko`pni ko`rgan otaхon va onaхonlar o`giti, purma`no nasihatlari, ularning ibratli hayot tarzi ham muhim o`rin tutadi. Shu jihatdan olganda, jamiyatda yuzaga kelayotgan yangi oilalarga ular turmushi ibrat bo`lsa, tajribasidan o`rganishsa, o`ylaymizki, oila yanada mustahkam va voyaga etayotgan farzandlar tarbiyali bo`ladi. Binobarin, oila qo`rg`oni ma`naviy yetuklik va boy tajriba asosida yanada mustahkamlanib boriladi[1][2].
Adabiyotlar
tahrir- Rizouddin ibn Faxriddin, Oila, T., 1991.
Manbalar
tahrir- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ https://religions.uz/uz/news/detail?id=276
Havolalar
tahrirVikiiqtibosda Oilaga tegishli iqtiboslar mavjud. |
- Family Research Laboratory (Wayback Machine saytida 2011-11-26 sanasida arxivlangan)(ingl.)
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |