Isroiliyot
Isroiliyot (arabcha: إسرائیلیات) — islomning ko‘p qismlarida yahudiylar va nasroniylardan kirib kelgan, avvalgi ummat va nabiylarning qissalariga tegishli rivoyatlar[1]. Ularning ba’zilari zardushtiylikdan olinganligi haqida ham taxminlar mavjud[2].
Tavrot va Injildagi xabarlar qisman Qurʼonda ham kelgan. Masalan, Odam ato va uning yerga tushishi, Muso paygʻambar va uning qavmi yahudiylarga tegishli naqllar, Iso ibn Maryam va uning onasi Maryam binti Imron haqidagi rivoylatlar va hokazo. Bularning barchasi Qurʼonda vaʼz va ibrat oʻlaroq toʻliq holda bayon qilingan. Soʻngra musulmonlar shu kabi xabarlarning tafsilotlarini oldingi ummatlarning rivoyatlarida koʻrishgan va ularni oʻrganib, iqtiboslar olishgan. Qurʻonda Alloh ahli kitoblarni oʻzlariga berilgan kitoblarni oʻzgartirib yuborganlarini bir necha oʻrinlarda bildirgan boʻlsa ham musulmonlar ushbu maʼlumotlarning sahihligiga eʼtibor berishmagan. Islom paygʻambari ahli kitoblar bilan quyidagicha munosabatda boʻlishi aytgan:
Ahli kitobni tasdiqlamanglar, yongʻonchi ham qilmanglar.
Lekin musulmonlar bunga yengil qarab, maʼlumotlarni olishda eʼtiborsizlik qilishgan. Buning natijasida isroiliyot tafsir kitoblaridan talaygina joy olgan. Isroiliyotlarning masdari, asosan Abdulloh ibn Salom, Kaʼbul Ahbor (tobein), Vahb ibn Munabbah (tobein) va Abdumalik ibn Abdulaziz ibn Jurayj kabilarning nomi bilan bogʻliq[1].
Ulamolar isroiliyotni 3 qismga ajratgan:
- Maqbul xabarlar — ularning sahihligi hadislar orqali bilingan. Masalan, sobiq kitoblarda zikr qilingan Hazrati Xizrning ismi Buxoriy rivoyat qilgan hadisda ham uchraydi;
- Sukut qilinadigan xabarlar — ularning rost yoki yolgʻonligi maʼlum emas. Bu turdagi rivoyatlarni nasihat va ibrat uchun loyiq bir suratda hikoya qilish joiz hisoblanadi;
- Inkor etiladigan xabarlar — ular islomga va sogʻlom aqlga xilof hisoblanadi. Masalan, Iso ibn Maryamning xochga osilgani haqidagi rivoyat. Bu xabarlarni tasdiqlash, qabul etish, rivoyat qilish mumkin emas. Biron zarurat tufayli naql etilgan taqdirda unga izoh berishlik vojib boʻladi. Koʻpgina tafsirlar bu nosahih xabarlar tufayli ishonchlilik darajasini yoʻqotgan.
Allomalar oʻz asarlarida isroiliyotni toʻla aniqlab berganlar[1].
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 1,2 Islom ensiklopediyasi. Zuhriddin Husniddinov tahriri ostida: . Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2003 — 313-bet. ISBN 5-89890-078-0.
- ↑ Isabel Lang Intertextualität als hermeneutischer Zugang zur Auslegung des Korans: Eine Betrachtung am Beispiel der Verwendung von Israiliyyat in der Rezeption der Davidserzählung in Sure 38: 21-25 Logos Verlag Berlin GmbH, 31.12.2015 ISBN 9783832541514 p. 30 (German)