Ipak qurti
Ipak qurti — hasharotlar sinfi, tangaqanotlilar turkumi tut va eman ipak qurti oilasiga kiradigan kapalaklarning qurtlik (lichinka) davri. Ipak qurtlari Bombycidae va Saturnidae oilalariga boʻlinadi. Bombycidae oilasiga xonakilashtirilgan tut ipak qurti (20 ga yaqin turi bor), Saturnidae oilasiga esa yovvoyi (eman) ipak qurtlari kiradi.
Eman ipak qurti bir yilda bir, ikki, baʼzan uch avlod beradi va eman daraxti bargi bilan oziqlanadi. Xitoy, yapon, hind eman ipak qurti turlari mavjud.
Tut ipak qurti tut bargi bilan oziqlanadi va bir yilda necha avlod berishiga qarab monvoltin (bir avlod]]), biovoltin (ikki avlod) va polivoltin (ikkitadan ortiq avlod beradigan) zotlariga boʻlinadi. Ipak qurtlari oʻz rivojlanishida tuxum, qurt, gʻumbak va kapalak bosqichlarini oʻtadi, soʻnggi kapalaklik davrida ipak qurti batamom voyaga yetgan boʻlib, urchish qobiliyatiga ega boʻladi. Uning qurtlik davri 5 yoshdan iborat. 1 yoshdan 2-yoshga oʻtishda pust tashlaydi. Ipak qurti boʻyi 1-yoshi boshida 3—4 millimetr boʻlib, 5-yoshi oxirida 85—88 millimetrga; vazni 0,0004 grammdan 3,5—5,0 grammga yetadi. Bitta qurt hayotida 20—25 gramm barg (75—80 foizini 5-yoshida) yeydi.
Ipak qurti gavdasi bosh, koʻkrak va qorin qismlaridan iborat. Qurt yoshligida uning boshi qora tusda boʻlib, yoshi kattalashib, qurt oʻsgan sari oqarib boradi va 5-yoshda qoʻngʻir-jigarrang tusga kiradi. Boshining ustki qismida moʻylov, ogʻiz va ipak chiqaruvchi naychasi, ikki yon tomonlarida koʻzlar joylashgan. Qurt boshining ostki tomonida ogʻiz boʻshligʻi va uning ikki yonida arra tishli ustki jagʻ-gʻajish organi boʻlib, shu jagʻlar vositasi bilan bargni kemiradi. Qurt koʻkrak qismi 3 boʻgʻimdan iborat, har bir boʻgʻimning ostki qismida bir juftdan oyoqchalari joylashgan. Qorin ipak kurti tanasining birmuncha uzun qismi boʻlib, 9 boʻgʻimdan iborat; 8-boʻgʻimining ust tomonida etdor chiqigʻi — pixi, 9-bugʻimida esa orqa chiqarish teshigi bor.
Ipak qurtining tanasida 9 juft nafas yoʻli — teshigi bor. Bu nafas yoʻllari birinchi koʻkrak bugʻimining hamda qorin qismidagi oldingi 8 bugʻimining yon tomonlarida tuxum shaklidagi dogʻ koʻrinishida joylashgan.
Ipak qurtiningda 8 juft oyoq boʻladi, bundan 3 jufti koʻkrak boʻgʻimlarida va 5 jufti qorin boʻgʻimlarida joylashgan.
Qurtlik davri monovoltin zotlarda 25—27 kun, bivoltin zotlarda 20 kun. Shu davrda qurt 4 marta poʻst tashlab, 5-yoshni oʻtaydi va pilla oʻrashga kirishadi. Pilla oʻrash 3 kun davom etadi. Qurt pilla ichida gʻumbakka aylanadi. Gʻumbaklik davri haroratga qarab, 2—3 hafta davom etadi. Gʻumbak tanasi duksimon boʻlib, xitin bilan qoplangan, harakatlanmaydi. Rivojlanish davom etib, gʻumbak kapalakka aylanadi.
Kapalak ogʻzidan maxsus suyuqlik chiqarib, pillaning bir uchini hoʻllaydi. Kapalak pillaning yelim moddasi erigan oʻsha joyni oyoqlari bilan soʻrib teshik ochadi va tashqariga chiqadi. Kapalak havo haroratiga qarab, 5—10 kun yashaydi. Erkak va urgʻochi kapalaklar bir-biri bilan juftlashganidan keyin urgʻochi kapalak tuxum tashlaydi
Markaziy Osiyoda
tahrirOʻzbekistonda faqat tut ipak qurti boqiladi.
Yana qarang
tahrirAdabiyot
tahrir- Rojdestvenskiy K.M., Toirov 3. T., Tut ipak qurti biologiyasi, T., 1965;
- Abduraqmonov A., Rojdestvenskiy K. M., Ipak qurti naslchiligi va urugʻchiligi, T., 1991.
- Klara Solshova, Homidiy Homid ibn Soqiy.[1]
Manbalar
tahrirBu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |