Individuallik
Individuallik (loticha "individuum" — "boʻlinmas") — muayyan narsa va hodisa, shaxs va jonivorning oʻzigagina xos, betakror, xususiy belgilar. Belgi sifatlarining oʻziga xosligi bilan individuallik umumiylikka (individ esa umumga) qarama-qarshi qoʻyiladi. Dastlab, individuallik antik davrda atoqli yunon faylasuflari Levkipp va Demokrit tomonidan muayyan mazmun va shaklga, yaʼni oʻziga xos belgilarga ega boʻlgan narsa va hodisalarga, jumladan, atom yoki individ (yaʼni, boʻlinmas) kabilarga xos xususiyatlarni aniqlash jarayonida maʼlum boʻlgan. Qadimgi Rim faylasufi Seneka individuallik tushunchasini yanada takomillashtiradi. I. oʻziga xos xususiyatlarni va mazmunini yoʻqotmay turib, boshqa boʻlaklarga boʻlinmaydigan aniq bir narsa (mavjudot) ekanligini eʼtirof etgan. Oʻrta asrlar falsafasida individuallik inson shaxsi tushunchasini ifodalagan. XVII asrda individuallik bilan bogʻliq fikrmulohazalar nemis faylasufi Leybnits taʼlimotida atroflicha rivojlantiriladi. Individuallik nemis adibi I. V. Gyote ijodida ham oʻz ifodasini topdi. Individuallik romantizm dunyoqarashi uchun ham xos xususiyatdir.
Hozirgi individuallik tushunchasi ilm-fanda turli maʼnolarda ishlatiladi. Masalan, biologiyada I. biror organizmga xos irsiy yoki keyinchalik paydo boʻlgan xususiyatlarning oʻziga xosligidir; psixologiyada muayyan bir shaxsning fkrilashi, sezgisi, irodasi, istak va intilishi, ehtiyoji, qiziqishi, kayfiyati, hissiyoti, ahvoli, xatti-harakati, odati, mayli, qobiliyati va boshqa sifatlarini, shuningdek, mijozi va tabiatining oʻziga xosligini anglatadi. Ijtimoiy fanlarda individuallik olomonga, guruhga zid tushuncha sifatida oʻrganiladi. Adabiyotshunoslikda individuallik badiiy obrazning oʻziga xos xususiyatlari asarda qay darajada hayotiy, haqqoniy aks ettirilganini koʻrsatadigan mezon boʻlib xizmat qiladi. Badiiy asar qahramonining oʻziga xosligi uning milliyligi va qaysi ijtimoiy qatlamga mansubligini ham belgilaydi. Yozuvchining oʻziga xos tili va uslubiga xos belgilar ham individuallikni tashkil etadi[1].
Yuqorida taʼkidlanganidek, individuallik ayni bir ijodkorga, balki insonga xos shaxsiyat hisoblanadi. Maʼlum bir obyektiv fikrga oʻz subyektiv bahosini koʻrsatish. Bu koʻpincha badiiy uslubda ishlatilganda poetik individuallik yuzaga chiqadi. Yani, ijodkor oʻziga xos lugʻaviy birliklarni kiritishi, ulardan foydalanishi, his- kechinmalarini ular orqali jozibali talqin qilishidir.
Manbalar
tahrirBu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
\